Bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil
Bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil

 

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida yana bir o‘ta muhim masala muhokama qilindi. Banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalarga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida og‘ir tumanlarda ishsizlikni kamaytirish masalasiga alohida yondashildi. Ularga boshqa hududlardan tajribali tadbirkorlar jalb qilinib, loyihalari uchun yengil kreditlar hamda infratuzilmasiga qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi ta’kidlandi. Shuning o‘zi 1 million 300 ming aholini daromadli qilish imkonini beradi.

Shuningdek, banklar oldidagi muammolar ham tahlil qilinib, hal etish choralari ko‘rildi. Masalan, banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk bor. Ular sotilsa, qo‘shimcha resurs va 150 mingta ish o‘rni uchun zaxira paydo bo‘ladi. Shu bois banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishi belgilandi.

Banklarni kichik ko‘rinishini mahallalarda tashkil qilish borasidagi amaliyot ham yaxshi natija beradi, deb o‘ylayman. Bunda tuman hokimlari loyihani joy va infratuzilma bilan ta’minlash majburiyatini oladi, banklar esa tadbirkorlar loyihalariga ko‘maklashadi, muammosi bo‘lsa, hal etadi, ishsizlarni biznesga jalb qiladi. Banklarni mahalla tizimiga kirib borishi, ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi ortidan mamlakatimizda ishsizlikni qisqartirish, aholining mehnatga layoqatli qatlami bandligini ta’minlashda o‘zini o‘zi band qilish, tomorqalardan unumli foydalanish, olis va chekka hududlarda ham xizmatlarni rivojlantirishga olib keladi, chunki to‘g‘ri yo‘naltirilgan mablag‘, aholi daromadlarini oshishiga xizmat qiladi.

“Ayollar daftariga” kiritilgan, lekin ko‘mak va intilish tufayli tadbirkorga aylangan parkentlik Fotima Boyeva bunga aniq bir misol bo‘la oladi. Fotima Boyevaning Prezident bilan muloqoti hududdagi xotin-qizlarga, tadbirkorligini endi boshlamoqchi bo‘lgan ayollarga motivatsiya berdi. Fotima Boyeva qanday qilib kambag‘allikdan o‘rta daromadli oilaga chiqqani, o‘ziga o‘xshagan boshqa ayollarga ish o‘rni ochgani, bu natijaga bankning yordami bilan erishgani haqida batafsil aytib berdi. Bu esa “Ayollar daftari” tizimi bilan birga, banklar tomonidan ajratilayotgan mablag‘larning samarali natijasi hamdir.

Umuman olganda, yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar, belgilangan vazifalarning aksariyati bevosita aholining ijtimoiy muammolarini hal etishga qaratilgani, bunga qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Prezident tomonidan bildirilgan tahlillar, tanqidiy fikrlar, belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, o‘z oldimizga vazifalar belgilab olishimiz zarur.

Shu o‘rinda, kambag‘allikni qisqartirish barchamizning birinchi navbatdagi harakatimizga aylanishi kerak. Bu masalani faqat pul tarqatish, nafaqa to‘lash bilan hal qilib bo‘lmaydi. Samarali yechim kambag‘al oila a’zolarini o‘qitish, kasbga o‘rgatish va ish bilan ta’minlash kabi muhim tashabbuslar bilan bog‘liq. Har bir deputat, xalq vakili dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganuvchi, kuzatuvchi emas, aksincha, mas’uliyatni zimmasiga olib, jarayonning ichida yuradigan fidoyiga aylanishi muhim. Xalqimiz, saylovchilarimiz bizga ishonib ovoz bergan ekan, bu ishonchni oqlash har bir deputat uchun ham qarz, ham farzdir.

 

Muhsiddin Nizomiddinov,

O‘zXDP Markaziy Kengashi Yoshlar sektori rahbari,

Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi deputati.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Yoshlar qanoti Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish