O‘tgan yil Qoraqalpog‘iston uchun chin ma’noda barakali va tarixiy voqealarga boy yil bo‘ldi. Yil davomida qator yirik loyihalar, yangi sanoat korxonalari, turizm maskanlari, energetika quvvatlari, IT park ishga tushirilgani fikrimizni so‘zsiz isbotlaydi.
Ayniqsa, yil boshida Amudaryo uzra Qoraqalpog‘istonni Xorazm bilan bog‘laydigan, uzunligi 423 metr bo‘lgan yangi avtomobil va temir yo‘l ko‘prigining foydalanishga topshirilgani xalqimizda cheksiz quvonch, faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Bu inshoot samarasida yo‘lning o‘tkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanishi uchun imkoniyat yaratildi. Natijada 48 ming yo‘lovchining 2 soat vaqti tejalib, daryodan xavfsiz o‘tishi ta’minlandi. Ko‘prik ikki tarafga qarab 24 juft poyezdni o‘tkazish imkoniga ega bo‘lib, bu orqali temir yo‘l masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqardi.
Biz birgalikda bunyod etgan bu muhtasham ko‘prik shunchaki navbatdagi infratuzilma inshooti emas. Bu ko‘prik, avvalo, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi mustahkam ishonch va do‘stlik, og‘zibirchilik va hamkorlik ko‘prigidir. Bu yo‘l jahonga ochilayotgan Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonning taraqqiyot va farovonlik yo‘llaridir, degan edi Prezidentimiz o‘tgan yili 29-fevral kuni bo‘lib o‘tgan ko‘prikning ochilish marosimida. Bu ayni haqiqatdir.
Eng muhimi, ajdodlarimiz tomonidan Jayhun deb atalmish azim daryoning ikki sohilida, shunday yorug‘ kunlarni orzu qilib yashab kelayotgan ming-minglab yurtdoshlarimizning umidlari ro‘yobga chiqdi.
Esimizni taniganimizdan buyon bilamizki, odamlar o‘tgan asrning elliginchi yillarida olib kelingan eski ponton ko‘prikdan foydalanib kelardi. Qahraton qishning shamoli va izg‘irinida, bahorda muz erib, daryoda suv ko‘payganida u jiddiy shikastlanib, yaroqsiz bo‘lib qolardi. Ko‘prikni ta’mirlash uchun bir necha kunlar harakatlar to‘xtatilar va bu aholiga juda ko‘p qiyinchiliklar tug‘dirardi. Shunday paytlarda Amudaryo tumani aholisi avtomobilda Nukusga borish uchun Urganch va Beruniy orqali yurishga majbur edi. Buning uchun qo‘shimcha 180 kilometr yo‘l yurishga to‘g‘ri kelardi. Poyezdda esa Xorazmning sharq tomonidagi Xazorasp ko‘prigidan o‘tib kelinardi.
Daryoning ikki tomonida yashovchi har bir insonning bunday qiyinchiliklar bilan bog‘liq o‘z xotirasi bor. Qish kunlarining biri edi. Men Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Amudaryo tumanidan saylangan deputat sifatida ertalab shu ponton ko‘prik orqali tumanga o‘tib, kun bo‘yi saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdim. Kechqurun Nukus aeroportidan Toshkentga uchish uchun ortga qaytay desam, shamol va yog‘in-sochindan ko‘prik shikastlangan, undan foydalanish imkoni yo‘q edi. O‘shanda ortga qaytib, Beruniy orqali deyarli yana 200 kilometr yo‘l bosib, Nukusga kelganim va samolyotga zo‘rg‘a ulgurganim hech esimdan chiqmaydi. Endilikda, albatta, bunday qiyinchiliklar barham topdi. Xalqning uzog‘i yaqin, mushkuli oson bo‘ldi.
Yana shuni e’tirof etish lozimki, mazkur ko‘prik o‘tgan yil Qoraqalpog‘istonda ishga tushirilgan yirik loyihalarning dastlabkisi edi. Yil davomida esa Taxtako‘pir tumanidagi Qarateren ko‘li bo‘yida yangi etno-turistik majmua barpo etilgani, Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida diametri 42, balandligi 22 metrni tashkil etadigan qoraqalpoq milliy o‘tovi tiklanib, Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgani, Qo‘ng‘irot — Beyneu avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan 240 kilometr qismi foydalanishga topshirilgani va boshqalar bunyodkorlik ishlari ro‘yxatini davom ettirdi.
“Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir”, deganlaridek, bunday yirik loyihalarning amalga oshirilishini tasavvur qilsa, chindan ham odamning ko‘zi qo‘rqadi. Men shu hududda yashab, amalga oshirilayotgan asrga tatigulik ishlarning guvohi bo‘lar ekanman, Prezidentimizning Mustaqilligimiz 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida aytgan quyidagi so‘zlarini esladim:
“Xalqimizda “Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir”, degan chuqur ma’noli ibora bor. Bugungi sharoitda bizning ko‘zimiz ham, qo‘limiz ham, yuragimiz ham botir bo‘lishi kerak. Belimizni mahkam bog‘lab, pok niyat bilan mehnat qilsak, shubhasiz ko‘zlagan marralarimizga erishamiz”. Darhaqiqat, biz qoraqalpog‘istonliklar Davlatimiz rahbari ta’kidlagan shu so‘zlarning isbotini nafaqat yil, balki har kuni ko‘rayapmiz.
Ona zaminimiz uzra yangi yil shukuhi davom etayotgan ayni paytda Qoraqalpog‘istonda o‘tgan yilda erishilgan yuksak natijalarning shukuhi, quvonchi va hayajoni bardavom. Zero, 2025-yil ham taraqqiyotimiz yo‘lidagi yana qator ezgu ishlar bilan boshlanmoqda.
Nazira MATYAQUBOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
«O‘zbekiston ovozi», 8.1.2025, №1