Singapur orxidеyasi
Singapur orxidеyasi

 

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapur Prezidentining taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Singapurda boʻldi

Dunyo Oʻzbekistonga yangicha nigoh bilan qarashga odatlanmoqda. Bunga esa Oʻzbekistonning faol tashqi siyosati va keng koʻlamli islohotlari asos boʻlmoqda. Toʻgʻri, yangi qiyofa yaratish oson boʻlayotgani yoʻq. Yangi qiyofamizni koʻrishni xohlamaydigan “doʻst”larimiz ham yoʻq emas. Yangi qiyofamizga qiziqish ortib bormoqda. Buni davlatimiz rahbarining Singapurga taklif etilishi misolida ham koʻrib turibmiz.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapur Prezidentining taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Singapurda boʻldi. Tashrif dasturiga muvofiq, Singapur Prezidenti Halima Yaqub va mamlakat Bosh vaziri Li Syan Lun bilan oliy darajada uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi.

Yetakchilar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini har tomonlama koʻrib chiqib, ustuvor yoʻnalishlardagi aloqalar jadal surʼat bilan rivojlanib borayotganini taʼkidlashgan. Koʻplab sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun katta zaxiralar mavjudligi qayd etilgan.

Davlatimiz rahbari Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning oltita asosiy yoʻnalishini koʻrsatib oʻtdi.

Birinchi yoʻnalish inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash. Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi ishtirokida boshqaruv, shaharsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida birgalikda davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.

Ikkinchi yoʻnalish Singapurni Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilishga qaratilgan. Shu maʼnoda, muzokaralarda Singapurning yetakchi kompaniyalari ilgʻor tajribasi, zamonaviy texnologiyalari va boshqaruv usullaridan foydalangan holda Oʻzbekistonning yirik korxonalarini xususiylashtirish doirasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchinchi yoʻnalish sifatida ilgʻor “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish belgilandi. Singapurning raqamlashtirish sohasidagi yutuqlarini joriy qilish, shuningdek, ushbu mamlakatning “yashil” rivojlanish boʻyicha innovatsiyalari va texnologiyalarini qoʻllash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Toʻrtinchi yoʻnalish shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarni takomillashtirish. Shaharlarni rejalashtirish va qurilish, koʻkalamzorlashtirish, kommunal xoʻjalik sohalarida hamkorlik boʻyicha tadbirlar kelishib olindi.

Beshinchi yoʻnalish doirasida investitsiyalar va oʻzaro savdoni kengaytirish, Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qoʻshma loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Ustav kapitali 500 million dollar boʻlgan Oʻzbekiston – Singapur investitsiya kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Oltinchi yoʻnalish sifatida davlatimiz rahbari jamoat xavfsizligini taʼminlash, millatlararo totuvlikni asrash va radikalizmga qarshi kurashish borasida tajriba almashish zarurligini qayd etdi.

Muzokaralardan soʻng ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi boʻldi.

Delegatsiyalar rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida Oʻzbekiston – Singapur hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 8 ta hujjat almashildi.

 

Singapur haqida

Singapur Janubiy-sharqiy Osiyoda joylashgan davlat. Hududi 733 km2, aholisi 5 mln. 600 ming nafardan oshiqroq. Yalpi ichki mahsuloti 424 mlrd. dollardan koʻproq. Dunyodagi eng kam korrupsiyalashgan davlatlardan biri hisoblanadi.

Singapur oʻzining xususiy sektori uchun qimmatli tijorat xavfsizligini taʼminlaydigan shaffof tartibga solish muhiti va kuchli taʼminlangan mulk huquqlariga ega.

Taʼlim sohasi boʻyicha Osiyo qitʼasida birinchi oʻrinda. Biznes yuritish uchun dunyodagi eng qulay davlat. Yiliga oʻrtacha 80 mlrd. investitsiya kirib keladi.

Singapur ham Janubiy Koreya, Tayvan va Gonkong singari, “Osiyo yoʻlbarsi”, degan nomni olgan. Bu nom unga bejizga berilmagan, ular Osiyoning boshqa yirik davlatlari kabi tabiiy boylik, hudud, inson resurslariga boy boʻlmasa-da, lekin potensial oʻsishga erishishgan. Nafaqat Osiyo, balki butun dunyodagi rivojlanish bosqichini boshidan kechirayotgan davlatlar uchun namuna yaratishgan.

 

Buni qanday uddalashdi?

Singapurning bugungi taraqqiyotga erishishiga asosiy sababchilaridan biri soʻzsiz Li Kuan Yudir. Bejizga uni “Singapur moʻjizasi”ning asoschisi deyishmaydi. U boshqaruvga kelganda Singapur oʻz aholisini boqolmaydigan, boshqaruvdan ketayotganda esa dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri edi. Uning Singapur halqi oldidagi eng katta xizmati adolatli boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻygani boʻlgan.

Kuzatish va oʻrganishlarda yana bitta asosiy jihat eʼtiborni tortadi.

Bu taʼlim sohasiga juda katta eʼtibor berilishidir.

Li Kuan Yuning “umr boʻyi oʻquvchi boʻling va eng yaxshi gʻoyalarni oʻzlashtiring”, degan gapi mamlakat shioriga aylangan. Natijada taʼlim sohasiga jiddiy eʼtibor qaratilgan va malakali kadrlarning yetishib chiqishi taʼminlangan. Qolaversa, Singapur hozirgi kunda ham dunyoning nufuzli taʼlim dargohlarining bitiruvchilarini katta maosh evaziga ishga taklif qiladi.

Davlatni sohalar harakatga keltiradi, sohalarni esa institutlar nazorat qiladi, institutlarni esa shaxslar boshqaradi. Demak, taʼlimga qaratilgan eʼtibor kelajakada oʻz aksini koʻrsatadi.

 

Oʻzbekiston – Singapur aloqalari

Singapur respublikasi Oʻzbekiston mustaqilligini 1992 yil 27 dekabrda tan olgan. Diplomatik munosabatlar esa 1997 yilning 8 aprelida oʻrnatilgan. 2007 yilda Singapurda mamlakatimiz elchixonasi faoliyatini boshlagan. Ilk rasmiy tashrif 2007 yilda Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan amalga oshirilgan.

Parlamentlararo munosabatlar 2009-yilda boshlangan boʻlsa, hukumatlararo siyosiy aloqalar 2013 yildan yoʻlga qoʻyilgan. Singapur BMT doirasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan 6 ta rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatlagan.

2018 yildan boshlab Singapur fuqarolari uchun Oʻzbekistonda 30 kunlik vizasiz tartib joriy etilgan.

 

Cavdo va gumanitar hamkorlik

Tovar aylanmasi, eksport va import munosabatlari 2017 yildan 2022 yilgacha boʻlgan davrda yil sayin oʻsmoqda. Asosiy eksport qora metall va metall mahsulotlari, import hajmining katta qismi xizmatlar sohasi, kauchuk, rezina va ulardan tayyorlangan mahsulotlar, optik moslamalar, toʻqimachilik mahsulotlari hissasiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekistoning barcha turdagi meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga ruxsat olingan.

2016-2022 yillarda 700 million dollar Singapur sarmoyasi yigʻilgan. 2022 yilda qator loyihalar doirasida 38 million dollarlik investitsiyalar oʻzlashtirilgan. Asosiy hamkor sifatida “Indorama corporation”ni eʼtirof etish mumkin. Korporatsiya 2010 yildan buyon 650 million dollar evaziga 3 ta sarmoyaviy loyihani tatbiq qildi.

Singapurlik hamkorlar yordamida 4 milliard dollardan ortiq mablagʻga 15 ta yangi sarmoyaviy loyihalar roʻyxati tuzildi. 2022 yilning dekabr holatiga koʻra, Oʻzbekistonda singapurlik sarmoyadorlar ishtirokida tuzilgan 105 ta korxona faoliyat olib borayotgan boʻlib, ulardan 61 tasi yakka tartibdagi tadbirkor, 44 tasi xorijiy korxona sanaladi. Asosiy sohalar sifatida elektrotexnika, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, taʼlim, savdo, avtomobilsozlik kabilarni taʼkidlash mumkin.

Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasidagi madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning yorqin namunasi sifatida Singapur ijodiy guruhlarining muntazam ravishda “Sharq taronalari” festivalidagi ishtirokini taʼkidlash mumkin.

2008 yildan buyon Toshkentda Singapur menejmentni rivojlantirish institutining filiali faoliyat olib boradi. 2021 yilda Singapurdagi TMC akademiyasining filiali sanalgan Toshkent texnologiya, menejment va kommunikatsiyalari (TMC) instituti ishlab kelmoqda. Oliy oʻquv yurti kelishuviga asosan umumiy daromadning 1 foizi BMTning Orolboʻyi hududlarida inson xavfsizligi boʻyicha trast fondiga oʻtkazib kelinmoqda.

Singapurning “Six Clouds” kompaniyasining ingliz tilini oʻrganish boʻyicha interaktiv onlayn dasturi Qoraqalpogʻiston Respublikasining 300 ta maktabi, shuningdek, Oʻzbekistonning 14 ta Prezident maktabi uchun ishga tushirilgan.

2018 yilda Singapurning “Modern Montessori International” kompaniyasi hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi oʻrtasida Toshkent shahrida “Modern Montessori International” maktabgacha taʼlim muassasasini tashkil etish toʻgʻrisida oʻzaro memorandum imzolangan.

 

Halima Yakub xonim,

Singapur Prezidenti:

– Bugun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Istanada qabul qilishdan mamnunman. Bu Prezident Mirziyoyevning Singapurga ilk davlat tashrifi boʻlib, Oʻzbekiston bilan doʻstona aloqalarimizni yana bir bor tasdiqlaganimdan xursandman. Tashrif oʻz vaqtida amalga oshirildi, chunki 2022 yil diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 25 yil toʻldi.

Mamlakatlarimiz katta-kichikligi va geografiyasi jihatidan bir-biridan farq qilsa-da, xotin-qizlarning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash, sifatli taʼlim berish, savdo va parlament aloqalarini kengaytirish kabi umumiy manfaatlarga egamiz. Prezident Mirziyoyevning koʻmagi bilan Singapur – Oʻzbekiston munosabatlari kelgusi yillarda ham mustahkamlanib borishiga ishonaman.

Prezident Mirziyoyevning Singapurga tashrifi samarali boʻlishiga umid qilaman. Prezident Mirziyoyev ob-havoning keskin sovuqligi tufayli yuzaga kelgan vaziyatni tartibga solish uchun Toshkentga qaytish uchun davlat tashrifini qisqartirishga majbur boʻldi. Mana shu murakkab davrda bizning xayolimiz oʻzbek xalqi bilan ekanini eshitib, koʻngli toʻldi, degan rasmiy sahifasida.

 

THE BUSINESS TIMES jurnalida

Gan Kim Yong,

Singapurning savdo va sanoat vaziri:

– Oʻzbekiston Jahon Savdo Tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlidan bormoqda, Oʻzbekiston tez orada xalqaro savdo tizimining bir qismi boʻladi, bu esa global miqyosda yanada koʻproq imkoniyatlar va aloqalarni ochadi.

Vazir Singapur Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatlashini qoʻshimcha qildi. Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonning iqtisodiy oʻsish surʼatlari Markaziy Osiyodagi eng tez oʻsish surʼatlaridan biri boʻlib, bu “tezkor bozor islohotlari”, xususiy sektorda xorijiy ishtirokning ortishi va davlat korxonalarini xususiylashtirish bilan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Oʻzbekiston “biznes uchun tabiiy sifat va xususiyatlarga ega”, deya qoʻshimcha qildi Gan Kim Yong. Kuchli makroiqtisodiy asoslar, barqaror oʻsish, 34 million kishilik katta ichki bozori, yosh aholi va oʻrta sinf oʻsishi va boy tabiiy resurslar. Shuningdek, Oʻzbekiston Yevropa va Osiyo oʻrtasida strategik joylashuvga ega.

 

Ramziy sovgʻa

Prezidentimizni tantanali kutib olish jarayonidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga Singapurning milliy ramzi boʻlgan orxideya gulining yangi naviga nom berish marosimi boʻlib oʻtdi. Bunday tadbirlar anʼanaviy ravishda ushbu mamlakatning oliy martabali mehmonlari va taniqli arboblarga yuksak hurmat va ehtirom belgisi sifatida oʻtkaziladi.

Anʼanaga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyev gulning yoniga yangi turdagi orxideyaning nomi – “Shavkat Mirziyoyev orxideyasi” deb yozilgan taxtachani joylashtirdi.

Bu turdagi orxideyalar singapurliklar uchun alohida ramziy maʼnoga egadir.

Oʻzining chidamliligi va yil davomida gullash xususiyati uchun 1981 yildan boshlab Singapurning milliy guli, deb eʼlon qilingan. Turli tilda soʻzlashuvchi, turli diniy qarashlarga ega Singapur xalqining oʻziga xos qorishma madaniyatini ifodalash uchun ular aynan shu gulni tanlashgani aytiladi.

 

Ahmad Qurbonov

tayyorladi.

«O‘zbekiston ovozi», 18.01.2022, №2

 

 

 

 
← Roʻyxatga qaytish