MAKTAB DIREKTORLARIGA CHORA KO‘RILDI
MAKTAB DIREKTORLARIGA CHORA KO‘RILDI

«O‘zbekiston ovozi» gazetasining 2019 yil 2 iyul sonida e’lon qilingan «Maktab direktorlari nega ishdan bo‘shatildi?» sarlavhali tanqidiy maqolada Qumqo‘rg‘on tumanidagi maktab direktorlarining mehnat shartnomasi noqonuniy bekor qilingani, ba’zi maktablarning byudjet mablag‘lari talon-taroj bo‘lgani haqida yozilgan edi. Surxondaryo viloyati prokuraturasidan olingan javob maktubida quyidagilar ma’lum qilingan.

«Viloyat prokuraturasi tomonidan «O‘zbekiston ovozi» gazetasining 02.07.2019 yildagi sonida chop etilgan «Maktab direktorlari nega ishdan bo‘shatildi?» nomli maqolasi ko‘rib chiqildi.

Maqolada Qumqo‘rg‘on tumanidagi 11-umumta’lim maktabi direktori Sh.Boboyev asossiz ishdan bo‘shatilganligi bayon etilgan.

O‘rganishda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining 04.03.2019 yildagi № 88-K-sonli buyrug‘iga ko‘ra, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 11-umumta’lim maktabi direktori Sh.Boboyev bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi, 2-qismi 3-bandiga asosan, ya’ni mehnat intizomini muntazam ravishda buzib kelganligi sababli bekor qilingan.

Viloyat xalq ta’lim boshqarmasi tomonidan Sh.Boboyev bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida xatolikka yo‘l qo‘yilgan.

Shu munosabat bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati sudi appelyatsiya instansiyasi sudlov hay’atining 21.05.2019 yildagi hal qiliuv qarori va xalq ta’limi boshqarmasining 31.05.2019 yildagi № 266-K-sonli buyrug‘iga asosan Sh.Boboyev Qumqo‘rg‘on tumanidagi 11-umumta’lim maktabi direktori lavozimiga tiklangan.

Maqolada Qumqo‘rg‘on tumanidagi 19-umumta’lim maktabi direktori J.Badalov asossiz ishdan bo‘shatilganligi bayon etilgan.

O‘rganishda Qumqo‘rg‘on tumanidagi 19-umumta’lim maktabi direktori lavozimida J.Badalov ishlab kelayotganligi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Maqolada Qumqo‘rg‘on tumanidagi 2-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi S.Qoraboyevaga tug‘ruq ta’tili 19 million 980 ming so‘m asossiz to‘langanligi bayon etilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasi bo‘yicha tumandagi 2-umumta’lim maktabi hisobchisi Q.Jo‘rayevning harakatlarida JKning 167-moddasi 2-qismi «v,g» bandi hamda 209-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi mavjud bo‘lsa-da, mazkur jinoyat uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirganligi, qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi hamda jinoyatni ochilishida faol yordam berganligi sababli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi, 5-qismi, 2-bandiga asosan ayblilik masalasini hal etmasdan turib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Maqolada Qumqo‘rg‘on tumanidagi umumta’lim maktablari tomonidan byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinayotganligi bayon etilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Qumqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, natijasiga ko‘ra, 30.04.2019 yilda biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilib, tumandagi 15-umumta’lim maktabi direktori E.Bo‘riyev, 23-umumta’lim maktabi direktori E.Iskandarov, 51-umumta’lim maktabi direktori Yu.Ziyayev, 62-umumta’lim maktabi direktori M.Xoliqov, 74-umumta’lim maktabi direktori R.Mullayeva, 22-umumta’lim maktabi direktori B.Choriyev, 18-umumta’lim maktabi sobiq direktori U.Abzairov, 56-umumta’lim maktabi direktori B.Ro‘ziyev, 55-umumta’lim maktabi direktori U.Majiyev, 35-umumta’lim maktabi direktori M.Sodiqov, 6-umumta’lim maktabi direktori B.Aralov, 19-umumta’lim maktabi direktori J.Badalov, 40-umumta’lim maktabi direktori E.Mirzaqulov hamda markaziy hisobxona hisobchilari S.Eshqulov va S.Bolliyevlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 61-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun Qumqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudiga yuborilgan.

Ma’muriy ish Qo‘mqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudi tomonidan 30.05.2019 yilda ko‘rib chiqilib, yuqorida ko‘rsatilgan umumta’lim maktablari direktorlari va markaziy hisobxona hisobchilari S.Eshqulov va S.Bolliyevga nisbatan tegishli ma’muriy jazo choralari ko‘rilgan.

 

Surxondaryo viloyat prokurori, adliya katta maslahatchisi

U.B.QOSIMOV».

Teglar

Loyihalarimiz
← Roʻyxatga qaytish