Siyosiy o‘quv: Ijtimoiy-siyosiy hayotda fuqarolarning siyosiy ishtirokini qo‘llab-quvvatlash

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi partiya xodimlarining professional rivojlanishiga ko‘maklashish, bilim va malakalarini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminar tashkil etdi. Seminarda partiya Markaziy Kengashi, Toshkent shahar va tuman kengashlari xodimlari, hududiy kengashlar mas’ullari ishtirok etdi.

O‘quvni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi huzuridagi “Faxriylar kengashi” raisi Sharbat Abdullayeva ochdi. U fanda aql-zakovat qanchalik kerak bo‘lsa, siyosatda tafakkur va mafkura shu qadar ahamiyatli ekanini ta’kidladi. Shuning uchun bu boradagi bilim va ko‘nikmalarni oshirib borishga ehtiyoj mavjudligi qayd etdi.

O‘zbekiston milliy universiteti ijtimoiy fanlar fakulteti, siyosatshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Ilhomjon Erkinov esa o‘z nutqida jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida fuqarolarning siyosiy ishtirokini qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.

Ta’kidlandiki, fuqarolar siyosiy ishtirokining jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rni beqiyos. Bugungi kun talabi zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali siyosiy faollikni oshirishdan iborat. Mutaxassis ayni shunday usullarni qo‘llash hamda fuqarolarning siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.

Shu bilan birga, partiya xodimlarining siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash, fuqarolar bilan o‘tkaziladigan uchrashuvlarda aholiga islohotlarning mazmun-mohiyati va natijalarini odilona tarzda yetkazish ko‘nikmalarini shakllantirish xususida fikr almashildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, siyosiy faollikni oshirish bo‘yicha qator amaliy takliflarni ilgari surdi. Shuningdek, siyosiy jarayonlarda yoshlarning ishtiroki, ayollarning roli va keksalarning tajribasidan foydalanish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish