Murojaatnoma: Jizzax viloyati uchun ustuvor vazifalar
Murojaatnoma: Jizzax viloyati uchun ustuvor vazifalar

 

2024-yil 19-noyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga qilgan Murojaati mamlakat taraqqiyotining yangi yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Murojaatda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar har bir hudud, jumladan, Jizzax viloyatida ham muhim vazifalarni amalga oshirishni talab etadi. Ushbu vazifalar esa viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini aynan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Jizzax viloyati qishloq xo‘jaligi sohasida keng salohiyatga ega ekanini alohida ta’kidlash joiz. Murojaatda agrar sohani modernizatsiya qilish, sug‘orish tizimini yaxshilash va resurslarni samarali boshqarish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi.

Viloyatda suv tejovchi texnologiyalarni yanada keng joriy qilish, agrar mahsulotlarni qayta ishlash klasterlarini tashkil etish, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish lozimligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlikka oid tashabbuslari Jizzaxda kichik va o‘rta biznes uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Viloyatda sanoat zonalarini kengaytirish, investitsiyalarni jalb etgan holda xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash zarurligi belgilab berilgan.

Buning uchun qo‘shimcha imtiyozlar va kredit dasturlari joriy etish, Jizzax iqtisodiy zonasi faoliyatini kuchaytirish, ishsizlik darajasini kamaytirish maqsadida kasb-hunar o‘quv markazlari miqdorini yanada ko‘paytirish, sifatini yaxshilash talab etiladi.

Yurtboshimizning Murojaatnomasida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga alohida e’tibor qaratilgan. Jizzax viloyatida zamonaviy maktab va kasb-hunar kollejlarini ochish, bolalar uchun innovatsion ta’lim loyihalarini amalga oshirish, tibbiy xizmat sifatini tubdan yuksaltirish, qishloq shifokorlik punktlarini qayta jihozlash, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordamni kuchaytirish lozimligi qayd etilgan.

Prezidentimiz o‘z nutqida ekologik barqarorlik masalalarini hal etish zarurligini alohida qayd etdi. Bu Jizzax viloyati uchun ham juda dolzarb masalalardan biridir. Chunki viloyat tog‘li va suvsiz hududlarga ega.

Buning uchun  alternativ energiya manbalari (quyosh va shamol energiyasi)ni keng joriy etish, ekologiya va atrof muhitni himoya qilish, yerlarni melioratsiya qilish dasturlarini amalga oshirish, yashil hududlarni kengaytirish va o‘rmonzorlar barpo etish zarur.

Jizzax viloyati mamlakatning markaziy qismida joylashgan bo‘lib, transport va infratuzilma sohasida yuqori darajadagi rivojlanish talab etiladi. Prezidentimizning tashabbuslaridan kelib chiqqan holda yangi yo‘llar qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, qishloqlarda transport qatnovini yaxshilash, turizmni rivojlantirish uchun infratuzilmani kengaytirish kerak.

Yurtboshimizning Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish Jizzax viloyatida aholining turmush darajasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududning iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Buning uchun barcha darajadagi rahbarlar, tadbirkorlar va faol fuqarolar, biz xalq vakillari hamjihatlikda ish olib borishimiz lozim.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalariga qilgan Murojaatida belgilab berilgan ustuvor vazifalar va yo‘nalishlarning bekamu ko‘st ijrosi Jizzax viloyati yanada rivojlanishini ta’minlaydi.

 

O‘rol O‘RAZBOEV,

Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati,

viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i.

O‘zA

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish