O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga nomzod Abrorjon Qurbonov Qo‘shtepa tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qo‘shtepa tuman kengashi raisi Shavkatjon Sharopov, viloyat va tuman kengashiga nomzodlar ishtirok etdi.
Nomzod Abrorjon Qurbonov partiya dasturi va tashabbuslari haqida to‘xtalar ekan ishlab chiqarish sohasida barqaror hamda yuqori haq to‘lanadigan yangi ish o‘rinlari yaratishni jadallashtirishini alohida ta’kidladi. Ichki bozorga o‘z tovarlari bilan kiradigan milliy ishlab chiqaruvchilarning doirasini kengaytirish sog‘lom raqobatni rivojlantirishga yordam berishini qayd etdi. Bu o‘z navbatida mahsulot sifatini yaxshilash va iste’mol narxlarini barqarorlashtirish olib kelishi haqida saylovchilarga tushunchalar berdi. Muhimi, partiyaning kelgusi 5 yillik uchun mo‘ljallangan saylovoldi dasturida bu borada aniq va hayotiy takliflar borligiga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, nomzod jamiyatda barqarorlik, tenglik, ijtimoiy keskinlikning oldini olish, har bir fuqaro, umuman, butun xalq farovonligini ta’minlashga oid takliflar haqida yig‘ilganlar ma’lumot berdi.
Ochiq va samimiy muloqot ruhida kechgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, dastur haqidagi fikr va takliflarini ham bildirdi.