O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylovda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida o‘z pozitsiyasini mustahkam saqlab qoldi, 1200 ga yaqin deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida o‘z fraksiyasini, barcha viloyat Kengashlari va Toshkent shahar Kengashida, qariyb barcha tuman-shahar Kengashlarida partiya guruhlarini tuzishga muvaffaq bo‘ldi.
Endi bu imkoniyatdan partiya Saylovoldi dasturini ijro etish, elektorat manfaatlarini himoya qilish yo‘lida samarali foydalanish zarur.
Shuning uchun O‘zXDP Markaziy Kengashi raisining deputatlik birlashmalari bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Maqsuda Vorisova boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasidan boshlab, barcha hududlarda yangi saylangan deputatlar, yangi tuzilgan partiya guruhlari uchun maxsus amaliy seminarlar o‘tkazmoqda. Ana shunday o‘quvlarning navbatdagisi Andijonda bo‘lib o‘tdi.
Amaliy muloqot jarayonida joylardagi partiya guruhi rahbarlari va deputatlarning rejalari bilan tanishilib, ularning fikr-mulohazalari, yangi taklif-tashabbuslari tinglanmoqda. Barcha deputatlar saylovchilarga xizmat qilish oliy saodat ekanini ta’kidlashmoqda.