
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy, madaniy va strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega. Ikki davlat xalqlarini o‘xshash milliy urf-odat, an’analar, madaniyat va din, ikki tomonlama aloqalarning boy tarixi hamda mintaqaviy hamkorlikdagi umumiy manfaatlar birlashtiradi. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga 2024-yilda o‘tkazilgan Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisida Ittifoqchilik darajasi berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Ozarbayjon turli xalqaro tashkilotlar, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti, BMT, IHT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Oliy darajadagi olib borilayotgan muntazam muzokaralar ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajada ekanini namoyon qilmodqa. Iqtisodiyotning turli sohalari, jumladan energetika, logistika, sanoat va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi hamkorlik kengayib bormoqda.
Masalan, oxirgi besh yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan oshib, 2024-yil oxiriga kelib 253 million dollarga yetdi. 2025-yilning yarim yilligi holatiga ko‘ra, 80 million AQSH dollarini tashkil etmoqda. Iqtisodiy kooperatsiya yilida tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oshdi. Loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetgan. 300 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ozarbayjon Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi davomida tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmini yiliga 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari atroflicha muhokama etildi. Natijada, 2030-yilga qadar tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish dasturi qabul qilindi.
Madaniy-gumanitar aloqalar ham izchil rivojlanmoqda. Ta’lim va fan sohasida tajriba almashish, turizmni rivojlantirish kabi sohalarda hamkorlik samarali olib borilmoqda. Bu borada tashrif davomida Fan, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimning imzolanishi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning jonlanishi, xususan, dual ta’lim, ta’limni raqamlashtirish, fan va biznesni o‘zaro yaqinlashtirish, o‘zaro bog‘lash masalalarida manfaatli hamkorlikka zamin yaratmoqda.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat ikki tomonlama rivojlanish, balki Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqalarining barqarorligi va farovonligi uchun muhim omildir. Munosabatlarning izchil mustahkamlanishida bu galgi davlat tashrifi yangi tarixni ochib berdi.
Ulug‘bek SHERMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 9.7.2025, №27