O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashida Yoshlar parlamenti a’zolari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida “Siyosatdagi yoshlar” intellektual turniri o‘tkazildi.
Turnirda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining “Siyosatchi”, “Himoyachilar”, “Tahlilchi” hamda Toshkent Davlat Sharqshunoslik universitetining “Eastminester” jamoalari ishtirok etdi. Turnirda jamoalar 3 ta shart bo‘yicha bellashdi.
Birinchi shart tezkor savol-javob, deb nomlanib, jamoalarga davlat boshqaruvi va siyosiy jarayonlarga oid 10 ta savol berildi. Har bir to‘g‘ri javob 1 ball bilan baholandi. Qisqa vaqtda aniq va lo‘nda berilgan javob ishtirokchilarning tezkor fikrlash qobiliyatini namoyon etdi.
Fikrlash va mantiqiy tahlil shartida har bir jamoa sardori hakamlar hay’ati tomonidan tayyorlangan savollarni tanlab oldi va jamoasi bilan birga 2 daqiqa davomida javob qaytardi. Ushbu bahs 5 balli mezon asosida baholandi.
Eng qizg‘in va bahsli shaklda munozara va debat sharti o‘tkazildi. Unda jamoalar O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarning rolini o‘z zimmasiga olib, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi majoziy qonun loyihasini muhokama qilishdi. Har bir jamoa tanlab olgan partiyasi nuqtai nazaridan kelib chiqib, o‘z pozitsiyasini himoya qildi. Ushbu bosqichda ham ishtirokchilar 5 ballik mezon asosida baholandi.
Turnir yuqori saviyada, do‘stona muhitda va jonli bahslar ostida o‘tkazildi. Natijalar O‘zbekiston DJTUning “Tahlilchi” jamoasi birinchi o‘ringa ega bo‘lganini ko‘rsatdi. “Eastminester”ga ikkinchi, “Himoyachilar”ga uchinchi o‘rin nasib etdi.
Turnir davomida Elbek Temirov o‘zining siyosiy bilimdonligi, tahliliy yondashuvi va hozirjavobligi bilan alohida ajralib turdi.
Turnir yakunida O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi Sirojiddin Shonazarov va Markaziy Kengashning Yoshlar sektori rahbari Muhsiddin Nizomiddinov g‘olib va sovrindorni partiyaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi. Ishtirokchilar partiya a’zoligiga qabul qilindi. Ushbu turnir yoshlar orasida siyosiy-huquqiy savodxonlikni oshirish, ularni faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishga undash va jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga ilhomlantirishdek maqsadlarga xizmat qiladi.