O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy adolat tamoyillari asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar manfaatlarini himoya qiladi. Mamlakat siyosiy kuchlari so‘l qanoti hisoblangan partiya fuqarolik va millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlik, har bir oila va butun xalq farovonligiga erishish kabi umummilliy manfaatlarni o‘z mafkurasi va siyosiy faoliyatining poydevori, deb biladi.
Shu kunlarda partiyaning Toshkent shahar kengashi vakillari, volontyorlik guruhlari, deputatlikka nomzodlar keng ko‘lamli saylovoldi tashviqot tadbirlarini, uchrashuvlarini o‘tkazmoqda.
Ayni paytda poytaxtimiz markaziy ko‘chalaridagi LED ekranlarida nomzodlarning targ‘ibot roliklari namoyish etilmoqda. Partiyaning “Har bir inson farovonligi uchun!”, “Ijtimoiy davlat uchun!” shiorlari aks etgan bilbordlarga yirik hajmdagi bannerlar o‘rnatilgan.
Targ‘ibot tadbirlarida va uyma-uy yurib partiya g‘oyalarini saylovchilarga yetkazishda tarqatma materiallarda foydalanilyapti.
Partiya elektorati bo‘lgan nuroniylar, vaqtincha band bo‘lmagan fuqarolar, kasb-hunar o‘rganayotgan yoshlar, ayollar, ijtimoiy soha vakillari bilan o‘tayotgan muloqotlarda yangi Saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan muhim tashabbus va takliflar haqida so‘zlab berilyapti.
Partiya o‘z saylovoldi dasturida 10 ta yo‘nalish, 15 ta strategik qadamdan iborat 150 dan ortiq tashabbuslarni ilgari surmoqda. Xususan, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlarini yangi normalar bilan to‘ldirish orqali “Ijtimoiy kodeks”ni ishlab chiqish va qabul qilishga erishish, har bir insonning birlamchi hayotiy ehtiyojlariga yetadigan eng kam iste’mol xarajatlarini qonun darajasida belgilash maqsadida “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish, Nogironlar uchun obyektlar va xizmatlarning qulayligi milliy standartlarini ishlab chiqib, qonun darajasida mustahkamlash kabi taklif va tashabbuslar o‘rin olgan.
Bundan tashqari, “Kommunal xizmatlar va tariflarni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilish, suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish uchun Suv kodeksini qabul qilish vazifasi ham ilgari surilmoqda.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uchun har bir saylov xalqimizga xizmat qilish imkoniyatidir. Barcha saylovchilarni partiyamizning dasturlari bilan yaqindan tanishishga va saylovlarda faol ishtirok etishga chaqiramiz.