O‘zbekiston va Fransiya munosabatlarida yuksalish davri
O‘zbekiston va Fransiya munosabatlarida yuksalish davri

 

Mamlakatimiz Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi tarixiy tashrifga aylandi. O‘zbekiston va Fransiya o‘zaro hamkorlik bo‘yicha keyingi yillarda misli ko‘rilmagan natijalarga erishmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasida davlat tashriflari, ikki mamlakat vazirliklari va parlamentlari vakillarining muntazam uchrashuvlari ham o‘tkazilmoqda.

Yana bir muhim jihati, xalqaro hamjamiyat ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda. Fransiya va O‘zbekiston hamkorligining so‘nggi yillardagi rivoji haqida ko‘plab mamlakatlarda keng yoritilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi oldidan “London Post” nashrida O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida e’lon qilingan maqolada ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda maxsus iqtisodiy zonalarning ahamiyati hamda iqtisodiyot, siyosat sohasidagi loyihalarni va gumanitar tashabbuslarni amalga oshirishda muhim strategik sherikligi haqida so‘z boradi.

2023-yilda O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida 2025-yilgacha mo‘ljallangan yangi Strategik hamkorlik dasturi imzolandi.

Fransiya biznesining ishtiroki respublikamiz iqtisodiyotining kommunal xo‘jalik (Veolia, Suez, Eiffage), energetika, jumladan “yashil” energetika (EDF, Total Eren, Voltalia, Orano), oziq-ovqat sanoati (Lactalis) kabi muhim sohalarida sezilarli darajada oshdi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya va O‘zbekiston-Fransiya Savdo palatasi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishning muhim mexanizmlari hisoblanadi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik ham faol kengaymoqda. Jumladan, so‘nggi 7 yilda turli sohalarda 50 dan ortiq kelishuvlar imzolandi. Turizm, arxeologiya, dizayn, moda, lingvistika, ta’lim, biznes-menejment, sog‘liqni saqlash va sport yo‘nalishlari shular jumlasidandir. Kelishuvlar samaralarini so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonga kelgan fransiyalik sayyohlar soni yiliga 20 ming kishiga yaqinlashganidan ham ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, Oliy Majlisdagi “O‘zbekiston-Fransiya” parlamentlararo hamkorlikning muhim vositasidir. Fransiya Senati Milliy assambleyasida esa “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi faoliyat yuritadi.

Aytish kerakki, oliy darajadagi uchrashuvlar natijalari O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi qulay shart-sharoit bilan mustahkamlanmoqda. Ushbu hamkorlik siyosiy va diplomatik muloqot hamda savdo-investitsiyaviy, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim, fan sohalaridagi o‘zaro almashinuvni mustahkamlashdagi keng imkoniyatlar bilan ajralib turadi.

 

Imomnazar TURSUNOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati Bizning deputat
← Roʻyxatga qaytish