MUSTAQILLIK VA AFV YOKI AFVNING AMNISTIYADAN QANDAY FARQI BOR?
MUSTAQILLIK VA AFV YOKI AFVNING AMNISTIYADAN QANDAY FARQI BOR?

Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yilligini nishonlash arafasida o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tilgan murakkab yo‘limiz, amalga oshirilgan tarixiy ishlar, erishilgan natijalar ahamiyati va mohiyati haqida fikrlashib olish xulosalar chiqarish, yutuq va kamchiliklarni xolisona baholash imkonini beradi.

O‘ylab ko‘rsak, mustaqillik yillarida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar orasida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini kuchaytirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor berilganiga ishonch hosil qilamiz.

Mamlakatimizda bugungi kunda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorliklar zamirida ham insonparvarlik va bag‘rikenglik fazilatlari mujassam. Bu tamoyillar bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan, sudlanganlarga nisbatan ham tatbiq etilmoqda.

Ma’lumki, jinoyat sodir etgan shaxs nafaqat o‘zining, balki farzandlari, ota-onasi, qavmu qarindoshlarining ham kelajagi va taqdiriga ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Ozodlikdan mahrum bo‘lgan kishining farzandlari ota mehridan ayriladi, ota-onalari bag‘rini kuydiradi.

Shu sababli xato qilgan va bugungi kunda qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan shaxslarni kechirish davlatimiz insonparvarlik siyosatining yorqin namunasidir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlatimiz insonparvarlik siyosatida xalqimizning kechirimli bo‘lishdek olijanob fazilatlaridan kelib chiqib, 2018 yil 8 mayda «O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi farmoni va unga ilova sifatida «O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom qabul qilindi. Ushbu hujjatlarda taqdim etish, rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish tartibi belgilab berildi. 2009 yil 13 martda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom esa o‘z kuchini yo‘qotdi. Xo‘sh, yangi tahrirda qabul qilingan Nizom bilan eskisining qanday farqi bor?

Birinchidan, afv etish haqida iltimosnomani kiritish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar ro‘yxati birmuncha aniqlashtirildi. Eski Nizomda «Afv etish haqidagi iltimosnoma, qoida tariqasida, sudlangan shaxs tomonidan yozma shaklda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga beriladi» deb belgilangan edi. Yangi Nizomda esa ushbu iltimosnoma sudlangan yoki jazoni o‘tab chiqqan shaxs, shuningdek, qonun tomonidan iltimosnoma kiritish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shaxs (organ) tomonidan kiritilishi mumkin ekanligi keltirilgan. Shuningdek, iltimosnoma boshqa shaxs (organ) tomonidan berilganda afv etilishi so‘ralayotgan shaxsning yozma roziligi bo‘lishi kerak.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiyaning tarkibiga kimlar kirishi aniq ko‘rsatib berildi. Yangi Nizomga asosan, ushbu komissiyaning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, shuningdek, Yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qo‘mitasi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashitirish Respublika kengashi va «Nuroniy» jamg‘armasi vakillaridan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, komissiya tarkibiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, boshqa davlat va nodavlat-notijorat tashkilotlarning vakillari hamda boshqa shaxslar ham jalb qilinishi mumkin.

Uchinchidan, afv etish haqidagi iltimosnomaga ilova qilinadigan hujjatlar soni ortdi. Jumladan, iltimosnomani dastlabki tarzda ko‘rib chiquvchi Prezident huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya sektoriga iltimosnoma bilan birga yuboriladigan hujjatlar ro‘yxatiga jazoni ijro etuvchi muassasaning ma’muriyati tomonidan tasdiqlangan mahkumning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi qo‘shildi.

Mazkur yangi Farmon va Nizomning qabul qilinishi davlatimizning har qanday holatda ham fuqarolar uchun g‘amxo‘rligining yorqin misolidir.

Zero, jinoyatga qo‘l urgan, boshi devorga tekkandan so‘ng adashganligini tushunib yetgan odamlarni afv etish – muqaddas dinimizning ham asosiy arkonlaridan biri sanaladi.

«Afv» va «Amnistiya» tushunchalarini bir-biridan farqlay olishimiz darkor. Chunki aksariyat insonlar afv va amnistiya bir xil narsa, shunchaki amnistiyaning o‘zbekcha tarjimasi avf bo‘ladi, deb o‘ylashadi. To‘g‘ri, ikkala tushunchaning asosiy maqsadi bitta — mehr-shafqat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib, jinoyat sodir etgan shaxsni kechirish va uni jazodan butunlay yoki qisman ozod qilishdir. Biroq, shunday bo‘lishiga qaramasdan bu ikki tushuncha bir-biridan farqlanadi. Afv va amnistiya qanday shakllarda amalga oshiriladi? Ular qanday farqlanadi, degan savollarga javob topish uchun quyidagi farqlarga e’tibor qaratish lozim.

Birinchidan, afv — bu muayyan shaxslar uchun, ularning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlarni (yoshi, sog‘ligining holati, oilaviy ahvoli) inobatga olib, jazodan ozod qilish hisoblanadi. Amnistiya — aniq shaxslarga emas, umumiy toifalarga e’lon qilinadi.

Ikkinchidan, afv — faqat sud hukmi bilan jazo tayinlangan mahkumlarga e’lon qilinadi. Amnistiya — jinoyat protsessining istalgan bosqichida — dastlabki tergov, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va hattoki jinoyat ishini qo‘zg‘atishgacha bo‘lgan bosqichda ham qo‘llanilishi mumkin. Boshqacha aytganda, amnistiyaning afv etishdan farqli xususiyati shundaki, amnistiya keng mazmunga ega bo‘lib, shaxsni jinoiy javobgarlikdan ham, jinoiy jazodan ham ozod qiladi.

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga binoan, afv faqat Prezident tomonidan e’lon qilinadi. Amnistiya akti — Prezident taqdimnomasiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan e’lon qilinadi.

To‘rtinchidan, amnistiya aktlarini qo‘llash masalasi — huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari va sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. 2008 yildan boshlab amnistiya aktini qo‘llashga oid yakuniy qarorni faqat sudlar chiqarishi belgilab qo‘yilgan. Afvni qo‘llash masalasini — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha maxsus komissiya hal qiladi.

Beshinchidan, amnistiya akti chiqqandan keyin, uni kimlarga qo‘llash masalasini hal qilish uzoqqa cho‘ziladi va ko‘plab tashkiliy jarayonni o‘z ichiga oladi. Afvni qo‘llash esa ko‘p vaqt va tartibni talab qilmaydi. U qabul qilinishi bilan darhol ijro etiladi, buning uchun yana alohida bosqichlardan o‘tish shart emas.

Oltinchidan, afvni qo‘llash uchun odatda jinoyat sodir etgan shaxslarning iltimosnomasi asos bo‘ladi. Amnistiya aktini qo‘llashda esa bunday iltimosnoma talab etilmaydi. Tergovchi, prokuror, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati va sudlar amnistiya aktiga tushadigan barcha shaxslar ro‘yxatini shakllantirib, ularga amnistiya qo‘llash masalasini hal etishi lozim. Biroq qonunchilikda jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar o‘ziga amnistiya akti qo‘llanishini xohlamasa, ularga istisno tariqasida amnistiya aktini qo‘llash taqiqlanadi. Shaxslar o‘zini afv etilishini so‘rab iltimosnoma beradi, amnistiya akti esa shaxslarning xohish-istagiga qaramasdan hammaga umumiy qo‘llanadi.

 Xulosa qilib aytganda, afv etish ham, amnistiya ham xalqimizga xos bag‘rikenglik va insonparvarlik fazilatlarining tasdig‘i, davlatimizning inson manfaati hamma narsadan ustun siyosatining amaldagi ifodasidir.

 

Shavkat GAYBERDIYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti.

← Roʻyxatga qaytish