9-O‘smat saylov okrugidan xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashiga saylangan Nazifa Kamolova aholining muammolarini o‘rganish yuzasidan Baxmal tumanida bo‘ldi.
Dastlab Baxmal tumani hokimligi binosida xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati hamda Xalq demokratik partiyasi tumani kengashi raisi va a’zolari bilan uchrashib, suhbatlashdi.
Yangi yil bayrami munosabati bilan O‘smat MFYda yashovchi, 2-guruh nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan G.Jumaqulovaning sog‘lig‘ini tiklash, farzandlarining bandligini ta’minlash, kadastr hujjatini rasmiylashtirish, «Do‘stlik» MFYda yolg‘iz yashovchi yoshi ulug‘ N.Toshmurodovning uy-joy ta’miri, M.Ochilovaning keliniga tikuv mashinkasi ajratilishida amaliy yordam berilishini so‘rab qilgan murojaatlari yuzasidan tegishligicha yordamlar ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Shundan so‘ng, «Do‘stlik» MFY, Fayzli ko‘chasida yashovchi aholini ancha yillardan buyon qiynab kelayotgan yo‘lni shag‘allashtirish (asfaltlashtirish) masalasi yuzasidan fuqarolar bilan suhbatlashildi. 2 oy oldin ko‘chaning 500 metrga yaqin qismiga oz-oz miqdorda shag‘al to‘kilgani, lekin bu shag‘al ko‘chaga yetmasligi, 400 ga yaqin bola maktabga loy kechib qatnayotgani aytildi. Shuningdek, ko‘chadagi qo‘lbola usulda ko‘tarilgan simyog‘ochlar ham talabga javob bermasligi, bir necha marotaba tuman, viloyat hokimliklariga murojaat qilingani, viloyat IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbarining ham xabari borligi ta’kidlandi.
Deputat tomonidan aholi vakillariga barcha muammolar o‘rganilib, tegishligicha hal qilish choralari ko‘rilishi tushuntirildi.