Yoshlarga doir masalalar ularning ishtirokida muhokama qilinishi zarur
Yoshlarga doir masalalar ularning ishtirokida muhokama qilinishi zarur

 

Davlatimiz rahbari yigit-qizlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar masalasi parlament va mahalliy Kengash deputatlari faoliyatida ham muhim yo‘nalish sifatida qaralishi lozimligini ta’kidladi.

Yoshlarga daxldor qonun loyihalarini Yoshlar parlamenti a’zolari bilan birga muhokama qilish va yalpi majlisda loyiha bo‘yicha ularning fikrini ham eshitish maqsadga muvofiq ekani ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, mahalliy Kengash sessiyalarida yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ul organlar rahbarlarining axborotini eshitish, barcha mahalliy Kengashlar huzurida yoshlar guruhlarini tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi.

Aytish kerakki, mamlakatimizda yoshlarni ijtimoiy-siyosiy hayotda faolligini oshirish hamda ularni parlament hayotiga yanada yaqinlashtirish maqsadida, 2020-yilda Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti tashkil etilgan edi. O‘tgan davr mobaynida bu tuzilma yoshlar uchun haqiqiy sotsial lift bo‘lib xizmat qila oldi.

Yangi tarkibdagi Yoshlar parlamenti a’zolarining 84 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan deputatdan, 10 nafari Yoshlar ishlari agentligi hamda 6 nafari Senatning tegishli qo‘mitasi tavsiyasiga asosan shakllantirilgan. Yangi tarkibda huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, tadbirkorlar, ekologlar hamda madaniyat, sport va sog‘liqni saqlash sohalari vakillaridan tashkil topgani ularning barcha yo‘nalishlarda samarali faoliyat olib borishiga katta yordam bo‘ladi.

Ochiq muloqotdan so‘ng davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar asnosida Yoshlar parlamenti a’zolari yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik, bolalar va ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida faol ishtirok etishini rejalashtirmoqda. Xorijiy mamlakatlarning yoshlar parlamentlari bilan hamkorlik qilishi va o‘zaro tajriba almashish kabi bir qancha masalalarni amalga oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib oldi.

O‘ylaymanki, faol yoshlar nafaqat tashabbuskor balki ishtirokchi va o‘z safini kengaytirish yo‘lidagi targ‘ibotchi vazifasini ham o‘taydi. Zero, yurtimizdagi har bir yigit-qiz tomirlarida ulug‘ ajdodlarimiz qoni oqmoqda va biz birlashsak, safimizni kengaytirsak katta kuchga, yengilmas irodaga aylanamiz. Bu esa Vatan taraqqiyoti yo‘lidagi eng muhim vositadir.

 

Obloberdi Olimov,

Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi.

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Yoshlar qanoti Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish