Partiyamizning saylovda ilgari surilgan g‘oya va takliflari asosida 2024-2029-yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturi tasdiqlandi. Navbatdagi qadam uning ijrosiga qat’iy kirishishdan iborat. Eng muhimi, belgilangan har bir vazifa amalga oshishi, qog‘ozda qolib ketmasligi kerak. Bu esa biz, deputatlarning tashabbuskorligimiz, ishning ko‘zini qay darajada bilishimizga bog‘liq. Xo‘sh, ishni nimadan boshlash kerak? Albatta, rejadan. Maqsad aniq bo‘lmasa, aytarli natijaga erishib bo‘lmaydi.
Xalq deputatlari tuman Kengashidagi har bir deputatimiz Harakat dasturi ijrosi bo‘yicha o‘z rejasiga ega. Partiya guruhimiz parlamentdagi fraksiyamiz bilan mustahkam aloqani yo‘lga qo‘yib, ishni shu asosda tashkil etishni rejalashtirdi.
Parlament tomonidan ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, ularga takliflar berishni yanada kuchaytirish bo‘yicha ham alohida reja ishlab chiqildi.
Masalan, Harakat dasturiga ko‘ra, aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan. Aholini arzon elektr energiya, issiqlik va issiq suv tizimi bilan ta’minlash bo‘yicha hududiy investitsiya dasturlarini, jumladan, joylarda davlat-xususiy sheriklik tartibida dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar kiritish mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari zimmasiga yuklatilgan. Biz hududlar miqyosida bu boradagi ishlarni o‘rganib, o‘z takliflarimizni tayyorlaymiz. Mahalliy Kengash sessiyalarida, doimiy komissiyalarda muhokama qilamiz. Bu bilan hududlardagi ushbu sohaga taalluqli ko‘plab muammolar yechiladi.
Yana nazorat-tahlil natijalarini umumlashtirib, takliflar ishlab chiqib, ularni parlamentdagi fraksiyamizga taqdim qilamiz. Joylardagi real holatdan kelib chiqib, tayyorlangan takliflarning qonunlarda aks etishi uchun bu muhim, deb o‘ylayman.
Bir so‘z bilan aytganda, Harakat dasturi ijrosiga jiddiy kirishsak, saylovchilar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
Akmal UMARALIYEV,
xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi deputati.