Yangi O‘zbekiston 2030-yilga borib qanday qiyofa kasb etishi, odamlarning turmush farovonligi qay darajada o‘sishini tasavvur qilish, nazarimizda, bugun qiyin emas. Chunki maqsad va rejalar aniq, islohotlar shiddatli, qadamlar ildam, natijalar uzoq kuttirmaydi. Hozirdanoq tasavvur hosil qilish imkonini beradigan shu omillar har bir yurtdoshimiz qalbida kelajakka nisbatan yuksak ishonch tuyg‘usini uyg‘otmoqda.
2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish, 2026-yilga qadar kambag‘allikni 2022-yilga nisbatan 2 barobarga, 2030-yilga qadar esa keskin qisqartirish, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, maktab bitiruvchilari kamida 2 ta xorijiy til va 1 ta kasb-hunar egallashini ta’minlash, mehnatga layoqatli aholi, shu jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun barqaror daromad manbaini yaratish orqali ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish, hududlarda xizmat ko‘rsatish hajmini 3 baravarga oshirish, elektron shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ulushini 100 foizlik marraga ko‘tarish... Ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ular qatorida yana bir ezgu maqsad bor. U ham bo‘lsa “O‘zbekiston – 2030 strategiyasi”da belgilangan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning chinakam “ovozi” ga aylantirishdir.
Vakolatlar yanada kengaytirilmoqda
Shu maqsadda 2024-yil 2-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, unda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator vazifalar belgilab berildi. Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etish, xalqning bevosita ixtiyori asosida qaror qabul qilish talab etiladigan jami 33 ta vakolat mahalliy Kengashlar ixtiyoriga o‘tkazildi. Shuningdek, O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi ham belgilandi.
Shu yil 23-iyunda esa ana shu Konsepsiyani tasdiqlash to‘g‘risida Prezident farmoni qabul qilindi. Konsepsiya bilan bir qatorda uni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ham tasdiqlandi.
Xususan, farmonda mahalliy darajada xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, jumladan, jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining rolini, fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishiga oid demokratlashtirish jarayonlarini mustahkamlash, ijro hokimiyati organlarining mahalliy xalq vakillari oldidagi hisobdorligini oshirish, hududiy boshqaruvni «aholi manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida nomarkazlashtirish, har bir bo‘g‘indagi mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash, vakolatlarini muvozanatli taqsimlash, hududlararo savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash kabi asosiy maqsadlar o‘z ifodasini topgan.
Darhaqiqat, mahalliy Kengashlar aholiga eng yaqin bo‘g‘indir. Ularga saylangan deputatlar esa quyida, odamlar orasida bo‘lib, ularning quvonch va tashvishlari, hudud muammolarini nafaqat chuqur biladigan, balki hal qilish bo‘yicha takliflarga ham ega bo‘lgan xalq vakillari. Mahalliy Kengashlar xalq va davlat o‘rtasidagi ko‘prik, deb bejiz aytilmaydi. Shu boisdan ham mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tashabbuskorligini yanada oshirish masalasiga e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, farmon bilan mahalliy ahamiyatga molik qator vakolatlarni mahalliy Kengashlarga o‘tkazish belgilandi. Hozir hokimlar vakolatida bo‘lgan davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari, dafn etish joylarini saqlash qoidalarini tasdiqlash, dafn etish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tariflar miqdorini belgilash shular jumlasidan. Shuningdek, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar bandligini ta’minlash uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish, yo‘llarning ayrim qismlarida harakatlanish tezligini oshirish yoki kamaytirishga (tegishli yo‘l belgilari o‘rnatib) ruxsat berish vakolati ham Kengashlarga o‘tkazilmoqda.
Muammolar yechimiga qaratilgan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
To‘g‘risi, shu kungacha amaliyotda aholi va hudud manfaatlariga oid ba’zi bir o‘tkir masalalarni hal qilishda deputatning va hatto mahalliy Kengashning ham kuchi va vakolati kamlik qiladigan holatlar uchrab turardi. Endilikda esa hududdagi muammolarni yechish bo‘yicha to‘rt bosqichli “mahalla yettiligi” – tuman (shahar) Kengashi – viloyat Kengashi – Senat” tizimini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Unga ko‘ra, hududni rivojlantirish dasturlaridagi bajarilmayotgan masalalar hamda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muammolar “mahalla yettiligi” bilan aniqlanib, tuman (shahar), viloyat va respublika darajasida hal etish chorasi ko‘riladi. Bunda respublika darajasida hal etiladigan hudud manfaatlariga oid muhim masalalar Oliy Majlis Senati muhokamasiga olib chiqiladi.
Bundan tashqari, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy Kengashlarni keng jalb etish, nazorat-tahlil tadbirlarida ham Senat va mahalliy Kengashlar hamkorligini kengaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2024-yil 19-noyabrda o‘tkazilgan birinchi majlisidagi nutqida “Kengashlar deputatlari bu yil fuqarolar bilan uchrashuvlarda 22 mingdan ortiq muammolarni aniqlagan. Ya’ni, joylardagi haqiqiy ahvolni ular yaxshi biladi. Shunday ekan, qonunlarni parlament qo‘mitalarida ko‘rib chiqishda, vazirlik va idoralar vakillari bilan emas, balki mahalliy Kengashlar deputatlari bilan ko‘proq ish olib borilsa, albatta adolatdan bo‘ladi” deya ta’kidlagan edi.
Bu kabi ijobiy yangiliklar hududlarda islohotlarning borishini jadallashtirishda mahalliy Kengashlarning Senat bilan hamkorligini yanada kuchaytirishga, hududiy muammolarni Senat orqali Hukumat darajasiga olib chiqib, ijobiy hal etish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mahalliy Kengashlarning o‘zaro hamkorlik qilish amaliyotini kuchaytirish, jumladan, bir nechta hududga taalluqli bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy, favqulodda va texnogen holatlar, iqlim o‘zgarishi va ekologik masalalarni umumiy yondashuv asosida hal etish bo‘yicha o‘rganishlar olib borish va natijasini qo‘shma majlislarda muhokama qilish ham nazarda tutilmoqda.
Bu kabi hamkorlik mexanizmlarining tatbiq etilishi, xususan, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish, bu yerdagi ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish, murakkab sharoitda yashayotgan aholining turmush farovonligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samaradorligini yanada oshirishga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Mansabdor shaxslarning mas’uliyati oshadi
Farmon bilan mahalliy Kengashlarning Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasiga Kengash qarori bilan lavozimga tasdiqlanadigan, tayinlanadigan, lavozimga tayinlanishida Kengash roziligi olinadigan hamda Kengashga hisobdor bo‘lgan mansabdor shaxslarning ham odob-axloq normalarini buzganlik bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish huquqini berish nazarda tutilmoqda.
Bilamizki, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid masalalarni nazorat-tahlil tartibida o‘rganish va mahalliy Kengashlar sessiyalari, doimiy komissiyalar, deputatlik guruhlari yig‘ilishlarida muhokama etib, tegishli qarorlarni qabul qilish, mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitish, deputatlik so‘rovi institutlari bugun o‘zining samarasini bermoqda. Shu bilan bir qatorda mansabdor shaxs o‘rniga uning o‘rinbosari yoki bo‘lim boshlig‘i axborot berishi, qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘z axboroti yoki hisobotini taqdim etmasligi, taqdim etilayotgan axborot yoki hisobotda kerakli ma’lumotlarning berilmasligi, deputatlik so‘roviga ham shu taxlitda javob qaytarilishi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari qarorlariga mas’uliyatsizlik bilan qarash holatlari uchrab turishi ham bor gap.
Bunday sharoitda ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslariga nisbatan egallab turgan lavozimiga noloyiqligi, intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha yuqori turuvchi organga taqdimnoma kiritish kabi choralar ko‘zda tutilmoqda. Albatta, bu mahalliy Kengash qarori bilan lavozimga tayinlanadigan yoki lavozimga tayinlanishida Kengash roziligi olinadigan mansabdor shaxslarning mahalliy Kengash oldidagi mas’uliyati oshishiga olib keladi.
“Kengash soati” deb ataluvchi yangi nazorat shaklining joriy etilishi, ya’ni, mahalliy Kengashlarda deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axboroti eshitilishi esa deputatlik va jamoatchilik nazoratini amaliy jihatdan yanada kuchaytiradi.
Deputatlar uchun ham imkoniyat
Deputat sifatida farmon bilan tasdiqlangan Konsepsiya va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan qator aniq masalalar faoliyatimiz samaradorligini oshirishga xizmat qilishini alohida e’tirof etmoqchiman. Masalan, saylovchi oilasi yoki hududidagi qaysidir muammoning hal etilishida o‘zi ishonch bildirgan deputatdan umidvor bo‘lishi tabiiy. Lekin shunday holatlar kuzatiladiki, bu muammoni hal qilish alaloqibat mablag‘ masalasiga borib taqaladi.
Shu o‘rinda “yo‘l xaritasi”da mahalliy budjetlar loyihasini shakllantirishda hududlar toifasidan kelib chiqib, budjet xarajatlarining 3-5 foizini bevosita mahalliy Kengash deputatlarining tashabbusi asosida shakllantirish, Senat bilan hamkorlikda «Saylovchi — deputat — hokim — Kengash» o‘zaro hamkorlik tizimining yo‘lga qo‘yilishi juda ahamiyatlidir. Bu deputatning saylovchilari orasidagi obro‘si va hududlardagi muammolarni hal qilishdagi imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi. Mahalliy budjetni shakllantirish jarayoniga mahalliy Kengash deputatlarini faol jalb etish orqali aholining turmush farovonligini oshirish, deputatlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratiladi.
Shu bilan birga, hududiy dasturlarni shakllantirishda deputat va «mahalla yettiligi» ishtirokining ta’minlanishi – bu nafaqat imkoniyat, balki mas’uliyat hamdir. Chunki dasturga kiritiladigan har bir masalani, eng avvalo, chuqur va har tomonlama o‘rganish talab etiladi.
«Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasi (deputatning transportda tekin yurish huquqi) normalarini amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish belgilandi.
Shuningdek, tashkilot rahbari tomonidan o‘z xodimi bo‘lgan deputatlarni mahalliy Kengash sessiyasi, doimiy komissiyalari, partiya guruhlari majlislarida ishtirok etishi, saylovchilari bilan uchrashuvlar, fuqarolar qabullarini o‘tkazishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmasligi, deputatning tegishli viloyat, tuman va shahar hududida joylashgan, moneliksiz kirishi mumkin bo‘lgan korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar doirasini va ularga kirish tartibini aniq belgilash va boshqalar nazarda tutilmoqda. Bu xalq vakilining o‘z deputatlik faoliyatini to‘laqonli amalga oshirishi uchun sharoit va imkoniyat yaratadi.
Biz, deputatlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi yuzasidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishimizda yangi, samarador tajribalarni hayotga tatbiq etishimizda yuqoridagi o‘zgarishlar ayni muddao. Ushbu farmonga asosan mahalliy Kengash deputatlarining mas’uliyati hamda hisobdorligini oshirishga doir normalarning kiritilgani shu jihatdan muhim va dolzarb.
***
Albatta, farmonda nazarda tutilgan maqsad va vazifalar qanchalar keng qamrovli bo‘lsa, shunchalar aniq va puxta. Ularning ijrosi nafaqat mahalliy Kengashlar hamda mahalliy Kengash deputatlari faoliyati samaradorligini oshirishga, balki hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqning turmush farovonligini yuksaltirish jarayoniga yangi sur’at va natijadorlik bag‘ishlaydi.
Nazira MATYAQUBOVA,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati.
«O‘zbekiston ovozi», 2.7.2025, №26