Uchinchi renessansga mustahkam poydevor qo‘yish, mamlakatimizni jadal sur’atlarda rivojlangan mamlakatlar qatoriga yetkazish borasida salmoqli chora tadbirlar yo‘lga qo‘yilgani sir emas. Biror-bir jabha yo‘qki, u davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmagan, yuksak tafakkur doirasida ko‘rib chiqilib, soha rivojining istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berilmagan bo‘lsin. Buni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan ijtimoiy sohaga qaratilgan yig‘ilish misolida ham yaqqol his etish qiyin emas.
Qayd etilganidek, joriy yilda 102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirilgani Konstitutsiyamizda belgilangan, avvalo xalq, keyin jamiyat va davlat, degan tamoyilning amaldagi ifodasidir .
Yig‘ilishda haqli ravishda hamma rahbarlar ham ehtiyojmand aholini ishli qilib, daromadini ko‘paytirish, ularga manzilli ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Ayniqsa, kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmagani 184 nafari ushbu oilalar xonadoniga biror marta ham bormagani keskin tanqid ostiga olindi.
Bugina emas, balki, kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani, tanqid ostiga olingan viloyat, tuman hokimlariga xatolarni to‘g‘rilash topshirilgani belgilab berilgan qator dolzarb vazifalar ham biz deputatlarni alohida shijoat ko‘rsatishga undashi tabiiy.
Bizga yaxshi ma’lumki, Prezidentimiz bu yil ijtimoiy himoya bo‘yicha 34 ta muhim yangilikni ilgari surgan edi. Mazkur anjumanda unga qo‘shimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi va bularni ijobiy hal etish bilan, shubhasiz ijtimoiy himoya tizimida katta o‘zgarishlarga olib keladi.
Biz namanganliklar uchun quvonarlisi shu bo‘ldiki, qator tumanlar qatorida, jumladan bizning Kosonsoyda “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambag‘al oiladagi va nogironligi bo‘lgan 4 ming 200 nafar bolaga bog‘cha ta’limi berilishida bizga ham katta manfaatlar yetkaziladi.
Ma’lumki, ayni paytda zamonaviy ixtisoslashgan ta’lim muassasalarda asosan sharoiti yaxshi bolalar ko‘proq kirar edi, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand oilalar farzandlari bundan tabiiyki ranjigan. Prezidentimiz tomonidan kambag‘al oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga o‘qitish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi, to‘garaklar ochib, kambag‘al oiladagi yoshlarni o‘qitish va 2025 yilda 3,5 ming yigit-qizni oliygohga grant asosida qabul qilish bilan bog‘liq topshiriqlar ana shunday oilalar yarasiga shifobaxsh malham qo‘yishday savob ishdir.
Bag‘oyat dolzarb masaladagi anjuman davomida qog‘ozbozlik – hujjatbozlikka chek qo‘yish, buning o‘rniga xalqqa qulaylik yaratish maqsadida ijtimoiy karta joriy etilishini e’lon qilinishi, bu karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish imkonini berish ham ehtiyojmand oilalarning “yukini” yengillatadi.
O‘sha kuni aytilgan masalalarning amaliyotga tatbiq etilishi haqida o‘ylar ekanman, ularning ijrosi ustidan deputatlik nazoratida izchillik yo‘lga qo‘yilishi zarurligini anglab turibman. Bu dolzarb masalalar barcha qatori bizning siyosiy maslakdoshlarga – partiyadoshlarga, partiyamizning dasturiy maqsadlariga ham nihoyat darajada mushtarak ekanligidan iftixor his qildim. Ayni paytda mazkur ijtimoiy himoyaning ijtimoiy dasturini amalga oshirish borasida yanada mas’uliyatli, faol, fidoyi, jonsarak va tashabbuskor bo‘lishni maqsad qildim.
Ziyoviddin MANSUROV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyat bo‘limi rahbari,
viloyat Kengashidagi partiya guruhi a’zosi.