Sirdaryo viloyat partiya kengashi raisi: va’dadan ko‘ra, amaliy harakat va natija muhim
Sirdaryo viloyat partiya kengashi raisi: va’dadan ko‘ra, amaliy harakat va natija muhim

 

Keyingi yillarda Sirdaryo katta islohotlar maydoniga aylandi. Azim Sayxun daryosi sohillaridagi so‘lim bu voha mamlakatimizning markazida joylashgani uchun sharqiy va g‘arbiy viloyatlarni bir-biri bilan bog‘lab turadi. Aholi soni kamligi va hududining kichikligiga qaramay, ushbu viloyat o‘zining geografik joylashuvi va bir qator xususiyatlari bilan mamlakat iqtisodiyotida muhim rol o‘ynaydi.

Sirdaryo respublikaning ikkita tomonidan ikki davlat bilan chegaradosh bo‘lgan uchta viloyatidan biridir. Poytaxtimizga yaqinligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda qayta ishlash uchun yetarli xom ashyo bazasi mavjudligi, sanoat rivoji, qulay infratuzilma obyektlari bilan hudud katta salohiyatga egaligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Bugun viloyatda partiyamizning 54 nafar deputati bor. Shundan 9 nafari xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati bo‘lsa, 45 nafari tuman va shahar Kengashlaridagi vakillarimizdir. A’zolarimiz soni 35 ming nafarga yaqin, boshlang‘ich partiya tashkilotlari 509 tani tashkil etadi. Viloyatdagi bugungi o‘zgarish va yangilanishlarda ularning hissasi borligi biz uchun quvonchli, albatta.

Anglaganingizdek, mahalliy Kengashlar uchun ajratilgan sahifamizning bu galgi mehmoni O‘zXDP Sirdaryo viloyat kengashi raisi Sherali Mamadetsoyev bo‘ldi. Suhbatdoshimiz savollarimizga o‘z nuqtai nazari, kuzatuvlari va faoliyatidan kelib chiqib javob berdi.

– Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarda XDP katta kuch va salohiyatga ega. Siz yetakchilik qilayotgan partiya tashkiloti ana shu imkoniyatdan qay darajada foydalanmoqda? Ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslar haqida nima deyish mumkin?

– Viloyatimizda mamlakatimiz aholisining 2,5 foizi istiqomat qiladi. Sirdaryo tabiiy geografik holati va toponimiyasiga ko‘ra, boshqa viloyatlardan katta farq qiladi. Chunki, bu hududning unikal jihatlari bor. Shuning uchun ham oxirgi yillarda viloyatimiz katta voqealar, muhim tajribalar markazida turibdi. Ishoning, bugungi Sirdaryo kechagi Sirdaryo emas!

Barcha sohalardagi, eng muhimi, odamlar ongi va dunyoqarashidagi o‘zgarishlar yangi O‘zbekiston, o‘zgarayotgan Sirdaryoning xaqli ravishda yangi tarixi boshlanganidan darak beradi. Islohotlar shiddatiga mos ravishda partiya tashkilotlarimiz va deputatlar ham faollashmoqda.

Hududlarda bilimli, salohiyatli deputatlarimiz juda ko‘p. Deputatlik guruhlari xalqning fikri va muammolarini, xohish-istaklarini yaxshi bilish, murojaatlarini eshitib, ularni hal etishda shijoatli va tashabbuskor bo‘lishga jon-jahdi bilan kirishgan.

So‘nggi paytlarda mahalliy vakillik organlari funksiyalarining tizimlashtirilishi, xususan, jamoatchilik nazoratiga oid vakolatlarning aniq belgilanishi Kengashlarning, deputatlarning va joylardagi partiya tashkilotlarining rejali va samarali faoliyat yuritishi, sifatli qarorlar qabul qilishlariga yordam bermoqda.

Masalan, har bir mahalliy Kengashda aholining muammolari va ehtiyojlarini aniqlash uchun jamoatchilik fikrini o‘rganish va muhokama qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Ijtimoiy himoya bilan bog‘liq masalalarda parlament va deputatlik nazorati olib borilyapti. Keyingi paytlarda mamlakatimizda islohotlarning markaziy nuqtasiga chiqayotgan muhim sohalarga oid qator masalalar sessiyalar kun tartibiga kiritildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi deputatlarimiz har bir sessiyada savollar, takliflar va tanqidiy fikrlari bilan faol qatnashmoqda.

Raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputatlarimiz tomonidan 2025-yilning 1-choragi davomida 75 dan ortiq deputatlik so‘rovlari jo‘natildi. Bu so‘rovlarning 65 tasi ijobiy hal etildi.

Partiyaning viloyat, tuman va shahar Kengashlari qoshida tashkil qilingan jamoatchilik qabulxonalariga 130 taga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning aksariyat qismi ijobiy hal qilindi.

Ular asosan, kommunal soha, bandlik, ish haqi, nafaqa va pensiyalarni o‘z vaqtida ololmaslik, moddiy yordam, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bank krediti va boshqa masalalar yuzasidandir.

Ko‘rinib turibdiki, joylarda yechimini kutayotgan muammolar oz emas. Fuqarolarni o‘ylantirayotgan ijtimoiy masalalar qay darajada samara va natija berayotgani deputatlik nazoratini olib borish davomida yanada yaqqol, aniq ko‘rinadi. Qonunlar, qaror, dasturlar va boshqa muhim hujjatlarning ijrosi, ya’ni, ro‘yobini bilish uchun ko‘proq odamlar orasida bo‘lish, har bir mahallaga, har bir xonadonga kirib borish kerak. Muhimi – mana shu ishni sidqidildan bajarishda.

Shuningdek, joriy yilning birinchi choragida deputatlarimiz tomonidan sessiyaga 9 ta masala kiritilgan. Ularning ijrosi bo‘yicha doimiy deputatlik nazorati o‘rnatilgan. Sessiyada qabul qilingan qarorlar ijrosini har oy alohida yig‘ilishda ko‘rib chiqamiz. Viloyat, tuman-shahar deputatlik guruhlari a’zolari hamda partiya kengashlari hamkorligida hududlarda sayyor qabullar tashkil etilmoqda.

Ko‘zga ko‘rinarli muhim tashabbuslarga to‘xtaladigan bo‘lsam, biz bir qator loyihalarimiz bilan mahallalarga, saylovchilar orasiga kirib boryapmiz, ular bilan yelkama-yelka turyapmiz.

Masalan, viloyat partiya kengashi tomonidan yoshlar va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha 100 dan ortiq loyihalar, forumlar o‘tkazildi. Jumladan, yoshlarning siyosiy, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni siyosiy jarayonlarga faol jalb qilish maqsadida «Safimizdagi yoshlar» loyihasi, «Deputat va yoshlar» forumi, «Yosh siyosatchi» ko‘rik-tanlovi, shuningdek, yigit-qizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirishga qaratilgan 20 dan ortiq press-klublar tashkil qilindi.

Xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlar hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarning oldini olish maqsadida «Xotin-qizlarning huquqiy bilimini oshirish oyligi», «Ayollar daftari»da ro‘yxatda turgan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularni kasb-hunar o‘rganishga jalb etish maqsadida «Ijtimoiy himoyadan - ijtimoiy faollik sari» loyihasi doirasida 50 dan ortiq tadbirlar amalga oshirildi.

– Siz viloyat partiya kengashi ishidan shaxsan o‘zingiz qoniqasizmi? Partiya kengashi yo‘l qo‘ygan xatolar sizningcha, nimalardan iborat? Kamchiliklar qanday va qaysi paytda ijobiy tendensiya tomon siljiydi?

– Shubhasiz, partiyamiz kengashi hozirgi kunda bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surib, ijtimoiy adolat va aholi manfaatlarini himoya qilishda faollik ko‘rsatmoqda. Biz aholi bilan muloqotni kuchaytirish, murojaatlarni hal etish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va mahalliy muammolarni hal etish borasida katta sa’y-harakat qilyapmiz.

Albatta, ishimizdan qoniqadigan jihatlar juda ko‘p. Ammo bu barcha ishlar risoladagidek degani emas. Yanada faol ishlash, katta-katta tashabbuslar bilan chiqish uchun ishga solinmagan imkoniyatlarimiz bor, shundan unumli foydalanishimiz kerak. Siyosiy tashkilot sifatida doimo o‘z faoliyatimizni tahlil qilib, rivojlanish yo‘llarini izlashimiz zarur.

Partiyamiz a’zolari sonini ko‘paytirish borasida yildan-yilga oshib borayotgan tendensiya kuzatilsa-da, ammo umumiy saylovchilar soniga nisbatan olganda bu yetarli emas.

Masalan, aytaylik, partiyamiz a’zolari soni 2019-yilda 19 765 nafar bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan vaqt mobaynida 14877 nafarga yoki 75 foizga ortib, 2025-yilning 1-aprel holatiga 34 642 nafarni tashkil etmoqda. Ammo bu viloyatdagi umumiy saylovchilar sonining atigi 6,4 foizini tashkil etadi. Ayniqsa, partiyalar uchun hamisha muhim siyosiy tadbir bo‘lgan saylovlarda bu muammo yaqqol seziladi.

Shu bilan birga, partiyamiz safini oshirib borishda faqat son emas, sifatdan jihatdan ham o‘sishga alohida urg‘u berishimiz kerakligini davrning o‘zi talab qilmoqda. Shuning uchun ham joriy faoliyatimizda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlarini, xalq orasida obro‘ qozongan jamoatchilik faollarini partiya safiga qabul qilishga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz.

Yo‘l qo‘yilayotgan asosiy xatolardan biri – tashabbuslarning faqat «qog‘ozda» qolib ketishida, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, partiya tomonidan ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha jiddiy tahlil o‘tkazilsa-da, ularni amalga oshirish mexanizmi yetarlicha ishlab chiqilmayapti. Masalan, partiya deputatlari mahalliy Kengashlarda aholi manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘plab takliflar bilan chiqadi, sessiya qarorlarini qabul qiladi, lekin ularni amalga oshirish uchun yetarli nazorat tizimi yoki ijro mexanizmlari mavjud emas. Bu esa tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishida sustkashlikka olib keladi.

So‘zimning boshida ta’kidlaganimdek, hozir Sirdaryo katta islohotlar maydoniga aylangan. Har bir hududning mehnat salohiyati, aholining talabi, joylashuvi, iqlimidan kelib chiqib, investitsion loyihalar ustida ishlanmoqda. Biz ham bu jarayonda faollik ko‘rsatishimiz kerak. Chunki hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, holatidan kelib chiqib amalga oshiriladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlasak, bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hissa qo‘shamiz.

Bundan tashqari, jamoatchilik va deputatlik nazorati orqali norasmiy ish o‘rinlari salmog‘ini kamaytirish, yashirin ish o‘rinlarini legallashtirish va bu orqali elektoratimiz vakillari, yoshlarning bandlik kafolatlarini qanchalik ko‘p ta’minlasak, ularning partiyamiz va uning dasturiga bo‘lgan ishonchini orttiramiz.

– Yutuqlar haqida gapirdik, xato va kamchiliklarga to‘xtaldik. Keling, endi bevosita partiyaning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish masalasiga to‘xtalsak. Bundan keyin nimani kutsak bo‘ladi? Yana bir savol. Yuqorida muammolarni aytdingiz. Xo‘sh, siz bu muammolarni to‘liq bartaraf etishga va’da bera olasizmi?

– Darhaqiqat, partiyaning jamiyatdagi nufuzini oshirish bugungi kunda har qachongidan ham dolzarb masalalardan biri. Chunki kelajakdagi saylovlar natijalariga bu jiddiy ta’sir etadi. Buni chuqur his qilgan holda bir qator chora-tadbirlarni ishlab chiqqanmiz.

Xususan, xalq bilan muloqotni kuchaytirish, partiyaning faoliyati haqida aholini kengroq xabardor qilish, qarorlar qabul qilish jarayonida, muhim masalalar bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, bunda xalqning fikrini eshitish va hisobga olishga alohida urg‘u bermoqdamiz.

Shuningdek, yoshlarning muammolarini hal qilishga yo‘naltirilgan loyihalarni ko‘paytirish, ularning siyosiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Jumladan, o‘tgan 2024-yil mobaynida «Safimizdagi yoshlar» hamda «Yosh siyosatchilar maktabi» loyihalari doirasida 108 ta tadbir o‘tkazilib, ularda 3730 nafar yoshlar qamrab olingan va 2765 nafar yoshlar partiya safiga qabul qilingan.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, partiyamiz a’zolari soni saylovchilar soniga nisbatan 6,4 foizni tashkil etadi.

Shuning uchun ham kelgusi faoliyatimizda partiya safini kengaytirish, saylovchilar mehrini qozonish, aholiga yanada yaqinlashish bo‘yicha katta loyihalarni rejalashtirganmiz. Asosiy maqsadimiz mazkur loyihalarni samarali amalga oshirib, yil yakunigacha partiyamiz a’zolari sonini ko‘paytirishdir.

Taraqqiyotning hozirgi bosqichi partiya zimmasiga nafaqat islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, balki ularni amalga oshirishda faol ishtirok etish vazifasini yuklaydi.

Deputatlik birlashmalari va partiya tashkilotlari faoliyati ma’lum murojaatlarni hal etish bilan birga, hududlarda partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladigan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ijro holati haqida aniq xulosani shakllantirishi kerak, deb o‘ylayman.

Shu munosabat bilan faoliyatimizning barcha darajasida deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni rejalashtirganmiz. Bu orqali mahalla, tuman va shaharlarning ijtimoiy rivojlanish holatini tizimli ravishda monitoring qilishni maqsad qildik.

Shuningdek, partiyamiz g‘oyalari targ‘ibotini ta’sirchan usullarda olib borishimiz kerak. Saylovoldi dasturimizda katta g‘oyalar o‘rin olgan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yaxshi tashabbuslar ilgari surilgan, odamlarimizning talab va ehtiyojlari hisobga olingan. Ular shunchaki gap emas, elektorat, xalqimiz, jamiyat va davlatning ertangi kunini yanada yaxshilashni ko‘zlagan aniq maqsad-muddaolardir. Hozir joylarda dastur ijrosiga qat’iy va jiddiy kirishilgan. Ana shu jarayonda har bir faolimiz o‘z taklifi va ishtiroki bilan qatnashsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Dasturiy tashabbuslar, takliflarimizni oddiy, tushunarli tilda, hayotiy misollar orqali xalqimizga yetkazishimiz kerak. Yana bir masala, partiya tashkilotlari va deputatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz zarur. Bu sohalarni chuqur o‘rganish, tahlil va takliflar ko‘payishi uchun xizmat qiladi. Mening fikrimcha, va’dadan ko‘ra, amaliy harakatlar va natijalar muhimroq.

Umuman olganda, kamchiliklar ustida ishlab, partiya tashkilotlari faoliyatini yanada kuchaytirish, xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari nufuzini oshirish bo‘yicha qat’iy rejalarimiz bor. Imkoniyatlarimiz ko‘p, vakolatlarimiz ham yetarli. Ishonamanki, rejalarimizning barchasi amaliy natijalarimizda aks etadi. Eng muhimi, xalq ehtiyojlaridan uzilib qolmaslikka harakat qilamiz.

 

***

To‘g‘ri, amalga oshirilayotgan e’tiborga molik ishlar ko‘p, lekin jarayon to‘xtab qolmasligi, vaqt o‘tgani sari izchil tus olishi kerak. Biz ham sirdaryolik faollarimiz va deputatlardan bundan keyin ham ko‘zga ko‘rinarli tashabbuslarni kutib qolamiz.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Laziza SHEROVA suhbatlashdi.

«O‘zbekiston ovozi», 21.5.2025, 20

 

 

 

 

 

 

Teglar

Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish