Farg‘ona viloyatining qator hududlarida Xalq demokratik partiyasi nomzodlari hamda saylovchilar bilan ko‘plab ochiq va erkin muloqotlar o‘tkazmoqda. Ularda aholi vakillari partiyaning yangi saylovoldi dasturida belgilangan asosiy maqsad va vazifalar bilan tanishtirilmoqda.
Xususan, Farg‘ona tumani Kengashiga partiyadan ko‘rsatilgan nomzod “Tinchlik”, “Beruniy”, “Avval”, “Mozortagi”, “O‘rta qishloq”, “Birdamlik” mahallarida bo‘ldi, uyma-uy yurib, odamlarni saylovda ishtirok etishga hamda partiyani qo‘llab-quvvatlashga targ‘ib qildi.
Beshariq tumani deputatligiga nomzodlar Ravshanoy Abdullayeva, Rahimjon Tojiyev, Nilufar Komilova, Fozilbek Xudoyorov mahallalarda tashviqot ishlarini davom ettirmoqda. Xonadonma-xonadon yurgan nomzodlar saylovchilarga partiya dasturiy maqsadlari va tashabbuslari o‘rin olgan buklet hamda flayerlar tarqatmoqda.
Suhbatlar chog‘ida siyosiy kuchning asosiy g‘oyasi-mamlakatimizda ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan davlat va jamiyat barpo etish ekaniga alohida urg‘u berishyapti. Bu borada boy tajriba orttirilgani, g‘oyaviy va tashkiliy jihatdan o‘ziga xos maktab yaratilgani oid misollar keltirilmoqda.
Shuningdek, odamlar bilan yuzma-yuz muloqotlarda kuchli ijtimoiy siyosat yuritish tamoyillariga e’tibor qaratilmoqda. Saylovchilar har bir inson farovonligiga xizmat qilishga qaratilgan dasturiga ega partiyani qo‘llab-quvvatlashga chaqirilmoqda