Plenum a’zolari va viloyat kengashi mas’ul xodimlari, shahar va tuman partiya Kengashlari raislari ishtirok etgan plenum kun tartibida O‘zbekiston XDP Surxondaryo viloyat kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2024-yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti va viloyat Kengashidagi partiya guruhining 2024-yilda amalga oshirgan faoliyati yuzasidan axboroti tinglandi. Shuningdek, 2025-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi. Kun tartibidagi masalalar yuzasidan viloyat partiya kengashi raisi Alisher Pardayev ma’ruza qildi.
Hisobotda qayd etilishicha, jamiyat hayotida partiyaning munosib ishtirokini ta’minlash, a’zolar va elektorat bilan ishlash, ish sifat va samaradorligini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash masalalariga qaratilgan o‘nlab qaror qabul qilindi. Harakatlar dasturida belgilangan va yurtdoshlarimizning turmush farovonligi, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid 30 ga yaqin masala sessiyaga kiritildi.
24 masala doimiy komissiyada ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, 23 masala partiya guruhlarida muhokama qilinib, amaliy choralar ko‘rildi. Asosiysi, sessiya qarorlari ijrosi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.
Shuningdek, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, uning ijobiy imijini shakllantirish maqsadida «Deputat mahallada», «Uyma-uy», «Safimizdagi yoshlar», «Ijtimoiy himoyadan – ijtimoiy faollik sari», «Ayollarga ko‘mak» kabi 10 dan ortiq loyihalar doirasida mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Natijada 6 mingga yaqin fuqaro partiya a’zoligiga qabul qilindi.
Plenumda qayd etildiki, joriy yilda milliy taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan hamda inson qadri, degan ulug‘vor tamoyilni o‘zida jamlagan Davlat dasturi hamda partiya Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosi ustuvor masala sanaladi. Buning uchun kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadlarini oshirish yo‘li bilan ijtimoiy masalalarga yechim topish lozim. Shundan kelib chiqib, partiyaning quyi bo‘g‘ini faoliyatini yanada jonlantirish, boshlang‘ich tashkilotlar ishini samarali tashkil etish zarur. Zero, BPTlar partiyaning aholiga eng yaqin bo‘g‘ini bo‘lib, ulardan olingan takliflar hayotiy va xalqchilligi bilan ajralib turadi.
Plenum kun tartibidan o‘rin olgan yana qator masalalar ham muhokama qilindi, ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Har bir masaladagi takliflar inobatga olingan holda qarorlar qabul qilindi.