Donni ayagan donga yetar
Donni ayagan donga yetar

 

“Daromadingizdan xarajatingiz kam bo‘lsa, falsafa toshi qo‘lingizda ekan”, deydi amerikalik mashhur olim va davlat arbobi Benjamin Franklin. Necha ming yillik davomida ko‘p sinovlarni boshidan o‘tkazgan xalqimizda esa “Donni ayagan donga yetar, nonni ayagan nonga”, degan hikmat bor.

Tejamkorlik, kamtarlik, bir so‘z bilan aytganda, iqtisodiy madaniyatning toshi qanchalik tarozi bosishiga ishora qiluvchi bu so‘zlarning qadr-qiymati bugunga kelib yanada ortgan. Jumladan, dunyo bo‘ylab oqibatini oldindan aytish mushkul bo‘lgan murakkab jarayonlar iqtisodiyotga jiddiy ta’sir o‘tkazayotgan, har bir davlat va jamiyat uchun mablag‘ topish, jamg‘arish, ko‘paytirish tobora qiyin bo‘lib borayotgan hozirgi sharoitda budjetdan samarali foydalanish, tejamkorlik va aniqlik har qachongidan dolzarb tus olgan.

Shunday deymiz-u, lekin ayni zamon talabiga paradoks ravishda goh-gohida budjet mablag‘larining noo‘rin sarflanishi “kun mavzusi”ga aylangan holatlar hamon kuzatilayotganini inkor qilolmaymiz.

Budjetdan moliyalashtiriladigan qaysidir davlat tashkiloti xalqaro tadbir qatnashchilarining birgina tushligi uchun bir necha yuz million so‘mlarni xarajat qilgani singari chuchmal vaziyatlar, afsuski, barmoq bilan sanarli emas.

Yoki yana bir tashkilot onlayn platforma yaratish uchun budjetdan eshitsang, kapalaging uchadigan mablag'ni yo‘naltirgani, hokimliklarning qimmatbaho avtomashinalar xarid qilishi jamoatchilikda haqli norozilikni keltirib chiqarmoqda. Huquq-tartibot idoralari tomonidan aniqlangan budjet mablag‘larini maqsadsiz ishlatish va talon-toroj qilish, kamomad va o‘zlashtirishga oid qonunbuzilishlar, ushbu jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar haqidagi statistik raqamlar ham u qadar quvontiradigan emas.

Gap ko‘pning rizqu nasibasi bo‘lgan, ya'ni, aholining turmush farovonligini, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni yaxshilashga, o‘sib kelayotgan avlod kelajagiga sarf etilishi lozim sanalgan davlat budjeti mablag‘lari haqida borar ekan, bu masalada tirnoqchalik ham mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. 

 

O‘zgarish bor, ishonch kam

O‘tgan yili yangilangan Konstitutsiyamizda davlat budjetini shakllantirish, uning daromad va xarajat qismlarini belgilash, shuningdek, ijrosini ta’minlashda fuqarolar hamda fuqarolik jamiyati institutlari faol qatnashishi, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi kafolatlari yaratildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil yanvar oyiga yurtimizda 30 mingga yaqin budjet tashkiloti va davlat korxonalari mavjud bo‘lib, ular sarf etayotgan xarajatlar ochiqligini ta’minlash choralari ko‘rilayotir. Shu bilan birga, 2019 yildan boshlab budjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ham bevosita ishtirok etmoqda. Buning samarasi o‘laroq, tuman (shahar)lar budjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilmoqda.

2020 yilda qabul qilingan Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan ilk bor respublika budjeti xarajatlari vazirlik va idoralar kesimida Oliy Majlisi palatalari tomonidan, mahalliy budjetlar xarajatlari esa xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yildi. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatiga bevosita bog‘liq bo‘lgan hamda to‘liq mahalliy budjetlar ixtiyorida qoldiriladigan daromad turlari kengaytirildi.

Mazkur yildan boshlab barcha davlat maqsadli jamg‘armalari va chetdan jalb qilingan tashqi qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan xarajatlari konsolidatsiyalashgan davlat budjetida aks ettirilib, budjet qamrovi va ochiqligi darajasi kuchaytirildi. Xalqaro standartlarga muvofiq umumiy fiskal balansining hisobini yuritish yo‘lga qo‘yildi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliqlarni ortiqcha undirganlik uchun davlat soliq xizmati organlarining javobgarligi kuchaytirildi, soliqlarni hisoblash va to‘lash tartiblari soddalashtirildi.

Lekin shuncha shaffof tizim yaratilayotganiga qaramasdan, budjet mablag‘larini noqonuniy xarj etish, maqsadsiz sarflash holatlari kamayishi o‘rniga, ortib borayotgani taajjubli hol. Qurilish, ta’lim, tibbiyot va boshqa turli sohalarda mansabdorlarning budjet mablag‘larini talon-toroj qilganiga doir xabarlarga bot-bot duch kelishimiz og‘riqli va taassufli.

Xalq demokratik partiyasi deputatlari va faollari bu masalada qanday pozitsiyadalar?

Partiyaning Saylovoldi dasturida qanday taklif-tashabbuslar bor?

 

Beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r

Robiya KAZIMOVA,

O‘zXDP Buxoro shahar kengashi raisi:

– Fuqarolarning budjetni shakllantirishda ishtirok etishga, asosan soliqlar evaziga yig‘ilgan pul mablag‘lari qanday va qayerga sarflanayotganini bilishga, kerak bo‘lsa, buning ustidan nazorat qilishga haqqi bor.

Aytaylik, yaqin-yaqingacha mahallaga ichimlik suvi keltirish yoki ichki yo‘llarni yaxshilash, boringki, poliklinika yoki maktab qurish zaruratini ko‘tarib chiqqan fuqarolarimiz mansabdor shaxslardan «Davlat tomonidan pul ajratilsa, bajaramiz», degan javobni olar, o‘sha mahalladagi ko‘pchilikni qiynab kelayotgan muammo yillab yechilmay turar edi.

Davlat budjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi bilan bog‘liq konstitutsiyaviy tamoyil joriy etilgach, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmoqda. Avvalo, fuqarolarning budjet jarayonida ishtirok etish tartibi paydo bo‘ldi. “Tashabbusli budjet” amaliyoti orqali joylardagi ijtimoiy muammolarni budjetga kiritish va ularni tezlik bilan hal qilish imkoni yaratildi.

Biroq bu ijobiy o‘zgarishlarga zid o‘laroq haliyam ayrim budjet tashkilotlari va davlat korxonalarida mavjud pul mablag‘larini maqsadsiz sarflash, kerak-nokerak xaridlarni amalga oshirishdagi bemalolchilik butkul yo‘qolmagani ham achchiq haqiqatdir.

Xalqimiz beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r, deydi. Xuddi shunday, budjet asosida moliyalashtiriladigan tashkilot yoki korxonaning ko‘p hollarda rahbar xodimlari mablag‘larni talon-toroj qilishi, yuqorida aytganimday, tejamkorlikni unutib qo‘yishi – bu endi ularning moliyaviy va huquqiy madaniyati, vijdoni bilan bog‘liq masaladir.

Ijtimoiy siyosatni davlat taraqqiyotining tub negizi deb hisoblaydigan Xalq demokratik partiyasi davlat budjeti mablag‘larini samarasiz va maqsadsiz ishlatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish tarafdoridir. Maqsad har bir so‘m xalqning foydasi uchun ishlatilsin.

Jamiyatimiz hayotida ijtimoiy muammolar oz emas. Ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, nogironligi bor shaxslar, keksalar, xotin-qizlar, yoshlar manfaatlari himoyasini oshirish, zamonaviy ta’lim va tibbiy muassasalar bunyod etish, kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida yig‘ilib qolgan kamchiliklarni bartaraf qilish – bular zarracha ham dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Mana shunday bir paytda xalq puli - budjet mablag‘lariga ko‘z olaytirishni, yumshoqroq aytganda, kechirib bo‘lmaydi.

 

Davlat budjetidan qimmatbaho sovg‘alar berilishiga chek qo‘yish lozim

Nilufar ABDUMAJIDOVA,

O‘zXDP Norin tuman kengashi raisi:

– Davlat budjeti bitmas-tuganmas zaxira emas. Budjet mablag‘larini shakllantirishdan tortib sarf etishgacha bo‘lgan butun boshli jarayon soat millaridek aniqlikni, qonuniy tartibni, intizomni, shuningdek, halollikni talab qiladi. Buni har bir mansabdor shaxs chuqur his etmog‘i kerak. Aks holda, davlat va xalq manfaatidan ko‘ra, o‘z manfaati ish faoliyatida ustunlik qilishi, bu esa qator qonunbuzilishlarga yo‘l ochishi muqarrar.

Partiyamiz mazkur yo‘nalishda javobgarlikni kuchaytirish bilan birga davlat budjeti hisobidan qimmatbaho sovg‘alar hadya etishni ham qonuniy taqiqlashni taklif qilmoqda.

Yashirishning hojati yo‘q, turli darajadagi amaldorlarga bayramlar, to‘ylar, tug‘ilgan kun yoki boshqa muhim sana munosabati bilan qimmatli sovg‘alar yuborish, xizmat safarlariga borganda noz-ne’matga to‘la dasturxonlar yozilib mehmon qilish-u bu mehmondorchiliklar «arzimas», deb ataladigan sovg‘alar bilan yakunlanishi bilan bog‘liq tutum deymizmi, odatmi, ayrim joylarda hali-hamon saqlanib qolmoqda.

Bunday sovg‘alarni taqdim etish yoki qabul qilish manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsiyaviy holat sanaladi. Beg‘araz sovg‘a qiymati shunday bo‘lishi kerakki, davlat fuqarolik xizmatchisi faoliyatida xolis qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatadigan majburiyat yuzaga kelmasligi shart.

Xorij tajribasiga nazar tashlasak, deylik, AQSH Davlat departamenti har yili Federal reyestrda sovg‘alar ro‘yxatini e’lon qiladi. Har qanday darajadagi mansabdor shaxsga o‘z mamlakati fuqarosidan olingan sovg‘a, agar qiymati 50 dollardan oshsa, pora hisoblanadi. Senatorlarga sovg‘alar narxi yiliga 300 dollardan oshmasligi kerak, umumiy qiymati 75 dollardan ortiq bo‘lgan sovg‘alar deklaratsiya qilinadi.

Singapurda esa vazirlar va ularning oila a’zolari narxi 32 AQSH dollaridan kam bo‘lgan sovg‘alarni olishi mumkin, xolos. Kattaroq summadagisini esa vazirlar o‘z hisoblaridan davlatdan sotib olishlari mumkin. Kanada hukumati xodimlariga qiymati pul bilan ifodalanishi mumkin bo‘lgan har qanday sovg‘alarni qabul qilishga ruxsat berilmaydi.

Budjet, vazirlik-idora mablag‘idan ishtahasi kelib qolib shokolad olgan, farzandini xizmat mashinasida maktabga olib borgan katta amaldorlar uyatga qolganidan iste’fo berishga majbur bo‘lgani haqida ham dunyoda xabarlar oz emas.

Ko‘rib turganimizday, qimmatbaho sovg‘alar olish yoki taqdim etishga nisbatan bunday qat’iy va keskin yondashuv zamirida korrupsiyaviy jinoyatlarning, davlat g‘aznasiga shaxsiy manfaatlar aralashuvi bilan chang solish holatlarining oldini olish maqsadi turibdi.

Hozirgi davr budjet mablag‘laridan tejamkorlik bilan foydalanishni taqozo etmoqda. Mamlakat rivoji, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, islohotlar samaradorligi bevosita shunga bog‘liq. Bu borada budjet mablag‘larining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni, javobgarlikni yanada kuchaytirish muhim va dolzarb vazifadir.

 

Farida MAHKAMOVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 28.08.2023, №34-35

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish