Foiz va penya hisoblash to‘xtatildi
Foiz va penya hisoblash to‘xtatildi

 

Kredit qarzdorligiga nisbatan kredit shartnomasida ko‘rsatilgan foizlar, pul majburiyatini bajarmaganlik uchun hisoblanadigan foiz va neustoyka hisoblanishi to‘xtatilmoqda. Bu haqda Oliy Sud Axborot xizmati rahbari Aziz Abidov ma’lum qildi.

 

– 2024 yil 27 fevralda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Unga ko‘ra, joriy yil 1 yanvardan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish yuzasidan sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, ushbu kreditlar bo‘yicha foizlar va neustoyka hisoblanishi to‘xtatildi.

Bu yangi tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori asosida joriy etildi.

Bunga qadar kredit tashkiloti kredit oluvchi tomonidan kreditni qaytarish intizomi buzilganda – shartnoma yoki qonunda ko‘rsatilgan holatlarda – kredit qarzdorligini muddatidan oldin undirishga haqli bo‘lgan. Kredit tashkiloti kredit qarzdorligi sud qarori bilan undirilgandan so‘ng ham kredit amalda qaytarilgungacha bo‘lgan davrlar uchun foiz va neustoyka undirish huquqiga ega bo‘lgan.

Shu sababli yangi qonun bilan Fuqarolik kodeksining 744-moddasida kredit qarzdorligiga nisbatan foiz va penyalar hisoblash bo‘yicha yangi tartib belgilandi.

Endilikda kredit bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, sud qarorida ko‘rsatilgan kredit bo‘yicha undiriladigan summaga nisbatan Fuqarolik kodeksining 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlari hamda 734-moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar, shuningdek, neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.

Yangi qonun normasi shu yil 27 fevralda qabul qilingan bo‘lsa-da, unda qonunning orqaga qaytish kuchi ham nazarda tutilgan. Gap shundaki, sud qarori bilan undirilgan asosiy kredit qarziga nisbatan foiz va neustoyka undirish 2024 yil 1 yanvaridan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq qilinadi.

Fuqarolik kodeksining 4-moddasida qonunning vaqt bo‘yicha amal qilish qoidalari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, fuqarolik qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida esa qonun u amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, faqat sud qarori bilan undirilgan summaga nisbatan foiz va neustoyka hisoblanmasligi mikroqarz munosabatlariga nisbatan tatbiq qilinmaydi.

 

Toshtemir Xudoyqulov,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 10.04.2023, №15

 

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish