Mamlakatimizda aholining turli qatlamlarini, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Shu maqsadda, O‘zbekiston XDP tomonidan ilgari surilayotgan Ijtimoiy kodeksni ishlab chiqish va unda imtiyozlarga ega bo‘lgan fuqarolardan tashqari boshqa og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolar toifalarini hamda ularga ko‘rsatiladigan yordam turlarini aniq belgilash tashabbusi ko‘pgina muammolarning oldini olish barobarida mavjud dolzarb masalalarga munosib yechim ham bo‘ladi, deb hisoblaymiz.
Partiyamiz tashabbusi bilan Ijtimoiy kodeksning qabul qilinishi aholining barcha qatlamlari manfaatlarini hisobga oladigan yagona ijtimoiy ta’minot tizimini shakllantirishga yordam beradi.
Bu, ayniqsa, iqtisodiy inqirozlar davrida, fuqarolar turli qiyinchiliklarga duch kelgan holatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu boradagi xorij tajribasiga nazar tashlansa, Germaniya, Fransiya, Avstriya, Qozog‘iston va Turkmanistonda Ijtimoiy kodeks mavjudligi ayon bo‘ladi. Shuningdek, Ijtimoiy kodeks Rossiya Federatsiyasining 7 ta subyektida, ya’ni Belgorod, Volgograd, Omsk, Yaroslavl, Leningrad va Astraxan viloyatlarida hamda Sankt-Peterburgda amal qiladi.
Mamlakatimizda bunday hujjatning qabul qilinishi ijtimoiy nafaqalarning yanada adolatli taqsimlanishini ta’minlash, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bu esa, o‘z navbatida, byurokratik to‘siqlarga hamda korrupsiya holatlariga chek qo‘yadi, ijtimoiy himoyaga muhtoj odamlarning og‘irini yengil qilishi asnosida ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qiladi.
F.Usarova,
Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi metodik markazi direktori v.b., t.f.d.