Aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish — dolzarb masala. Prezidentimiz raisligida yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu boradagi ishlar sarhisob qilinib, 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Aholini rozi qilish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning ushbu yo‘nalishida barcha zarur moliyaviy va tashkiliy masalalar hal etilgan. Ayniqsa, joriy yilda mamlakatimizda ilk bor 1435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylangani haqidagi ma’lumot barchani quvontirdi. Bu, avvalo, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligidan dalolat beradi. Mazkur mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, kichik tadbirkorlikni rivojlantirish va daromad manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar o‘z natijasini bergan.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham ijobiy tendensiyani ko‘rsatmoqda. Joriy yil boshidan buyon ishsizlik darajasi 4,9 foizga tushdi. O‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 5,5 foizni tashkil etgan edi. Bu esa, yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar samarali ro‘yobga chiqarilayotganini bildiradi.
Videoselektor yig‘ilishida 2026-yil uchun kambag‘allikni yanada qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Buning natijasida mahallalarda aholining real daromadlari sezilarli darajada oshiriladi. Ishsizlik darajasi yanada pasaytiriladi. Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Aholining ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi.
Yana bir muhim masala. 2026-yildagi eng katta yangiliklardan biri — mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun viloyatlarga 20 trillion so‘m mablag‘ning bevosita ajratilishi bo‘ladi. Bu, avvalo, mahalliy boshqaruv organlarining tashabbuskorligini rag‘batlantirish, har bir hududning o‘ziga xos ehtiyojlarini inobatga olgan holda infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan.
Ahamiyatli jihati shundaki, bu mablag‘lar barcha tumanlarga teng taqsimlanmaydi. Maqsad — samarali va natijaga yo‘naltirilgan loyihalarni moliyalashtirishdir. Bundan tashqari, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 150 ta mahallaning infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3-5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Bu esa, ushbu hududlarda turizmni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy aholining daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Yangi yildan boshlab O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan 40 ming fuqaroni ish bilan ta’minlashga qaratilgan “Teng imkon — inklyuziv bandlik” loyihasi ishga tushiriladi. Bu loyiha doirasida Bandlik jamg‘armasi tomonidan ularga 30 million so‘mgacha foizsiz ssudalar ajratiladi. Bu esa nogironligi bo‘lgan insonlarning jamiyatda faol ishtirok etishi va o‘zlarini daromadi bor shaxslar sifatida ko‘rishi uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Ta’kidlash joiz, “soya”dagi ish o‘rinlarini legallashtirish — asosiy maqsadlardan biri. Mazkur masala yuzasidan mahallalarda hokim yordamchilari va soliq inspektorlari tushuntirish ishlarini olib boradi. Manzilli ishlarni tashkil etish orqali kelasi yilda kamida 250 mingta xodimni rasmiy ish o‘rinlariga jalb etish rejalashtirilgan.
Bu esa mamlakatning soliq bazasini kengaytirishga va iqtisodiy o‘sishga salmoqli hissa qo‘shadi. Ijtimoiy sug‘urta tizimidagi yangilik – xususiy sektor xodimlari uchun katta turtki. Yaqinda imzolangan farmonga muvofiq, xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan ishchilarga ham kasallik va dekret pullari davlat tomonidan to‘lab beriladi. Bu esa soyadan chiqib, rasmiy ish joylarida ishlashni rag‘batlantiradigan muhim mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi va viloyat hokimlariga ham bu borada topshirilgan vazifalarga ham to‘xtalish joiz. Kelgusi yilda 100 ming, 2027 yilda esa yana 200 ming ish o‘rnini soyadan chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi va viloyat hokimlariga jiddiy vazifalar yuklatildi. Bu maqsadlarga erishishda yangi tizimni samarali ishga solish muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, belgilangan vazifalarning ijrosini nazorat qilish uchun maxsus onlayn platforma ishga tushiriladi. Bu platforma mahallalardagi fuqarolarning pulning qayerdan kelishi, qanday o‘zgarishlar bo‘lishi, nechta ish o‘rni yaratilib, qancha oilaning daromadi oshishi kabi savollariga javob beradi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mahalla aholisining bunday ma’lumotlardan xabardor bo‘lishi, o‘zgarishlarni sezishi va ishonch hosil qilishi lozim.
Umuman olganda, amalga oshiriladigan keng ko‘lamli chora-tadbirlar O‘zbekistonda bandlikni oshirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va iqtisodiyotning soyadan chiqishiga olib keladi. Bu esa fuqarolarning turmush farovonligini oshirish va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga turtki bo‘ladi.
Anvarjon NURMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.