TO‘RAQO‘RG‘ON IES ISHGA TUSHSA,
TO‘RAQO‘RG‘ON IES ISHGA TUSHSA,

Farg‘ona vodiysini to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoni paydo bo‘ladi

Namangan gullar shahri sifatida dunyoga tanilgan. Ko‘p asrlik hunarmandlik maktabi ham ma’lumu mashhur. Bugun viloyatda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari ana shu jahoniy e’tirofga hamohang kechmoqda.

To‘raqo‘rg‘on tumanida issiqlik elektr stansiyasi qurilayotgani esa nafaqat viloyatliklar, balki Farg‘ona vodiysi ahlini xursand qilmoqda. Chunki inshoot to‘liq quvvat bilan ishga tushsa, vodiy xalqini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoni paydo bo‘ladi.

Yaqinda bir guruh jurnalistlar To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 195 million AQSh dollaridan ziyod bo‘lib, u Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va "O‘zbekenergo" AJ mablag‘lari asosida moliyalashtirilgan. Stansiya Yaponiyaning "Mitsubihi Corporation" va "Mitsubishi Hitachi Power Systems" konsorsiumi tomonidan barpo etilmoqda. Turkiyaning "SaIik Enerji" kompaniyasi mutaxassislari ham qurilish-montaj ishlarida qatnashmoqda.

To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurilish direksiyasi rahbari Akmal Fayziyevning ma’lumot berishicha, 90 gektar hududni qamrab olgan maydonning 22 gektarida qazish va tekislash ishlari olti oyda bajarilgan. Bu yerda ikkita bug‘-gaz qurilmasi qad rostlagan. Ular markaziy boshqaruv pulti orqali nazorat qilinadi.

Ayni chog‘da inshootda qurilish ishlari deyarli tugallangan. Birinchi va ikkinchi bug‘-gaz qurilmalarida asosiy elektr energiyani ishlab chiqaradigan barcha uskuna va agregatlar o‘rnatilgan. Ularda montaj va sozlash ishlari yakuniga yetgan. Hududda yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari barpo etilgan, ishchilar uchun to‘rt qavatli uchta uy qurilgan. Direksiya ma’muriyati uch qavatli binoda joylashgan, Yong‘in xavfsizligi xizmati alohida maxsus binoda joylashgan, beton zavodi va boshqa yordamchi xo‘jaliklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

– Qurilish ishlariga 2500 dan ortiq ishchi-xodim va mutaxassis jalb etildi, – deydi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi bosh muhandisi Nodir Nasibaliyev. – Ularning 550 nafari Yaponiya, Turkiya, Hindiston va yana yigirmadan ortiq davlatdan keldi. Hozir qurilish ishlari yakuniga yetmoqda. Shu bois endi bu yerda soha mutaxassislariga ko‘zingiz tushadi. Ular ayni kunda montaj ishlari bilan band. Yana bir yangilik – birinchi bug‘-gaz qurilmasida sinov jarayonlarini boshladik va 10 avgustdan 300 MVt quvvatni tarmoqqa bera boshlaymiz. Bunda bir vaqtning o‘zida sinov ishlari ham olib boriladi. Shunday qilib, issiqlik elektr stansiyasining birinchi bug‘-gaz qurilmasi joriy yilning sentabr oyida, ikkinchisi esa dekabrda ishga tushiriladi.

Markaziy boshqaruv pulti faoliyati bilan tanishuv chog‘ida yaponiyalik mutaxassislar ham ushbu loyihaning amaliy ahamiyati haqida so‘zlab berdi.

– Bu yerda asosiy ishlarni yakunladik, – deydi ”Mitsubishi Hitachi Power Systems” konsorsiumi loyiha menejeri Xiroshi Otagura. – Qurilish ishlarida kompaniyamizning 30 nafar yaponiyalik va 55 nafar boshqa davlatlardan kelgan vakillari qatnashmoqda. Yurtingizda ishlash bizga ma’qul bo‘ldi. Kelgusida yana shunday loyihalarda ishtirok etish niyatimiz bor.

Muxtasar aytganda, mazkur yirik inshoot mamlakatimizda yagona bo‘lib, u bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ulkan ishlarning amaldagi samarasidir. U ishga tushirilgach, 900 MVt qo‘shimcha quvvat yoki yiliga 6,7 milliard kVt/soat elektr energiya ishlab chiqarish imkoni paydo bo‘ladi, 300 yangi ish o‘rni yaratiladi.

 

Nasiba ZIYODULLAYEVA,

O‘zA muxbiri.

← Roʻyxatga qaytish