Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining “Bobur” mahallasida joylashgan 22-sonli oilaviy poliklinikada “Salomatlik aksiyasi” tashkil etildi.
Tadbir doirasida mahalla aholisi malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazilib, ularga zarur dori-darmonlar va tibbiy tavsiyalar berildi.
Tadbirda O‘zbekiston XDP Jizzax viloyat kengashi raisi Y.Rahmonqulova, mas’ul xodimi D.Turg‘unova hamda faollar ishtirok etdi. Ular poliklinika bosh shifokori O.Begimov hamda xodimlar bilan uchrashib, muassasada yaratilgan sharoitlar, dori-darmon ta’minoti va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar haqida suhbat olib bordi.
Mahalla aholisi poliklinikada barcha sharoitlar mavjudligi, uzoq masofani bosib shaharga borish zarurati yo‘qligini ta’kidlab, ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mamnun ekanini bildirishdi.
Poliklinikada bemorlar uchun issiqlik tizimi doimiy nazorat qilinib, bepul dori-darmonlar, uch mahal issiq ovqat berish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, kardiolog, stomatolog, pediatr, nevrolog xizmatlari hamda UTT apparati va qon tahlillari uchun barcha kerakli jihozlar mavjud.