2024-yil 29-noyabr kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va parlament Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning saylovdan keyingi birinchi majlislarida ilgari surilgan parlamentning qonun ijodkorligi va nazorat faoliyatini har tomonlama rivojlantirish, siyosiy partiyalar dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq muhim g‘oya va tashabbuslardan kelib chiqib, partiyaning yig‘ilishida partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan dolzarb vazifalar, saylovdan keyingi ishlarni samarali tashkil etish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi.
Partiya Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov davlat va jamiyatni rivojlantirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish jarayonlarida faol ishtirok etish zarurligini ta’kidladi. Saylovda parlamentda, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida erishilgan natijalar, qo‘lga kiritilgan 1200 dan ortiq deputatlik o‘rinlari partiya g‘oya-maqsadlarini qat’iy ilgari surish, Saylovoldi dasturini amalga oshirish imkonini beradi. Faqat buning uchun barcha tuzilmalarimizda ishni aniq reja, izchil sa’y-harakatlar asosida tashkil etishimiz zarur, dedi partiya yetakchisi.
Saylovoldi dasturidagi mana shunday har bir g‘oya va tashabbusni ro‘yobga chiqarish maqsadida ishlab chiqilgan partiyaning 2024-2029-yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturi taqdim etildi.
Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturi ijrosiga qaratilgan 10 ta yo‘nalish, 15 qadam va 122 banddan iborat vazifalar belgilangan. Harakat dasturida 2 ta yangi kodeks, 10 ta yangi qonun tashabbusi bilan chiqish, 10 ta kodeks va 50 ta yaqin qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, 20 ta normativ hujjatlar ijrosi ustidan parlament va deputatlik nazorati olib borish tartibidagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish kabi maqsadlar belgilangan.
Ushbu keng qamrovli vazifalarni bajarishda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining doimiy hamkorligini ta’minlash, huquqiy imkoniyatlardan to‘liq foydalanish dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Tadbirda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlar guruhi a’zolari ham faol ishtirok etdi.
Barcha darajadagi deputatlarning saylov okruglarida samarali ishlashini tashkil etish mexanizmlari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, joylarda qonunlar va davlat dasturlari ijrosi ustidan tizimli deputatlik nazoratini o‘rnatishda xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining roli va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Yig‘ilishda partiya faoliyatiga doir tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.