O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda partiya Saylovoldi dasturi ijrosi bo‘yicha joriy yil birinchi yarmida olib borilgan ishlar, partiya budjeti ijrosi va asosiy ko‘rsatkichlari hamda ayrim tashkiliy masalalar muhokama qilindi.
Plenumni partiya Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov ochib berib, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, ehtiyojmand fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarga yechim topish, yangi taklif-tashabbuslar bilan chiqish, partiyaning pozitsiyasini doimiy mustahkamlab borish masalalari haqida so‘z yuritdi.
2025-yilga mo‘ljallangan ish rejada belgilangan ustuvor vazifalardan hozirgi kunga qadar 37 tasi to‘liq amalga oshirilgan. Shundan 27 tasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida partiya fraksiyasining qonunchilik tashabbusi darajasida, 10 tasi davlat organlariga takliflarni taqdim etish orqali bajarilgan.
Qonunchilik tashabbusi doirasida 4 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, ko‘rib chiqishga taqdim etildi. Shu bilan birga, 5 ta qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan bo‘lib, birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
O‘tgan davrda fraksiya a’zolari saylov okruglaridagi faoliyati davomida 590 marta uchrashuv o‘tkazib, jami 428 ta xonadonga bevosita kirib bordi. 20 ming nafarga yaqin aholi vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot tashkil etildi.
Partiya tashkilotlari hamda fraksiya hamkorligida 20 dan ortiq qonun loyihasi joylarda mahalliy deputatlar bilan birga muhokama qilindi. Partiya faollari va keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan 100 dan ortiq takliflardan qonun loyihalarini takomillashtirish jarayonida foydalanildi.
Deputatlik birlashmalarining Harakat dasturida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini takomillashtirish, kommunal xizmatlar sifati va narxlarini tartibga solish kabi 121 ta ustuvor vazifa belgilangan bo‘lib, ularni amalga oshirish yuzasidan keng faoliyat yuritilmoqda.
Partiya Saylovoldi dasturini amalga oshirish, elektorat manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni hal etish maqsadida 2800 ga yaqin deputatlik so‘rovi yuborilib, shundan hozirgacha 1837 tasi, ya’ni 67 foizi ijobiy hal etildi. Dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha 541 marta joylardagi rahbarlar va mansabdor shaxslarning hisobot va axborotlari eshitildi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng elektorat manfaatlari himoyasi bilan bog‘liq qarorlar qabul qilinishiga erishildi.
Partiyaning Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari qoshidagi Jamoatchilik qabulxonalariga fuqarolardan 9064 ta murojaat kelib tushdi. Shulardan hozirgacha 8159 tasi, ya’ni 90 foizi partiya tashkilotlari, deputatlar va hamkor tashkilotlar ishtirokida ijobiy yechim topdi.
Plenumda erishilgan natijalar xotirjamlikka asos bo‘la olmasligi, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida jiddiy vazifalar turgani, ayniqsa, iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalarda qat’iy pozitsiya ko‘rsatish, shu orqali amaliy natijalarga intilishni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Xususan, partiya tashkilotlari o‘tkazayotgan aksiya va tadbirlar natijadorligini kuchaytirish, parlament quyi palatasida qonun ijodkorligi bilan cheklanib qolmasdan, elektorat manfaatlariga bevosita daxldor bo‘lgan masalalarni vazirlik-idoralar bilan qat’iy muhokama qilish, aholini o‘ylantirayotgan muammolar yuzasidan muntazam pozitsiya bildirib borish, mahalliy Kengashlardagi deputatlarning hududlar rivojiga ta’sirini kengaytirish zarurligi haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Muhokamalardan so‘ng, partiya oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi. Jumladan, mamlakatimiz Qonunlari va normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan vazifalar ijrosi so‘zsiz bajarilishiga erishishda parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini tashkil etishning dasturiy-maqsadli usullariga o‘tish; “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini ta’minlash va amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish; plenum hujjatlarida qayd etilgan kamchiliklar va foydalanilmagan imkoniyatlar har bir hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari tomonidan chuqur tahlil qilish kabi bir qator vazifalar qo‘yildi.
Plenumda kun tartibidagi masalalar yuzasidan hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi vazifalar bilan bog‘liq masalalarda plenum qarorlari qabul qilindi.