“Dekret” puli ishlagan har bir ayolga berilishi shart

 

Inson borki, u xasta bo'lmaslik yoki vaqtincha ishga layoqatsizga aylanib qolmasligi kafolatlanmagan. Shunday ekan, u hayoti va faoliyati davomida vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotganida, ya'ni o‘zi yoki farzandi kasal bo‘lganida, qisqa davolanishda, tug‘ruq davrida yoki ishsiz qolganida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash davlatning vazifasi sanaladi. Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida mazkur masalaga oid qonun loyihasi muhokama qilinmoqda.

Xususan, bugun O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida''gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlandiki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har kim mehnat qobiliyatini yo‘qotganida hamda ishsizligida ijtimoiy ta’minot huquqiga ega ekanligi belgilangan. Shunga qaramay, ba’zi muammolar kuzatilmoqda.

Masalan, “dekret” puli va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik (kasallik) nafaqalari ish beruvchilar uchun ortiqcha moliyaviy yuklama bo‘lgani sababli, ushbu nafaqalarni xususiy sektorda to‘lanmaslik holatlari kuzatilmoqda. Ortiqcha to‘lovlardan qochish maqsadida ish beruvchilar tomonidan ayollarni, xususan homiladorlarni ishga olmaslik yoki ishdan bo‘shatish holatlari ko‘paygan.

O‘rganishlar natijasida, ayrim korxonalar bu to‘lovlarni umuman to‘lamasligi aniqlandi. Xususan, 25 ta korxonadan 15 tasi yoki 60 foizi “dekret” puli yoki kasallik nafaqasini to‘lamagan bo‘lsa, 12 ta korxona hech qanday nafaqa pulini to‘lamagan.

2022 yil 25 iyundagi Prezident farmoniga muvofiq Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilib, xususiy sektorda ishlovchilarga “dekret” pulining minimal (2,5 mln so‘m) miqdori qoplab berilmoqda. Nafaqaning qolgan qismi esa ish beruvchi zimmasida bo‘lgani bois tadbirkorlar uchun mavjud tizim moliyaviy jozibador emas.

Misol uchun, o'rtacha ish haqi 2,3 mln so'm bo'lgan ayolning “dekret” puli 7 mln so'm bo'ladi. Shundan, 2,6 mln so'm Jamg'armadan, qolgan 4,5 mln so'm ish beruvchi hisobidan qoplanishi lozim. Biroq aksariyat ayollarning bu huquqlari ta'minlanmagan. 2023 yil natijalari shuni ko'rsatadiki, tug'ilishlar soni 962 ming bo'lsada, ularning atigi 17 foizi, ya'ni 168 mingta dekret varaqasi ochilgan, shundan Jamg'arma hisobidan atigi 16 ming nafar ayolga “dekret” puli qoplab berilgan xolos.

Fraksiya a’zolari ijtimoiy himoya tizimidagi bu kabi muammolarni bartaraf etish zarur ekanini ta’kidladi. Ularning fikricha, inqirozga uchrayotgan korxonalar tomonidan yoki xodimning istagisiz ishdan bo‘shatish holatlari bo‘yicha ham choralar ko‘rilishi maqsadga muvofiqidir.

Vaholanki, Mehnat kodeksiga asosan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganda ish beruvchi tomonidan ish haqining 1 baravari miqdorida ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanishi belgilangan. Shunga qaramay, moliyaviy inqirozga uchragan korxonalar ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lolmasligi oqibatida xodimlar boshqa ish topguniga qadar to‘satdan daromadsiz qolmoqda.

Loyihada taklif etilayotgan davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lanadigan nafaqalar turlari belgilash, aholini sug‘urtalash Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan amalga oshirish bilan bog‘liq me’yorlar fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilishi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual qo‘llab-quvvatladi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish