Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolutsiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab 9-dekabr «Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni» sifatida nishonlab kelinmoqda.
Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biridir. Bu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurashish xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy oldi.
Xususan, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni hamda bir qator normativ-huquqiy hujjatlar dasturulamal bo‘lib kelmoqda.
«Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun maqsadi ushbu sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, unda «korrupsiya», «korrupsiyaga oid huquqbuzarlik», «manfaatlar to‘qnashuvi» kabi asosiy tushunchalarga izoh berish bilan bir qatorda, korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim prinsiplari ham qayd etilgan. Ayni chog‘da jamiyatni tanazzulga olib keluvchi bu illatga qarshi kurashish borasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, vakolatli organlar tizimi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, jazo muqarrarligi va bu borada xalqaro hamkorlikni ta’minlash kabi choralar mustahkamlab qo‘yildi.
Qonunning 3-moddasiga ko‘ra, korrupsiya shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab, moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu turdagi huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, unga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sanaladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish uchun maxsus davlat organi tashkil etilib, bu boradagi davdat siyosatining institutsional asoslari takomillashtirilgani yana bir ahamiyatli jihatdir. Ya’ni, Prezidentimizning 2020-yil 29-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etilgani bu yo‘lda muhim qadam bo‘ldi. Agentlik faoliyatining huquqiy asoslari, vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlarini belgilashda xalqaro normalarni ilgari surgan holda xorijiy tajriba atroflicha o‘rganildi. Uning eng maqbul jihatlari Prezidentning mazkur Farmonida to‘laqonli aks ettirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi va uning hududiy kengashlari tashkil etildi.
Albatta, taraqqiyotga g‘ov bo‘ladigan bu illatga qarshi kurashish butun jamiyatdan «halollik vaksinasi bilan emlanish»ni taqozo qiladi. Chunki, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi.
Bugun jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni yaratish jamoatchilikning keng ishtirokida amalga oshirilmoqda, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari, «Ishonch telefoni» hamda har bir vazirlik va davlat idoralarining «ishonch telefonlari», «virtual qabulxonalari» tashkil qilinib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida barcha darajadagi davlat rahbarlarining «sayyor qabullar»ni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu esa muammolar yechimini topishda ochiqlik prinsiplariga asosan korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilmoqda.
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab «Aksilkorrupsiya oyligi»ni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanganini ham aytib o‘tish o‘rinlidir. Oylik doirasida vazirlik va idoralar, ta’lim muassasalarida «Ochiq eshiklar kuni» tadbirlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, O‘zXDPdan xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashiga yangi saylangan deputatlarimiz bilan hududdagi tashkilot va idoralarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatlarini, Ma’naviyat soatlari va boshqa shakldagi tadbirlarni o‘tkazishga kirishganmiz. Har bir tashkilot va idorada yo‘lga qo‘yilgan «Ochiq eshiklar kuni» esa ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashga, jamoatchilik bilan shaffof munosabatlarni qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish aslida har birimizdan qonun talablariga bo‘ysunib yashashni, halollikni talab qiladi. Halollik – bu qalb pokligi va xotirjamligi, ma’naviy yetuklik o‘zagidir.
Feruza RAHIMOVA,
xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati,
O‘zXDP deputatlik guruhi rahbari.