Har kuni zarur, hammaga kerak...
Har kuni zarur, hammaga kerak...

 

Ma’lumki, parlamentning 2019-yili shakllantirilgan joriy quyi palatasi vakolati 2024-yil oxirida tugaydi. Hozir yurtimiz muhim siyosiy jarayon arafasida turibdi. Saylash huquqiga ega bo‘lgan har bir vatandoshimizning ijtimoiy-siyosiy islohotlarga daxldorligi yanada kuchaygan.

Saylov nafaqat siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar, balki odamlarimiz uchun ham sinovdir. Chunki ular o‘z hududining taraqqiyoti, muammolari vakillik organiga, parlamentga olib chiqilishi, xohish-istaklari amalga oshishi, qonunlarda aks etishi uchun shunga munosib nomzodni tanlashi kerak. Ovoz berish esa shunchaki saylov byulleteniga maxsus belgini qo‘yish bilan bo‘lmaydi. Siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodning tashabbuskorligini, fazilatlarini o‘rganish, kuzatish barobarida siyosiy partiyalar faoliyatidan ham xabardor bo‘lish talab etiladi. Shunda ko‘plar orasidan munosib va eng yaxshi nomzod saylanadi, siyosiy partiyalar faoliyatiga haqqoniy baho beriladi.

2019-yilgi O‘zXDP Saylovoldi dasturida xalqimizni o‘ylantirgan ko‘plab dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha yangi va qat’iy tashabbuslar o‘rin olgan edi. Masalan, aholining kam ta’minlangan qatlamlari, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasini oshirish, kundalik iste’mol tovar va xizmatlar narxlarining ijtimoiy maqbulligini ta’minlash, qishloq odamlarining yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilangandi.

Xo'sh, ular qay darajada ijro etildi-yu, buning odamlarga qanday nafi tegdi? Bugun shu savol atrofida fikrlashamiz.

 

Hayotiy ehtiyojlar kafolati

Insonlar farovonligini o‘zida mujassam etadigan eng muhim talab va ko‘rsatkichlardan biri – bu oila budjetining hajmi va tarkibidir. Tabiiyki, ushbu ko‘rsatkich iste’mol bozorining zarur tovar va ijtimoiy xizmatlar bilan qanchalik to‘ldirilgani hamda aholining undan foydalanish imkoniyatlari qay darajadaligi bilan o‘lchanadi.

Shu sababdan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 2019-yilgi parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovdan so‘ng ehtiyojmand aholi qatlamini kundalik zarur tovar va xizmatlar bilan ta’minlanishi g‘oyasini ilgari surgan edi.

Keling, dastlab masalaning dolzarbligiga qisqacha izoh berib o‘tamiz. Sir emas, bugun Yer yuzida global iqlim o‘zgarishlari jiddiy xatarlarni keltirib chiqarmoqda. Tabiiy ofatlar, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, cho‘llanish kabi holatlar birinchi galda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni qiyinlashtirishi tabiiy, albatta. Oqibatda dunyo oziq-ovqat bozorlarida narx-navo ko‘tarilishi kuzatiladi, bu bizning mamlakatga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.

Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha strategik jihatdan maqsadli va izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada yiliga 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. So‘nggi yillarda esa 800 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash sig‘imiga ega bo‘ldik. Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy-tadqiqot instituti hisobotlarida ham O‘zbekistonda keyingi yillarda bu borada e’tirofga sazovor ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Masalan, respublikada oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, sohaga investitsiya mablag‘larini jalb qilish va eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6,1 mlrd. dollardan oshdi.

Shuningdek, oxirgi uch yilda import o‘rnini bosuvchi 75 turda 289,9 mln. dollar miqdoridagi oziq-ovqat sanoati mahsulotlari ishlab chiqarilib, import hajmi 7,4 foizga kamaydi. Respublikada oziq-ovqat sanoati ulushi 14 foizdan 16,6 foizga yetdi.

Natijada O‘zbekiston BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida “Ming yillik rivojlanish maqsadlari”ga erishgani uchun maxsus mukofotiga sazovor bo‘lgan dunyodagi 14 davlatdan biri sifatida e’tirof etildi.

Ammo, ochig‘ini aytish kerak, bu ehtiyojlarimiz uchun kam. Demak, bu mamlakat iqtisodiy xavfsizligi muhim tarkibiy qismi hisoblangan oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, aholini kundalik zarur tovar va xizmatlar bilan ta’minlanishi borasidagi ishlarni tizimli ravishda takomillashtirish lozimligini ko‘rsatadi.

 

Ijro haqida...

Aytish kerakki, biz yuqorida tilga olgan masalalar bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining 2023-yil 28-dekabrdagi “Iste’mol bozorlarida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonida nazarda tutilgan.

Ushbu masala yuzasidan partiya fraksiyasining ishchi guruhi tuzildi. U xususiy mulkni himoya qilish va tadbirkorlik erkinligi tamoyillariga zid bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyojdagi boshqa tovarlarni ishlab chiqarish hamda iste’mol qilish sohasida davlat tomonidan tartibga solish choralarini qonuniy jihatdan mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba hamda mazkur masalalar bo‘yicha universal xalqaro hujjatlarning tavsiyalari va me’yorlarini o‘rganishni tashkillashtirdi.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

 

Dilorom IMOMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

– Tovar va xizmatlar iste’moli hayot darajasini belgilab beruvchi omillardandir. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, yurtimiz aholisi muttasil ko‘payib borayotganiga qaramay, ularning real daromadlari, ayniqsa, oxirgi 5-6 yilda katta o‘sish tendensiyasini ko‘rsatmoqda.

Bugun ko‘plab mamlakatlarda oziq-ovqat xavfsizligi jiddiy muammoga aylanmoqda. Davlatimizning xavfsiz, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash salohiyatini oshirishga e’tibori katta ekani maqsadga muvofiq, albatta. Prezidentimizning 2022-yil 31-maydagi “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni doirasida asosiy turdagi oziq-ovqat va zarur mahsulotlar narxlari asossiz oshirilmasligi bo‘yicha tizimli ishlar bajarilmoqda. Mazkur masalalar har yili qabul qilinadigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunlar doirasida huquqiy tartibga solinadi. Ushbu qonunlarni muhokama qilishda partiyamiz fraksiyasi faol ishtirok etmoqda.

Shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlarga ehtiyojini qondirish mexanizmlari “Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga doir choralar to‘g‘risida"gi, “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida"gi qonunlarda ham belgilab berildi.

Oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta’minlashning strategik maqsadi — mamlakat aholisini xavfsiz, sifatli, arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan hozirgi va istiqboldagi iste’mol ehtiyojlari, ratsion me’yorlari darajasida ta’minlash, shuningdek, jamiyatda sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilishdan iborat.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 1-aprelda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 1-apreldan boshlab, meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 10 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmay, tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qo‘llanmaydigan tizim joriy qilindi.

2026-yil 1-yanvarga qadar mahallalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ib, faqat mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga sotish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berildi.

 

Tovar va xizmatlar maqbulligi

Tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi tenglik muhiti va teng imkoniyatlar yaratadi. Ijtimoiy himoya tushunchasi nafaqat ijtimoiy yordam va nafaqalar bilan ta’minlashni, shu bilan birga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini izchil rivojlantirishni ham qamrab oladi. Xalq demokratik partiyasi har bir insonning hayotiy zarur ehtiyojlari, tovar va xizmatlar maqbulligi real hayotda kafolatlanishini istaydi. Shuning uchun ham muhim ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlarning narxlari hamda ro‘yxatini belgilash davlat tomonidan tartibga solinishini qonuniy jihatdan mustahkamlash bo‘yicha takliflar kiritgan edi.

 

Abror QURBONOV,

O‘zXDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i:

– Prezidentning 2023-yildagi “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2024-yil 1-yanvargacha 35 turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga import bojlari nol stavkada belgilandi. Natijada bojxona imtiyozlari asosida import qilingan 36 turdagi tovarlarning 24 turi bo‘yicha ulgurji narxlarning pasayishi kuzatildi.

Bundan tashqari, 2023-yilning 1-mayidan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarning mol, qo‘y va parranda go‘shti, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari va tibbiy xizmatlar uchun qilgan xarajatlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarilishi tizimi joriy qilindi. Natijada 2 milliondan ortiq oilaga yengillik yaratildi.

Bu ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi manfaatlari uchun ayni muddao bo‘ldi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2023-yil 15-oktabrdan boshlab «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar ko‘rsatadigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ro‘yxati tasdiqlandi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bor shaxslar har oyda 15 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va 4 turdagi gigiyena tovarlari bilan bepul ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgani ham partiyamiz g‘oyalariga hamohangdir.

2024-yil 1-maydan reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun qo‘shimcha pul to‘lovlari o‘rniga har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etildi.

2024-yil 1-martdan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil harakatlanish va mo‘ljal olish imkoniyati cheklangan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etildi.

Bozor iqtisodiyoti davrida tovar va xizmatlar narxlarini nazorat qilish biroz mushkul, albatta. Shunga qaramay, narx va tariflar ustidan davlat hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Qanchalar qiyin bo‘lmasin, tomonlar mas’uliyatini oshirish, me’yorni saqlash borasida qat’iy nazorat o‘rnatilmoqda.

Shuningdek, Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiya a’zolari, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari, hamda hududiy partiya tashkilotlari “Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi” portalida jamoatchilik muhokamasida ishtirok etishdi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, kam ta’minlangan oilalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyojdagi tovarlarni arzon narxlarda sotadigan ijtimoiy do‘konlar tarmog‘ini rivojlantirish taraqqiy etgan mamlakatlarda eng keng tarqalgan xayriya faoliyatlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan hozirgi kunda tegishli qonunchilik hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida takliflar ishlab chiqilmoqda.

 

***

Darhaqiqat, bozorlarda to‘kinlik va arzonchilik bo‘lishi, kundalik zarur tovar va xizmatlar narxlari hamda tariflari belgilangan me’yorlardan oshib ketmasligini nazorat qilish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani insonparvarlik tamoyili asosida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning yana bir amaliy natijasi, desak yanglishmaymiz.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi har bir insonning hayotiy ehtiyojlari kafolatli ta’minlanishi tarafdori sifatida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning kundalik zarur tovar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini, jamiyatda ijtimoiy tenglik va barqarorlik bardavom etishini ustuvor maqsad, deb biladi.

 

Laziza SHEROVA,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 28.08.2023, №34-35

 

 

 

 

 

Teglar

Saylov-2019 Saylov Partiya munosabati Saylov-2024
← Roʻyxatga qaytish