Rostini aytsam, davlat rahbari ishtirok etgan bayramda ilk bor qatnashdim. O‘tgan yillarda bunday keng miqyosdagi tadbirlarni OAV orqali ko‘rib, qiziqib kuzatardim. Ta’kidlash kerakki, bu yilgi bayram o‘zgacha ruhda, o‘zgacha kayfiyatda o‘tdi. Atrof gulga burkangan, ayol zotiga berilgan ta’riflardan diling entikadi, ko‘ngil tog‘dek ko‘tariladi. O‘ylaymanki, o‘sha kezda bu kabi hislar faqat mening qalbimdan o‘tmadi, balki barcha opa-singillarimiz shunday davlatda yashayotganlariga shukrona aytgan bo‘lsalar ajab emas.
Prezidentimizning tabrik so‘zini chuqur mushohada bilan eshitib, hali oldimizda qilinadigan ishlar, bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar ancha ekanini his etdim. Bayram ishtirokchilari ham nutqda keltirilgan fikr-mulohazalardan so‘ng o‘z faoliyatlariga tanqidiy qarab, kelgusi ishlarini rejalashtirganlariga aminman.
E’tibor berganmisiz? Davlatimiz rahbari qay hududda, qay davrada bo‘lmasin, yangi g‘oya, yangi tashabbus bilan chiqadi. Bu galgi ma’ruza ham bundan xoli bo‘lmadi. Keyingi yilda Xalqaro xotin-qizlar bayramida har bir viloyatdan 2 nafardan xotin-qizlarga davlat mukofoti berilishi ta’kidlab o‘tildi. Mukofot aynan mahallalarda 10-15 nafar qizlarni har tomonlama salohiyatli qilib tarbiyalashga o‘z hissasini qo‘shgan kayvoni, tashkilotchi onaxonlarga berilishi aytildi.
Chuqur o‘ylab ko‘rsak, davlatimiz rahbari nega aynan mana shu tashabbusni ilgari surganini anglaymiz. Sabab bitta. Xotin-qizlarni jamiyatda yanada faol bo‘lishga undash. Shu bilan birga mahallalardagi iste’dodli, iqtidorli qizlarimizni o‘z yo‘lini topishiga, ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga erishishdir.
Prezidentimiz o‘z nutqida yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligidan juda katta natijalar kutayotganini qayd etdi. Men olti yilga yaqin tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat olib borganman. Haqiqatni tan olish kerak, jamoat tashkilotlarining aksariyati tarqoq va ishining natijasini ko‘rsata olmasdi. Ularning boshini qovushtirib, yaxlit tizim shakliga keltirilishi, vazifalarning aniq belgilab berilishi, albatta o‘z natijasini ko‘rsatmasdan qolmaydi, deb ishonaman.
Prezidentimiz buyuk insonlar ortida ularning onalari va jasur rafiqalari, singillari turishini e’tirof etdi. O‘tgan yili 8-mart bayramida bu olamni tark etgan shoir va yozuvchilarimizning rafiqalariga davlat mukofoti berilgan bo‘lsa, bu galgi bayramda aynan sportchi, san’atkor yigitlarimizning onalariga davlat mukofotini shaxsan Prezidentimiz o‘z qo‘li bilan topshirdi.
Mukofotlanganlar orasida boks bo‘yicha surxondaryolik jahon chempioni Bahodir Jalolovning onasi ham borligidan quvondim. Buni ko‘rgan har bir ayol, ona borki, farzandlarining tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratadi. O‘z kelajagiga, Vatan taqdiriga befarq bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, haj safariga yiqqan mablag‘ini kam ta’minlangan oilalarga ulashgan ayol, uyida kutubxona ochgan sirdaryolik o‘qituvchining mukofotlanishi boshqalarning ham shunday mehr-oqibatli, tashabbuskor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Bayramdan qaytar ekanmiz, barcha ayollar o‘zida yo‘q xursand, yangidan shijoatga to‘lgan. Muhimi, davlat rahbari xotin-qizlarga ishonmoqda. Fraksiyamiz a’zosi Zulayho Akramovaning «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangani ham deputat ayollarimizni ruhlantirdi.
Davlat rahbari betob bo‘lgan O‘zbekiston qahramoni Lola Murodovaning sog‘ligini telefon orqali so‘rashi, Senat raisining o‘zi uni borib, ko‘rishi o‘zbekistonlik ayollarga ko‘rsatilayotgan mehribonlik va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi, deb bilaman.
Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.