Xalq deputatlari Shumanay tuman Kengashidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi guruhining 2024-yil yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimlari, tuman kengashi rahbari, deputatlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda asosan partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini targ‘ib etish bo‘yicha olib borilgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, deputatlik guruhi faoliyati, elektorat vakillari bilan ishlashda amalga oshirilgan ishlarning yakuni va 2025-yildagi dolzarb vazifalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisining o‘rinbosari Mahmud Yesengeldiyev yakuniga yetgan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da Shumanay tuman kengashi partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilib, siyosiy kuch sifatida saylovlarida faol ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishganini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 2024-yil 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovida xalq deputatlari tuman Kengashida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 7 ta o‘rin yoki 35 foiz o‘rin egalladi.
Yig‘ilishda partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini targ‘ib etish, yangi a’zolar sonini ko‘paytirish, deputatlik korpusi tomonidan qilingan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va 2025-yilda partiya guruhi oldida turgan ustuvor vazifalar bo‘yicha ko‘proq nimalarga e’tibor qaratish kerakligi yuzasidan aniq takliflar o‘rtaga tashlandi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida keng qamrovli ishlar olib borilayotgani, bu borada bajariladigan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari, manbalari va yechimlari davlat rahbari tomonidan aniq belgilab berilganini e’tirof etildi.
Yig‘ilishda partiya guruhi tomonidan bu borada amalga oshirilgan ishlar natijalari tahlil qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.