DA’VATKOR SO‘Z QUDRATI
DA’VATKOR SO‘Z QUDRATI

 

Shavkat MIRZIYOYEV:

Biz ma’naviyat va ma’rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz.

 

Inson tirik mavjudotlar orasida his etish, mehr-oqibat ko‘rsatish, shafqat qilish, fikrlash, xulosalash qobiliyatlari bilan ajralib turadi. O‘z navbatida fikrlash, xulosa chiqarish, biror masalaga munosabat bildirish kishining fikr doirasiga bog‘liq. Tafakkur va dunyoqarash qanday bo‘lishini esa o‘qish, izlanish va bilish belgilaydi.

Bilish esa ilm olish bilan, o‘z navbatida ilm olish, savodxonlik bilan, savodxonlik esa ko‘proq, turli mavzularda kitob o‘qish orqali orttiriladi. Barcha buyuk insonlar hayoti va ijodiy faoliyatiga nazar solsangiz, ular umr bo‘yi o‘qib, o‘rganish orqali yetuklik maqomiga yetganiga guvoh bo‘lasiz. Uzoq bormaylik, biz faxr va iftixor bilan nomlarini tildan qo‘ymaydigan, dunyo tamadduniga o‘z aql mash’allari bilan nur taratgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, al Farg‘oniy kabi yuzlab bobolarimiz ilm olish, buyuk kashfiyotlar qilish uchun dunyo kezib, bilim to‘plaganlar. Ularning hayot va ijod yo‘llari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilsangiz, bobolarimiz ilm olish a’moli bilan bir umr mashg‘ul bo‘lganlar. Ilm ularni ma’rifatga yetaklagan, ma’rifat esa ma’naviyatning asosidir.

Ma’naviyatning o‘zi nima, degan savolga turli davrlarda turlicha munosabatlar bildirilgan. Kimdir ma’naviyat madaniyatning ichida, boshqalar ma’naviyat madaniyatlilikning belgisi deb ta’riflaydi. Hozir maqsadimiz masalaning falsafiy tarafi haqida bahs yuritish emas, balki, buyuk ajdodlar vorisi sifatida bugungi ma’naviyatimizning ayrim muammolari haqida fikr-mulohaza bildirishdir.

Avvalo, ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbarining Xorazm, Farg‘ona, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida yuz bergan holatlar munosabati bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida aytgan achchiq gaplari sog‘lom fikrli har bir kishini qattiq o‘yga toldirdi.

Masalaning ayrim jihatlariga e’tibor qarataylik: Odamlar bir-birining qadriga yetayaptimi? Rahbarlar tomonidan xodimlar huquqini poymol etish, izzat-nafsiga tegish hollari uchrab turibdimi? Xotin-qizlar orasida jinoyatchilik, yengiltaklik holatlari ozmi, ko‘pmi? Mansabdorlar orasida xalq mulkini talon-taroj qilish, pora evaziga ish bitirish, bila-ko‘ra turib mahalliychilik qilish kabi korrupsion holatlar mavjudmi? Mansab lavozimni suiiste’mol qilish, kibrga berilish holatlari davom etyaptimi?...

Bu kabi savollarni istagancha tuzish mumkin. Agar ushbu savollar qarshisiga “ha” yoki “yo‘q” degan javoblarni joylashtirsak, ma’naviyatimizda tashvishli holatlar oz emasligi yaqqol ko‘rinadi.

Xo‘sh, nima qilish kerak? Ma’naviyat gazlama emaski, undan kuylak tikib, hammaga ulashsak. Demak, jamiyatda inson tafakkurini uyg‘otish, or-nomus, g‘urur, mardlik, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishning yangi, ta’sirchan vositalaridan foydalanish ustida o‘ylash kerak.

Davlatimiz rahbarining, ayniqsa, yoshlar ma’naviy saviyasini o‘stirish, ularning ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq farmon va qarorlari, ma’naviyat beshigi – ta’lim sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar, maktabgacha ta’lim tizimining yo‘lga qo‘yilishi, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ijodkorlikni rag‘batlantirish, Prezident maktabi, ijod maktablari, noyob iste’dod egalarini yuzaga chiqarish uchun ko‘rilayotgan boshqa chora-tadbirlar jamiyat ma’naviyatini yuksak saviyaga ko‘tarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ma’naviy yuksaklik jamiyatni yangilaydigan, uni porloq kelajakka yetaklaydigan qudratli kuchdir.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasida so‘zlagan nutqida bu masalaga yana bir bor e’tiborimizni qaratdi: “Biz ma’naviyat va ma’rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, ma’naviyati bor inson Vatanni albatta yaxshi ko‘radi. Vijdon, ma’naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir. Mana shunday qarash butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tomonidan keng va qizg‘in qo‘llab-quvvatlanayotgani ma’naviy tarbiyaning naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.”

Bu so‘zlar mag‘zini chaqib, xulosalar chiqarib olish uchun chuqur o‘ylab ko‘rish kerak bo‘ladi. Asrlar davomida Vatan, mustaqillik tuyg‘ularini qalbida asrab kelgan xalqimizning taqdiri, mamlakatimizning istiqboli, hech shubhasiz, kelajak avlodlarning ma’naviy tarbiyasiga bog‘liq. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, farzandlarini bilimli va har tomonlama barkamol avlod etib tarbiyalashni o‘zining burchi, deb hisoblayotgan ota-onalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning farzandlari bugun elu yurtimizning yuzi, obro‘-e’tibori, faxri, iftixori va tayanchidir. Bunday yoshlar tomonidan fan, adabiyot, san’at va sportda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar mamlakatimiz kelajagining har qachongidan yorqinligiga dalolatdir.

Afsuski, shunday imkoniyatlar yaratilayotganiga qaramay, ma’naviyat masalasida hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘pligini ham ta’kidlash zarur. Masalan, mamlakatimizda xotin-qizlar orasida eskicha ma’ruzabozlikdan ko‘ra, or-nomus tarbiyasi, vatanparvarlik hissini uyg‘otishga qaratilgan da’vatkor shiorlar katta samara beradi. Yaqinda bu ishga mas’ul idoralar tashabbusi bilan poytaxtning ayrim bozorlarida kutubxonalar ko‘rinishida ma’naviyat burchaklari tashkil etildi. Ammo kuzatishlar shuni ko‘rsatyaptiki, bozorlar burchaklarida xo‘jako‘rsinga o‘rnatilgan bunday maskanlarga odamlar deyarli kirmayapti. Ehtimol, buning o‘rniga bozorlarning ko‘zga ko‘rinarli joylarida bir mushtipar ona tilidan, uning tashvishli siymosi aks ettirilgan surat yonida quyidagi so‘zlar bitilsa ta’sirchanroq bo‘lmaydimi? “Oqila qizim, bolajonim, avvalo, ayolligingni unutma! Umid bilan tarbiya qilayotgan farzandlaring kelajagi uchun mas’ulsan, Ularning ilmli, dono va elu yurt koriga yaraydigan barkamol inson bo‘lib yetishishiga bor imkoniyatingni ishga sol! Buning uchun o‘zing ham yetarli bilim ol! Uyingga yegulik noz-ne’matlari qatorida bittagina kitob ham olib kir. Kitob – aql qayrog‘i, inson shuuriga nur bag‘ishlaydigan mo‘jiza. Xonadoningni ma’nan charog‘on et! Elu yurt, mahalla ko‘y, ona Vataning sen bilan!” Yo bo‘lmasa, “Muhtarama ayol, sen xalq kelajagini bunyod etish uchun mas’ulsan! Muqaddas ayol degan martabangni aziz bil», o‘zingni pok tut.

Bu kabi samimiy, haroratli so‘zlar bitilgan plakat va bannerlar ko‘proq foyda keltiradi. Yoki bukletlar va tarqatma materiallar ko‘rinishidagi targ‘ibot ishlariga e’tibor qaratish kerakdir...

Ana shunday turli mavzularga bag‘ishlangan da’vatkor bannerlarni kerak bo‘lsa, aholi gavjum ko‘chalar va maydonlarga, istirohat bog‘lariga, mahalla guzarlariga ham o‘rnatish faqat foyda keltiradi, deb o‘ylayman. Televideniyeda aynan shu kabi dolzarb mavzularda ko‘rsatuvlar tayyorlash, bahs va munozaralar uyushtirish odamlarga ko‘proq ta’sir qilishi mumkin.

Dunyo tarixiga e’tibor bersangiz, mamlakatlar o‘z yuksalish yillarida hamisha da’vatkor so‘zga tayangan. Har qanday yutuqning 70 foizi reklama orqali qo‘lga kiritilishini hisobga olsak, ta’sirchan targ‘ibot, odamlar ko‘ngliga topilgan yo‘l orqali katta maqsadlarga erishish mumkin. Faqat o‘sha gapni topish va uni qanday aytishni bilishimiz kerakka o‘xshaydi.

 

O‘ktam MIRZAYOR

← Roʻyxatga qaytish