Bugungi kunda Buxoro ko‘chalari o‘zgacha ko‘rinishga kirgan. Chunki muhim siyosiy jarayon bo‘sag‘asida turibmiz. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Mahalliy Kengashlarga deputatlik saylovlarida munosib ishtirok etish uchun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Buxoro viloyat kengashi tomonidan ham faol targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotgani viloyatning har bir go‘shasi, ijtimoiy soha obyektlari, saylgohlar, mahalla guzarlarida ko‘zga tashlanmoqda.
Saylovda g‘alaba qozonish, parlamentda ko‘proq o‘ringa ega bo‘lish, mahalliy Kengashlardagi deputatlarning ustunligiga erishish uchun partiya faollari va xayrixohlari, Boshlang‘ich partiya tashkilotlari, volontyorlik guruhlari tomonidan keng ko‘lamli targ‘ibot olib borilmoqda. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda dasturdagi taklif va tashabbuslar mazmun-mohiyati tushuntirib berilmoqda.
Partiyaning Saylovoldi dasturida davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga qaratilgan 15 qadamni o‘zida mujassam etgan 100 dan ziyod taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Saylovchilar bilan muloqotlar chog‘ida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z dasturiy maqsadlarini ijtimoiy adolat va tenglik, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya g‘oyalariga asoslangan holda ijtimoiy demokratik davlatni barpo etish maqsadidan kelib chiqib belgilagani alohida ta’kidlanyapti.
Xususan, partiya yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, o‘limlarning oldini olish, tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan qator taklif va tashabbuslar bilan chiqqan. Shu maqsadda jamoat transporti tizimini rivojlantirish, jamoat transporti bekatlarini aholi uchun qulay qilish, ularni noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlariga qarshi kurashish, davlat xizmatchilarini ishga jamoat transportida qatnashishini rag‘batlantirish, yo‘llarda rejalashtirilayotgan ta’mirlash ishlari va ularning davomiyligi haqida kamida o‘n kun oldin ushbu hududda hamda Internet tarmog‘ida e’lon joylashtirish orqali fuqarolarni xabardor qilish kabi takliflar ilgari surilmoqda.
Bundan tashqari, partiya qurilishlar ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiq, shaffof, xalqchil va demokratik davlat boshqaruvi tizimini joriy etish tarafdori bo‘lib, ushbu yo‘nalishda “Mening fikrim” platformasini takomillashtirish orqali fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaydi.
Uchrashuvda chog‘ida partiya faoliyati va tashabbuslariga oid flayerlar, bukletlar va yangi dastur o‘rin olgan kitobchalar tarqatilishi bilan birga saylovchilarning turli savollariga batafsil javoblar berilmoqda. Saylov jarayonlarining muhimligi tushuntirilib, saylovda faol qatnashishga va albatta O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va nomzodlariga ovoz berishga chaqirilmoqda.