
O‘zbekiston XDP Qorovulbozor tumani kengashi tashabbusi bilan Davlat dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil qilindi. Unda tuman Kengashidagi partiya guruhi a’zolari hamda partiya faollari ishtirok etdi.
Tuman partiya kengashi raisi M.Ergashev uchrashuvda Dasturda keltirilgan vazifalar partiyamiz maqsad va g‘oyalariga uyg‘un va hamohang ekanini ta’kidladi. Ayniqsa, kambag‘al oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilinishi quvonarli hol ekanini e’tirof etdi.
Shu bilan birga, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va mahalla tibbiyot punktlarida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning samarali tizimini joriy etishga oid masalalar xalqimizni rozi qilishini ta’kidladi.
Deputatga ko‘ra, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar faoliyatini markaziy shifoxonalarning maslahat diagnostika poliklinikasi sifatida yo‘lga qo‘yish va markazlashgan elektron shaklga o‘tkazish bu boradagi islohotlarni jadallashtirishga turki bo‘ladi. Shuningdek, tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy qilinayotgan hududlarda retsept asosida beriladigan dori vositalarini “elektron retsept” tizimiga ko‘ra tayinlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratilgani shaffoflik hamda xavfsizlikni ta’minlaydi.
Uchrashuvda dasturdagi vazifalarga atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Uning ijrosi yuzasidan nimalarga e’tibor qaratish zarurligi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.