O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi dasturida xotin-qizlar hayotini yaxshilash, ularning huquqlarini kafolatlashga qaratilgan qator tashabbuslar bor. Xususan, yirik korxonalar, ayniqsa, ayollar mehnatiga ixtisoslashtirilgan ishlab chiqaruvchi tashkilotlar qoshida oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali korxonada ishlovchi ayollar uchun munosib sharoitlarni yaratish, oiladagi ijtimoiy muhitni barqarorlashtirish taklifi ilgari surilgan.
Partiya dasturiy maqsadlariga erishish uchun xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish ham talab etiladi. Shundan kelib chiqib, joylarda turli tadbirlar tashkil etib kelinadi. Ana shunday tadbirlardan biri Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida tumandagi "Yangi" mahalla fuqarolar yig‘inida O‘zbekiston XDP Furqat tuman kengashi, tuman hokimligi, va mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning holidan xabar olindi. Ayollarni qiynab kelayotgan masalalarni hal qilish maqsadida o‘rganishlar olib borildi. Natijada ikki nafar ayolning mushkuli oson bo‘ldi va murojaati joyida hal etildi.
Ayollar bilan muloqot davomida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish borasidagi ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi. Opa-singillarimizning sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlashga oid yangiliklardan xabardor qilindi. O‘z ishini ochish istagi bo‘lganlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi chora-tadbirlar ham tushuntirildi.
Suhbatlarda ayollarni kasb-hunarga o‘qitish va oliy ta’limga qamrab olish masalalari esa partiyamiz uchun hamisha ustuvor bo‘lib kelgani ta’kidlandi. Shu maqsadda norasmiy va informal ta’lim natijalarini o‘rta maxsus, professional va bakalavriat darajasida tan olish tartibini yo‘lga qo‘yish orqali rasmiy professional yoki oliy ta’lim ololmagan shaxslar uchun mustaqil ravishda ta’lim olish va kasb egallash orqali o‘z ijtimoiy holatini o‘nglashiga shart-sharoit yaratish masalasida ham xotin-qizlar uchun imkoniyatlar inobatga olingani qayd etildi. Umuman, suhbatlar davomida tilga olingan masalalar va xotin-qizlarga qiziq bo‘lgan boshqa mavzularda partiyaga murojaat qilishga oid tavsiyalar berildi.