Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayevning “Yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga, shuningdek, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida''gi axboroti eshitildi.
Berilgan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Anvarxon Temirov savol bilan murojaat qildi:
— Mamlakatimizdagi, ya'ni respublikamiz hududida bo'lgan yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlab, e'tibor va g'amxo‘rlik ko‘rsatish, ijtimoiy, iqtisodiy, qonuniy ko‘mak berish mumkin. Lekin chet elda yurgan yoshlar ham bor. Berilgan axborotda 286 mingdan ortiq yigit-qiz xorijda ekani aniqlangani, ularning bir qismi bilan muloqot o‘tkazilgani aytildi. Lekin ularning keyingi taqdiri nima bo‘lgani, agentlik qanday yordam ko‘rsatgani haqida ma’lumot berilmadi.
Alisher SA’DULLAYEV,
Respublika Yoshlar ishlari agentligi direktori:
— Muammoni yechish uchun muammoning borligini tan olish kerak. Aytish kerakki, joylarda xorijga ketayotgan yoshlar haqidagi ma’lumotlar bo‘yicha endi katta bir tizim shakllantirilyapti. Mavjud ma’lumotlar asosida o‘tgan yili Rossiya Federatsiyaning bir nechta, xususan, Novosibirsk, Tomsk, Samara, Moskva, Sankt-Piterburg shaharlariga borildi. Chunki eng ko‘p o‘zbekistonliklar ushbu mamlakat hududida faoliyat olib boryapti. 25 mingga yaqin yoshlar bilan muloqot qildik. O‘zbekistonga qaytib kelib ishlash istagini bildirganlarni yashash hududidagi hokimlar, ularning o‘rinbosarlari, mas’ullar bilan bog‘lab berib, bandligini ta’minlashga e’tibor qaratildi. Sharoiti yaxshi bo‘lib, ming AQSH dollaridan ko‘proq mablag‘ topayotganlarga yo‘l-yo‘riq, zarur tavsiyalar ko‘rsatildi. Agar topayotgan puli undan past va qiynalayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha alohida dastur qabul qilindi.
Boshqa mamlakatlardagi yoshlar bilan ham aloqa o‘rnatildi. Chet elda tashkil qilingan savdo uylari bor, iqtidori yetadiganlari o‘sha yerlarga ishga olinyapti. Qaytib kelishni istaganlarni esa zavod fabrikalarga maslahatchi sifatida ishga olish, kasb o‘rganaman deganlarni kasbga o‘qitish choralari ko‘rilyapti.