Hamisha dolzarb
Hamisha dolzarb

 

Kambag‘allikni qisqartirish va kuchli ijtimoiy himoyaning mukammal tizimini yaratish Yangi O‘zbekiston siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi. Barcha islohotlar “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilmoqda. Buni so‘nggi yillarda ijtimoiy sohadagi natijador chora-tadbirlar misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari aynan shu maqsadlar uchun joriy etildi. Bu orqali xotin-qizlar, yoshlar, umuman, ijtimoiy yordamga muhtoj insonlarning muammolari manzilli o‘rganilib, o‘z vaqtida samarali hal etishga harakat qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari videoselektor majlisida tugayotgan yilda 102 ta ijtimoiy xizmatni mahalla darajasiga tushirilganini qayd etib o‘tdi. Masalan, oldin odamlar protez uchun har xil komissiyalar va poliklinikada 2 oy sarson bo‘lgan. Hozir bu masala ikki haftadayoq mahallada yechim topmoqda. Shuning o‘zidan 100 ming odamning og‘iri yengil bo‘ldi. Odamlar protezni 95 ta ishlab chiqaruvchi orasidan elektron tizimda o‘zi tanlayapti, raqobat va sifat ham yaxshilandi. Nogironligi bor bolalarga qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yilib, murojaatlar mahallada qabul qilinmoqda. Bu 700 nafar ota-onani ishlashiga sharoit yaratdi. Harakatlana olmaydigan 4 ming nafar yolg‘iz keksalar aniqlanib, ularga o‘z uyida qarab turish yo‘lga qo‘yildi.

Kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11 foizdan 7 foizga qisqartirish maqsad qilingan. Ya’ni, ijtimoiy himoya bilan bandlik xizmatlarini o‘zaro integratsiya qilgan holda oilalar bilan ishlab, ularni manzilli, aniq rejalar asosida kambag‘allikdan chiqarish belgilangan.

Prezident raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sohadagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Kelasi yili 1 million 200 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ta’lim, to‘garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi ta’kidlandi.

Aytish kerakki, yig‘ilishda aytilgan har bir fikr bevosita partiyamiz elektorati manfaatlariga daxldor ekani bilan ahamiyatlidir. Chunki XDPning kelgusi 5 yillikka mo‘ljallangan dasturida nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, pensionerlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarning hayotini farovonlashtirishga oid tashabbuslar ilgari surilgan. Davlat rahbari aytgan topshiriqlar esa bu boradagi faoliyatimizni yangi bosqichga chiqaradi.

 

Xalilla YESHIMBETOV,

O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi rahbari.

«O‘zbekiston ovozi», 18.12.2024, №51

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish