2024-yil O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uchun muhim tarixiy davr bo‘ldi. Partiyamiz xalqchil g‘oyalari bilan mamlakatimizda adolatli jamiyat qurish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdik. Shuningdek, yurtimiz tarixida birinchi marta aralash saylov tizimida o‘tkazilgan saylovlarda faol ishtirok etdik.
“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yili deb nomlanishi va davlat dasturida ijtimoiy va ekologik barqarorlikka erishishga doir qator reja va maqsadlar o‘rin olgani qoraqalpog‘istonliklarni quvontirdi. Jumladan, Orol dengizi tubida 100 ming gektar yangi yashil maydon yaratilishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida sho‘r va suvsizlikka chidamli o‘simlik bog‘lari tashkil etilishi, “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilishi ekologik muammolarni hal qilishga, aholi sog‘lig‘i va turmush sifatini oshishiga xizmat qiladi. Albatta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va tuman-shahar Kengashlaridagi partiya guruhi a’zolari, faollar bilan birgalikda Davlat dasturi loyihasiga takliflar berish, keyinchalik uni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.
Davlat dasturi loyihasi partiyamizning dasturiy maqsadlari bilan har tomonlama hamohangdir va uni amalga oshirishimiz uchun partiya kengashlari va deputatlari eng faol ishtirokchi va targ‘ibotchi bo‘lishi, partiyamizning barcha tuzilmalari imkoniyatlarini to‘liq safarbar etishimiz zarur. Partiyamiz tajribasi va kadrlarimiz salohiyatini to‘la ishga solish orqaligina kutilgan natijalarga erishishimiz mumkin.
Yana bir jihati, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatini kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz kerak. Yillar davomida asosiy bo‘g‘inimiz va partiya a’zolarimizni birlashtiruvchi tizimni kuchaytirishga yetarli e’tibor qaratmaganimizni ham afsus bilan tan olamiz. Ba’zi hollarda BPTlar bilan aloqamiz uzilib qoldi. Natijasi barchamizga ma’lum, partiya safiga a’zolarni qabul qilishda o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Shu boisdan, boshlang‘ich tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash, qonun va boshqa normativ hujjatlarga takliflarni quyidan, aynan boshlang‘ich tashkilotlardan olish tizimini yo‘lga qo‘yish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Buning uchun, BPTlar bilan aloqalarni tiklash, partiya a’zolari sonini ko‘paytirish, yangi BPTlar ochish hamda ularga uslubiy, amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarimizni kuchaytiramiz.
Belgilangan vazifalar ko‘lami keng. Oldimizda xalq ishonchini qozonish, saylovlarda berilgan va’dalarni amalga oshirish vazifasi turibdi. Bu jarayonda barcha partiyadoshlarga kuch-quvvat tilayman.
Xalilla YESHIMBETOV,
O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi raisi.