Odamlar orasiga kirib borish, ular bilan muloqot qilib, ehtiyojlarini o‘rganish, talab va istaklariga quloq tutish har bir mutasaddi oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Ayni paytda, deputatlar ham saylovchilarning kundalik hayotini o‘rganib borish orqali odamlarni tashvishga solayotgan yoki ularni qiziqtirayotgan masalalardan boxabar bo‘lib boradi.
O‘zbekiston XDP ayni shu maqsadda qator loyihalarni amaliyotga tatbiq etgan. Ulardan biri «Deputat mahallada» loyihasi bo‘lib, bu orqali ko‘plab murojaatlar o‘z yechimini topdi.
Bo‘stonliq tuman partiya kengashi raisi O.Babayev, xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashi deputati, kotibiyat mudiri J.Sadirov mazkur loyiha doirasida «Tovoqsoy» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi aholi bilan uchrashdi. Mahallalarda, xonadonlarga yurib, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazildi.
Suhbatlar davomida ular tomonidan ichki ko‘chalarni yoritish, ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha murojaatlar qilindi.
Shuningdek, fuqaro Go‘zal Yusupova turmush o‘rtog‘i Furqat Yusupovning davolanishiga tuman Tibbiyot birlashmasidan yo‘llanma olib berilishida amaliy yordam so‘radi. Individual masalalar joyida hal etildi, ayrim masalalar mutasaddilar jalb qilingan holda hal etiladigan bo‘ldi.
Loyiha ishtirokchilari shu kuni hududdagi 12-maktabning holatini ham o‘rgandi. Muassasada hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar belgilab olindi va uning yechimiga mas’ul kishilarga kerakli tavsiyalar berildi.