Sirdaryo viloyatidagi paxtachilik fermer xo‘jaliklari hamda klasterlari ishchi va xodimlarining mamlakatimizning mirishkor fermer va dehqonlariga murojaati

Qadrli do‘stlar!

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 2019 yil 18 iyul kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida paxta dalalarida bo‘lib, g‘o‘za rivoji bilan yaqindan tanishdilar.

Davlatimiz rahbari biz — fermerlar bilan bo‘lgan uchrashuvda bu yilgi mavsumni paxtachilikda ham muvaffaqiyatli yakunlash bo‘yicha oldimizda turgan vazifalarni alohida ta’kidlab, ularni hal etishning yo‘l-yo‘riqlarini aniq-ravshan ko‘rsatib berdilar.

Prezidentimizning: «Cho‘l quyoshi va hayot sinovlarida toblangan, omilkor, azmu shijoatli sirdaryolik fermerlar g‘o‘za parvarishi borasida zarbdor 40 kunlik e’lon qilib, shu vaqt mobaynida o‘zlarini ayamasdan, astoydil mehnat qilib, viloyatda g‘alla yetishtirish bo‘yicha erishilgan yutuqlar tasodif emasligini isbotlaydilar, deb ishonaman. Vohaning azamat dehqonlari qishloq xo‘jaligidan yuqori hosil va katta daromad olib, farovon va badavlat yashashga to‘la haqlidirlar. Bugun daladagi g‘o‘zaning baravj rivojini ko‘rib, bunga har tomonlama amin bo‘ldim», degan fikrlari bizni yanada ruhlantirib yubordi. Bu so‘zlar biz uchun albatta dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Haqiqatan ham, bu yilgi mavsum paxtachilikda mo‘l hosil yetishtirish uchun juda qulay keldi. Bu borada qishloq xo‘jaligi xodimlarining moddiy manfaatdorligini oshirish, g‘o‘zani parvarish qilishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilayotgani biz — dehqon va fermerlarning kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shmoqda.

Ayniqsa, paxtaning xarid narxi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 1,3 barobar oshirilib, uning 1 tonnasi uchun 4 million so‘m narx belgilangani, imtiyozli kreditlar, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari o‘z vaqtida joylarga yetkazib berilayotgani bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bundan tashqari, bu yilgi ob-havo sharoitida zararli hasharotlar ko‘p bo‘lganini hisobga olib, ularga qarshi kurashish uchun respublikamiz byudjetidan dotatsiya sifatida 120 milliard so‘m, jumladan, Sirdaryo viloyati fermerlariga 10,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilganini ta’kidlash zarur.

Bu yil paxtachilikka tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan fermerlarga davlat byudjeti hisobidan har bir gektar yer uchun 8 million so‘mdan subsidiya mablag‘i ajratilayotgani ham muhim rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Soha rivojiga qaratilgan yana bir amaliy e’tiborni alohida qayd etish lozim. Ikki yildan buyon fermer xo‘jaliklari va suv iste’molchilari uyushmalariga qarashli nasos agregatlari tomonidan sarflanayotgan elektr energiyasi qiymati davlat byudjetidan ajratiladigan subsidiyalar hisobidan qoplab berilmoqda.

So‘nggi yillarda qo‘shilgan qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishga asoslangan paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilayotgani paxtachilik tarmog‘idagi eng muhim yangiliklardan biri bo‘ldi.

Joriy yilda viloyatimizda 38 ming gektar yerda yoki umumiy paxta maydonining 52 foizida 5 ta zamonaviy klaster korxonasi faoliyat olib bormoqda. Ular tomonidan 350 dan ortiq yangi qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilingani chigit ekishni 10-12 ish kunida yakunlash imkonini berdi.

Bu islohotlarning yana bir muhim jihati shundaki, klasterlarning tajribali mutaxassislari dalaga chigit ekilganidan buyon biz bilan yonma-yon turib, g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazilishiga yaqindan ko‘maklashmoqda.

Davlatimiz rahbarining biz — fermer va dehqonlarga ko‘rsatayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rligi, kamtarona mehnatimizga berib kelayotgan yuksak bahosi qalbimizga quvonch va g‘urur bag‘ishlab, o‘z kuchimizga bo‘lgan ishonchimizni yanada oshiradi, ayni vaqtda zimmamizga katta mas’uliyat ham yuklaydi.

Bu mas’uliyat bizdan yanada samarali mehnat qilishni, qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari qatori paxtachilik bo‘yicha zimmamizga olgan shartnoma majburiyatimizni ham sharaf bilan ado etishimizni taqozo etishini albatta barchamiz yaxshi anglaymiz.

Ayniqsa, hosil taqdirida hal qiluvchi palla boshlanayotgan shu kunlarda bu haqiqatni barchamiz chuqur his etmoqdamiz.

Chindan ham, mashaqqatli mehnat va katta xarajat evaziga yetishtirilayotgan hosilni nafaqat to‘la saqlab qolish, balki uni yanada ko‘paytirish maqsadida qishloq xo‘jaligi xodimlari va mutasaddilari, suvchi va mexanizatorlar, agrar soha mutaxassislari bilan birgalikda barcha fermer va dehqonlar mas’uliyatni ikki karra oshirib, kunu tun dalada bo‘lishimiz, bir tanu bir jon bo‘lib ishlashimiz hamda bu yil g‘alla kabi paxtadan ham mo‘l hosil va yuqori daromad olishimiz shart.

Ko‘pni ko‘rgan tajribali fermer va dehqonlarimiz iyul-avgust oylari g‘o‘za ayni rivojlanadigan, dehqonchasiga aytganda, ekin kechayu kunduz kuchga kiradigan, hosil to‘playdigan eng dolzarb palla ekanini, bu davrda qanday agrotexnik ishlar amalga oshirilishi zarurligini juda yaxshi biladilar.

Buni to‘g‘ri tushunadigan viloyatimiz fermerlari 2019 yil paxta hosili uchun tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini qayta ko‘rib chiqdilar. Natijada paxta yetishtiradigan 1 ming 474 ta fermer xo‘jaligining 282 tasi rejadagi 26,7 sentner o‘rniga gektaridan 40 sentnerdan, 897 tasi 35 sentnerdan va 295 tasi 30 sentnerdan yuqori hosil olish uchun yangitdan shartnomalar tuzib, paxta tayyorlash shartnomaviy rejasini viloyat bo‘yicha oshirib bajarishga qaror qildilar.

Hurmatli mirishkor fermer va dehqonlar!

Biz — sirdaryolik fermer va dehqonlar, paxtachilik klasterlarining ishchi va xodimlari g‘o‘za rivojida o‘ta dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan hozirgi kunlarning har bir daqiqasini g‘animat bilib, 20 iyuldan 30 avgustgacha bo‘lgan muddatni mamlakatimizda «G‘o‘zadan kafolatli hosil yaratishning 40 kunlik zarbdor oyligi» deb e’lon qilishni taklif etamiz.

Ana shu zarbdor davr mobaynida quyidagi tadbirlarni amalga oshirishga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, tashkiliy ishlarni yana bir marta, bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda, qaytadan, puxta rejalashtirib olaylik.

Ikkinchidan, dehqonlarimizning to‘plagan ko‘p yillik boy tajribasiga tayanib, zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion agrotexnologiyalarni qo‘llashga alohida e’tibor qarataylik.

Sir emas, keyingi yillarda global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlari yurtimizda ham sezilmoqda. Joriy yil 11 iyuldan buyon respublikamizning barcha hududlarida quruq va jazirama havo saqlanib qolmoqda. Harorat o‘tgan yillarning shu davridagi o‘rtacha me’yordan 5-7 daraja yuqori bo‘lmoqda.

Bunday holat barchamizdan yanada tadbirkorlik bilan ishlashni talab etadi. Biz tabiat injiqliklarini o‘z bilim, tajriba va mahoratimiz bilan mardonavor yengib o‘tishimiz, o‘tgan yillardagi natijalar bilan cheklanib qolmasdan, yanada yuqori marralarni ko‘zlab ish tutishimiz lozim.

Shu kunlarda suvchilar sonini ikki barobar ko‘paytirib, ular uchun zarur sharoitlar yaratib, kechayu kunduz g‘o‘zani sifatli sug‘orishni ta’minlaylik.

«Zar qadrini zargar, suv qadrini suvchi biladi», deydi xalqimiz. Shu hikmatga amal qilib, suvning bir tomchisini ham isrof qilmasdan, g‘o‘zani faqat tunda, qat’iy tizim asosida, sharbat usulida sug‘orib, g‘o‘zaning tagida doimo nam saqlanishiga alohida e’tibor qarataylik.

Uchinchidan, mavjud kultivatorlarni daladan chiqarmasdan, ularning «otryad» va «naryad» tizimida ishlashini tashkil etib, sug‘orilgan maydonlar tobga kelishi bilan ularni peshma-pesh «mayin» kultivatsiya qilaylik.

To‘rtinchidan, g‘o‘zani chekanka qilishni 25 iyulga qadar to‘liq yakunlab, zararkunanda hasharotlarga qarshi kompleks yondashuv asosida kurashishni davom ettirib, g‘o‘zaga maxsus preparatlar bilan ishlov berishga hamda ushbu tadbirlarni kunning salqin paytlarida amalga oshirishga ahamiyat beraylik.

Muxtasar aytganda, tabiat o‘zbek dehqonlarining nimaga qodir ekanini, ularning sabr-bardoshi, bilim va tajribasini yana bir bor sinovdan o‘tkazayotgan shu kunlarda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, muhim agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirib, barcha sa’y-harakatlarimizni paxtadan yuqori hosil yetishtirishga yo‘naltiraylik.

Aziz yurtdoshlar, qadrli fermerlar!

Bugun xalqimiz bizni «rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari» deb ulug‘lab, azmu shijoatimiz, g‘ayrat va matonatimizga ko‘z tikib turganini bir zum bo‘lsa-da, esdan chiqarmasligimiz kerak.

Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz farovon bo‘lishi bizning mashaqqatli mehnatimizga bog‘liq. Nega deganda, bugungi kunda paxtachilikning nafaqat mamlakatimiz sanoati rivojidagi, balki aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdagi o‘rni ham beqiyos bo‘lib, uni hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi. Xususan, bozorlarimizni go‘sht, sut, tuxum kabi muhim oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirishda mazkur tarmoqning roli naqadar katta ekanini unutmaylik.

Biz muhtaram Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilishga chaqiramiz!

Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu va olijanob ishlaringizga qut-baraka tilaymiz. Bu yilgi mavsumda ulkan xirmon barpo etib, xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi hammamizga nasib etsin.

 

Sirdaryolik fermer va dehqonlar.

Teglar

zhahon
← Roʻyxatga qaytish