Huquqlar, imkoniyatlar tengligi, har bir inson farovonligiga intilish davlat va jamiyat barqaror rivojlanishining muhim, ustuvor mezonlaridan hisoblanadi.
Dunyoda hukm surayotgan murakkab hozirgi sharoitda bu masalaning qadr-qimmati, ahamiyati yanada ortgan. Binobarin, ijtimoiy tengsizlik, aholi turli qatlamlari o‘rtasida tafovutlar paydo bo‘lishi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonida muayyan muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Iqtisodiyotning barqaror ravnaq topishi uchun ham davlat ijtimoiy adolatni ta’minlashi, boshqacha aytganda, ijtimoiy himoya mexanizmlarining keng qamrovini va izchilligini kafolatlashi kerak.
BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 15 yoshgacha bo‘lgan 1,4 milliard bolaning ijtimoiy huquqlari ta’minlanmagan. Dunyo aholisining atigi 29 foizi ijtimoiy himoya tizimlari bilan yetarli darajada qamrab olingan bo‘lsa, 55 foizi bu qamrovga to‘liq ega emas.
Ma’lumki, shunday sharoitda bir qator mamlakatlar hukumatlari bozor iqtisodiyotining ijtimoiy tengsizlik va kambag‘allikka olib keladigan jarayonlarini jilovlash maqsadida davlatning ijtimoiy siyosatini kuchaytirishga e’tibor qaratmoqda.
Kezi kelganda ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston bugun jahon minbarlarida har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan ijtimoiy davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Aholiga malakali va sifatli tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsadida tizimda olib borilayotgan islohotlar ham, ochig‘i, bir oz qiyin kechayotgan bo‘lsa-da, asta-sekin bo‘y ko‘rsatmoqda.
Bolalar, ayollar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, migrantlar va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda ham yil sayin o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda.
O‘zbekistonning ijtimoiy davlat sifatidagi konstitutsiyaviy maqomini ta’minlashda davlat boshqaruv idoralari bilan bir qatorda nodavlat institutlar, jamoatchilik, asosiysi, siyosiy partiyalar birinchilar safida puxta o‘ylangan, natijador taklif-tashabbuslarning ijodkorlari bo‘lmog‘i kerak.
Shu ma’noda, Xalq demokratik partiyasi bozor iqtisodiyotining ijtimoiy samaradorligini oshirishga urg‘u berib kelayotgani, yangi Saylovoldi dasturida ham bu yo‘nalishda aniq, hayotiy va xalqchil takliflarni kiritgani zamirida bir haqiqat turibdi. Bu insonparvarlik, tenglik g‘oyalarini islohotlarga chuqur singdirish, ijtimoiy adolat va birdamlikni hamma narsadan ustun qo‘yish maqsadi bilan bog‘liqdir.
Davlatning faol roli va ishtiroki muhim
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi iqtisodiyotni ijtimoiy barqarorlikni ko‘zlab rivojlantirish muhim, deb hisoblaydi.
Chunki dunyo tajribasidan ayonki, erkin bozor qonunlari ba’zan ijtimoiy tafovutlarning, tengsizlikning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa ijtimoiy davlat barpo etish uchun to‘siqdir. Qolaversa, samarali boshqaruvga ega davlatning asosiy tartibga soluvchilik roli bozor munosabatlarini rag‘batlantirib, ijtimoiy-iqtisodiy foyda keltiradi. Bozor munosabatlarini tartibga solish va ijtimoiy tenglikni ta’minlash jarayoni davlat ishtirokisiz bo‘lmaydi.
Ammo UzLiDeP Saylovoldi dasturida ilgari surilayotgan iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish g‘oyasi bizning pozitsiyamizga zid, deb hisoblaymiz. Bizning fikrimizcha, iqtisodiyotda davlatning ishtiroki bo‘lishi shart, davlat tartibga soluvchi va tashabbuskorligidan voz kechmasligi lozim.
Bundan tashqari, davlat mulkini xususiylashtirishga doir taklifga ham to‘liq qo‘shila olmaymiz. Masalan, strategik ahamiyatga ega korxona va zavodlarni xorijiy investorlarga topshirish salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu davlatning boshqaruvchilik salohiyatiga va ijtimoiy hayotni tartibga solish mexanizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylaymiz.
Davlatning iqtisodiyot va ijtimoiy sohada faol ishtirok etishi iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Xususan, energetika, transport va mudofaa sanoati kabi strategik muhim tarmoqlar ustidan davlat nazorati ularning milliy manfaatlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xorijiy yoki xususiy manfaatlar nazorati ostiga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Mamlakat aholisi har yili qariyb bir millionga ko‘paymoqda, bu davlat oldiga yangi maktablar va shifoxonalar, ijtimoiy infratuzilmalarni barpo etish majburiyatini qo‘yadi. Bandlikni qo‘llab-quvvatlash, asosiy tovarlar va xizmatlar narxlarini tartibga solish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini himoya qilish singari keng ko‘lamli vazifalarni ham faqat davlat samarali hal qila olishi mumkin.
Samarali davlat nazorati iqtisodiyotda monopoliyani cheklash va adolatli raqobatni ta’minlash, yangi texnologiyalarni joriy etish, infratuzilmalarni rivojlantirish sohalariga uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi.
O‘zbekistonning iqtisodiy strategiyasi 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming AQSH dollaridan oshirish va global innovatsion indeks reytingida dunyoning 50 ta yetakchi davlati qatoriga kirish va bu ulkan maqsadga erishishda inson kapitalini rivojlantirishni nazarda tutadi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, davlat ishtiroki hamda nazorati muhimdir.
Zotan, o‘tgan yili yangilangan Konstitutsiyamizning 65-moddasida ham davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoit yaratishi aniq belgilab qo‘yildi.
XDP faollari bozor iqtisodiyoti sharoitida ijtimoiy islohotlarning samaradorligini oshirish uchun davlatning asosiy tartibga soluvchi rolini kuchaytirishni hayotiy zarurat, deya hisoblab kelishi bejiz emas.
Barqarorlik va farovonlik kafolati
Mutaxassislarning fikricha, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti shunday tizimki, u bir tomondan erkin bozorning o‘zini o‘zi tartibga solish tamoyillariga asoslansa, ikkinchi tomondan xususiy tadbirkorlik va nodavlat sektorning oddiy odamlarga xizmat qilishini ta’minlaydi. Bozor iqtisodiyotining bu shaklida yalpi ichki mahsulot va milliy daromadni qayta taqsimlashda davlat muhim rol o‘ynaydi.
Dunyo davlatlari tajribasiga nazar solsak, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini yuritishda yetakchilardan sanalgan Skandinaviya o‘lkalari (Daniya, Shvetsiya, Norvegiya), Finlandiya, Niderlandiya, Germaniya kabi mamlakatlarda iqtisodiy samaradorlikka muhim asos sifatida qaraladi, biznesning ijtimoiy mas’uliyati belgilanib, ijtimoiy himoya amalga oshiriladi.
Mamlakatimizda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq konstitutsiyaviy normalar bir necha barobar ko‘paydi. Xususan, aholining ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash, fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, kafolatlangan tibbiy yordamga bo‘lgan huquqni ro‘yobga chiqarish, ta’limning barcha shakllariga g‘amxo‘rlik qilish, barcha uchun teng imkoniyatlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mustahkamlab qo‘yildi.
Tabiiyki, har bir inson uchun farovon turmush darajasini vujudga keltirish, munosib mehnat sharoiti va adolatli ish haqi, pensiya va nafaqalar, ijtimoiy yordam va xizmatlar tizimini yo‘lga qo‘yish, boshqacha aytganda, ijtimoiy adolat tamoyillarini hayotga tatbiq qilish uchun Davlat budjeti hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Soliqlar evaziga hosil bo‘ladigan Davlat budjetidan samarali foydalanish har qachongidan dolzarb tus olgan.
Yangilangan Konstitutsiyamizda Davlat budjetini shakllantirish, uning daromad va xarajat qismlarini belgilash va ijrosini ta’minlashda fuqarolar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokini ta’minlash, bu yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun huquqiy kafolatlar yaratildi.
Yuqoridagi barcha omillarni, davlatning iqtisodiy qudrati, eng avvalo, budjetga bevosita bog‘liqligini inobatga olib, vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki qonuniy belgilangan tartibda jismoniy va yuridik shaxslarga jarimalar solish natijasida tushadigan barcha tushumlarni to‘liqligicha Davlat budjetiga yo‘naltirish hozirgi pallada har tomonlama to‘g‘ri yechim bo‘ladi. Ushbu taklif davlatning ijtimoiy majburiyatlarini samarali uddalashida imkoniyatlarni kengaytirishga muhim turtki beradi.
Aholining ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasi haqida gap ketganda, “Adolat” partiyasi Saylovoldi dasturidagi fuqarolarning uy-joyli bo‘lishga oid huquqlarini ro‘yobga chiqarishda subsidiyalar tizimini takomillashtirish borasidagi taklif o‘zini oqlamaydi. Bizningcha, bu borada boshqa samarali iqtisodiy va ijtimoiy mexanizmlar bor. Xalq demokratik partiyasi mazkur yo‘nalishda, masalan, ijtimoiy uy-joylar barpo etishni taklif qilmoqda. Biz taklif qilayotgan yangi mexanizm ehtiyojmand, kam daromadli fuqarolar uchun yanada samaraliroq hisoblanadi.
Ijtimoiy tenglikni ta’minlash
XDP daromad va ularning manbalaridan qat’i nazar, boylikning haddan tashqari konsentratsiyasiga adolatli soliq solish tizimini joriy qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
Bunday choralar ayrim rivojlangan mamlakatlarda aholining iqtisodiy tabaqalashuvining oldini olishga xizmat qilgan. Masalan, AQShda yillik daromadi 11 ming dollardan kam bo‘lgan fuqarolarga 10 foizli soliq stavkasi qo‘llanadi, 578 ming dollardan yuqori daromadlilar esa 37 foizga soliq to‘laydi. Xitoyda 36 ming yuandan kam topganlar 3 foiz, 960 ming yuandan ortiq topganlar esa 45 foiz soliq to‘laydi. Fransiyada oila a’zolarining qo‘shma daromadlari inobatga olinadi: 11 294 yevrodan kam olayotganlar soliq to‘lamaydilar, ammo 177 106 yevrodan ortiq daromadlilar 45 foiz stavka bo‘yicha soliq to‘laydilar.
Boylikning haddan tashqari konsentratsiyasiga adolatli soliq solish tizimi yuqori daromad va boylikka ega bo‘lgan shaxslarni soliqqa tortish orqali ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga yordam beradi.
Demak, bunday soliq to‘lash har bir shaxsning mol-mulkka ega bo‘lish huquqiga daxl qilmaydi, aksincha, davlat va jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shishdek olijanob fuqarolik burchini bajarishga imkon beradi. Zero, to‘langan soliqlar hisobidan maktab, bog‘cha, shifoxonalar, yo‘llar kabi ijtimoiy obyektlar barpo etiladi, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ehtiyojmand aholi qo‘llab-quvvatlanadi.
Shaffoflik kerak
Davlat xaridlari davlat, jamiyat va biznes o‘rtasidagi munosabatlarning sifatini aks ettiruvchi muhim jarayon sanaladi. Davlat organlari va muassasalari budjet mablag‘laridan samarali foydalanishi lozimdir.
Bugungi kunda jahondagi rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, davlat xaridlari tizimini takomillashtirmay turib, iqtisodiy samaradorlik, biznes subyektlari o‘rtasida halol raqobat, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida yuqori natijalarga erishish qiyin.
Mamlakatimizda davlat xaridlari tizimini ochiqlik va shaffoflik tamoyiliga muvofiqlashtirish, shu orqali korrupsiya va uning oqibatlariga, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Bu borada normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, xaridlar tizimi raqamlashtirilmoqda.
Shu bilan birga, amaliyotda davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunbuzilish holatlari uchrab turgani bor gap.
Bunday vaziyatlarning oldini olish va shaffoflik bo‘lishi uchun davlat xaridlari sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish, shuningdek, jarayonda ishtirok etuvchi taraflarning shartnoma majburiyatlariga rioya etilishini monitoring, tahlil va nazorat qilishning kompleks tizimini yaratish eng maqbul choralardan, albatta.
Sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish davlat xaridlari jarayonidagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga sharoit yaratadi.
Ko‘rib turganimizdek, bir-biriga halqa misoli bog‘langan bu jarayonlar pirovardida ijtimoiy himoya tizimi samaradorligiga olib keladi. Xalq demokratik partiyasi davlat xaridlari tizimida shaffoflikni hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni o‘ta muhim, deb hisoblaydi.
Ijtimoiy siyosatning “barometri”
Xalqaro mehnat tashkilotining ma’lum qilishicha, 2024 yilda dunyo bo‘yicha ishsizlar soni ikki millionga oshishi va global ishsizlik darajasi hozirgi 5,1 foizdan 5,2 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda. Katta yigirmatalik davlatlarining ko‘pida ixtiyoriy daromadlar kamayadi va inflatsiya natijasida turmush darajasining pasayishi qisqa muddatda deyarli tiklanmaydi.
Dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham bu masala juda dolzarb. Mana shunday sharoitda aholining bandlik darajasini ko‘tarish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan davlat dasturlari ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda. Binobarin, bandlik sohasiga ijtimoiy siyosatning “barometri” deya ta’rif berish mumkin.
E’tiborlisi, bu sohada O‘zbekistonda yetarli tajriba to‘plandi, ijtimoiy-iqtisodiy faollik ortdi. Lekin o‘zgarishlarga qaramay, vaqtincha ishsiz fuqarolar, asosan, yoshlar va xotin-qizlar manfaatlarini himoyalash muhim.
Xalq demokratik partiyasi bu borada ishsizlik bo‘yicha majburiy ijtimoiy sug‘urta milliy modelini joriy qilishni taklif etmoqda. Bu shunday tizim bo‘ladiki, ish topishda qiynalayotgan, turli sabablar bilan ish joyidan ayrilgan, vaqtincha ishsizlar qatorida turgan insonlar manzilli qo‘llab-quvvatlanadi. Ayni paytda u fuqarolarni boqimandalikka emas, ijtimoiy-iqtisodiy faol bo‘lishga undaydi.
Iqtisodiy taraqqiyotning lokomotivi
Milliy iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishida investitsiyalar oqimini kengaytirish, buning uchun zarur iqtisodiy-huquqiy sharoitni yaratish muhim.
Iqtisodiyotimizga mablag‘ kiritish istagida bo‘lgan har qanday investorni birinchi navbatda sharoit, imkoniyat qiziqtiradi. Ayniqsa, qanday imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilgani ham ahamiyatli.
So‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar o‘sdi. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha bu o‘sish 5,5 foizni tashkil qildi. Inflatsiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari oshmoqda. Valuta bozori va oltin-valuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.
Investitsiyalar iqtisodiy taraqqiyotimizning mustahkam drayveri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirish maqsadida mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish dolzarb ekanini ta’kidlash joiz. Bu Saylovoldi dasturimizdagi muhim tashabbuslardan biridir.
Sodda qilib aytganda, xorijiy investorga ham, mahalliy investorga ham bir ko‘z bilan qaralishi muhim. Bu eksportbop sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, tarmoqlararo kooperatsiyani chuqurlashtirish va qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Iqtisodiyotni isloh qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash haqida gap ketganda, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Saylovoldi dasturining iqtisodiyot sohasidagi ayrim tashabbuslari tadbirkorlar, xususan, fermerlar uchun salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, partiyaning “2030 yilga qadar pestitsidlardan foydalanish hajmini 50 foiz kamaytirish” to‘g‘risidagi taklifi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar uchun muayyan qiyinchiliklar olib kelishi mumkin. Fermer, dehqonlarimiz turli zararkunanda jonzotlar va hasharotlardan hamda o‘simliklardan himoya qilish uchun pestitsidlar ishlatishga majbur. Bo‘lmasa, mahsulot nobud bo‘lishi yoki hosilga zarar yetishi mumkin. Umuman olganda, mazkur taklif iqtisodiy samaradorligi jihatidan Ekopartiya tomonidan chuqur o‘ylanmasdan ko‘tarib chiqilgan masala, deb hisoblaymiz.
Xulosa o‘rnida
Saylovoldi targ‘ibot kampaniyasi qizg‘in davom etayotgan davrda saylovchilar, yurtdoshlarimiz siyosiy partiyalarning dasturiy maqsad-g‘oyalari bilan yaqindan tanishmoqda, o‘rganmoqda, taqqoslamoqda.
Iqtisodiyotimiz rivojining hozirgi bosqichida islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish, har bir inson orzu-maqsadlariga yetishi uchun sharoit va imkoniyat yaratish, turmush farovonligi bo‘yicha davlatning hisobdorligini oshirish dolzarb ahamiyatga egadir.
Partiyamiz Saylovoldi dasturida bu bo‘yicha aniq, hayotiy taklif-tashabbuslar ilgari surilgan.
Iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligi uchun Xalq demokratik partiyasiga va nomzodlariga ovoz bering!
To‘lqin TO‘RAXONOV,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari,
Qizilgul QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
«O‘zbekiston ovozi», 9.10.2024, №41