Imkoniyatlar olami
Imkoniyatlar olami

 

Nogironligi bo‘lgan yoshlar salohiyatiga e’tibor – O‘zbekistonning insonparvar yo‘li

Inson qadri – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bosh mezoni. Bu mezon amalda har bir sohada o‘z ifodasini topmoqda. Ijtimoiy himoya tizimini tubdan yangilash, nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun hayot sifatini yaxshilash, ularni jamiyatning faol ishtirokchisiga aylantirish – bugungi islohotlarimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Orzular dunyosi” tasviriy asarlar tanlovi hamda ijtimoiy yarmarkasi zamonaviy faollik, davlat va jamiyat hamjihatligida amalga oshirilgan namunaviy loyiha bo‘ldi.

 

Hayotga muhabbat

Avvalo, ushbu aksiya nogironligi bo‘lgan yoshlarning iste’dodi, mehnatsevarligi va hayotga muhabbatini keng jamoatchilikka namoyon qilish imkonini berdi. Tanlov va yarmarkadan ko‘zlangan maqsad – ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning qobiliyatini namoyon etish, ularni rag‘batlantirish va real imkoniyat eshiklarini ochishdir.

Aytish kerakki, so‘nggi yillarda bu toifadagi yoshlar bilan ishlashga nisbatan tamoman yangi va insonparvar yondashuv shakllanmoqda. Ularga nafaqat ko‘mak, balki teng huquqli fuqaro sifatida imkoniyat yaratish – davlat siyosatining asl mohiyatiga aylandi. Bu toifa vakillari orasida tasviriy san’at, qo‘l mehnati, badiiy asarlar yaratish, dizayn va ijod sohalarida ulkan salohiyat egalari bor.

Biroq ularning qobiliyatini namoyon etish, uni tan olish va ommaga ko‘rsatish imkoniyati har doim ham mavjud emas. Mana shu jihatni hisobga olgan holda, partiya tashabbusi bilan butun respublika bo‘ylab amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

 

Kamchiliklar nima edi?

Sohadagi muammolardan biri – ijtimoiy inklyuziyaning to‘liq shakllanmaganidir. Ya’ni, nogironligi bo‘lgan yoshlar ko‘p hollarda ijtimoiy hayotdan uzilgan, o‘zining imkoniyatlarini namoyon etish uchun omma oldiga chiqa olmaydi. Ijod namunalarini namoyish etish, moddiy va ma’naviy qo‘llab- quvvatlash tizimi yetarli emas. Bu nafaqat yoshlarning ishonchiga, balki jamiyatdagi munosabatlarga ham ta’sir qiladi.

Muammolarga amaliy yondashuv esa masalaning eng munosib va samarali yechimi sanaladi. Chunki tan olishimiz kerak bo‘lgan bir haqiqat bor. Nogironligi bo‘lgan yoshlar ko‘pincha ijtimoiy hayotdan chetda qoladi, o‘z qobiliyatini namoyon etish uchun esa minbar topolmaydi. Ular tomonidan yaratiladigan mahsulotlar, asarlar tijoratlashtirilmaydi, mehnati qadrlanmaydi. Bu esa ularning jamiyat hayotiga moslashishiga to‘siq bo‘lib kelmoqda. Bugun bu yondashuv butunlay o‘zgardi.

“Orzular dunyosi” ana shu o‘zgarishning amaldagi ifodasi bo‘ldi.

 

Qamrov va ishtirok

Sarhisob qilingan ishlar natijasini ko‘rsatadi. Shu bois raqamlarga to‘xtalishni istardim. Masalan, aksiya doirasida 14 ta hududda o‘tkazilgan tadbirlarda 552 nafar nogironligi bor yoshlar o‘zlarining 3 800 dan ortiq ijodiy va amaliy asarlari bilan faol qatnashdi. Bu jarayonda tashkil etilgan yarmarka va auksion savdolarida 6 mingga yaqin fuqaro ishtirok etdi.

Ushbu raqamlar – faqat statistika emas. Bu – yuzlab orzularning, yuzlab iste’dodlarning, yuzlab insonlarning hayotga yanada bog‘lanishi, yurakdan qilgan mehnatiga “qadring bor” degan javobni eshitgan lahzasidir. Bu ishonch, ruhiy qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy yondashuv namunasidir. Har bir yoshning ko‘zida “men ham kerakman” degan ishonchni ko‘rish mumkin edi. Ayrim mahsulotlar shundoq yorqin, sifatli tayyorlanganki, ular ishtirokchilarning diqqatini tortdi, sotib olindi, hatto tijorat takliflari berildi.

Yana bir muhim jihat – ularning mehnatini jamiyat ko‘rdi, qadrladi, tan oldi.

 

Ijod, ishonch va imkoniyatlarga yo‘l ochildi

“Orzular dunyosi” aksiyasi nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun nafaqat ijodiy, balki iqtisodiy va ruhiy-ma’naviy jihatdan ham katta imkoniyat eshigini ochdi. Loyiha yakunida quyidagi aniq natijalarga erishildi.

Birinchidan, yoshlar o‘z mahsulotlarini real bozorga olib chiqish imkoniga ega bo‘ldi. Ayrim asarlar sotildi, buyurtmalar qabul qilindi, daromad keltirdi.

Ikkinchidan, ruhiy-ma’naviy tiklanish va ijtimoiy faollashuv kuchaydi. Natijada, aksiyada ishtirok etgan yoshlarning aksariyati o‘zlariga bo‘lgan ishonch, mas’uliyat hissini kuchaytirdi. Ular jamoat tadbirlarida, mahalla faoliyatida, ijtimoiy tarmoqlarda faollashdi – “men ham kerakman” tuyg‘usi kuchaydi. Psixologik qo‘llab-quvvatlash guruhlari orqali e’tibor va munosabatga ega bo‘ldi.

Uchinchidan, jamiyatda ijobiy munosabat shakllandi. Fuqarolarning ushbu toifaga nisbatan yangi, konstruktiv munosabati shakllandi. Aholi orasida “iste’dod imkoniyat talab qiladi” degan tushuncha mustahkamlandi.

 

Hech bir orzu bee’tibor qolmaydi

“Orzular dunyosi” – bu shunchaki ko‘rgazma emas. Bu inson salohiyatiga e’tibor, nogironligi bo‘lgan yoshlarga teng huquqli maydon yaratish, inson qadrini har bir amalda namoyon etishga yo‘naltirilgan harakatdir.

Zero, har bir fuqaro jamiyat a’zosi. Uning qaysi toifaga mansubligidan qat’iy nazar, har biri uchun zarur muhit, imkon va kafolat bo‘lishi shart. “Orzular dunyosi” – ana shu falsafaning hayotga tatbiq etilgan namunasidir.

Bu loyiha nogironligi bo‘lgan yoshlarning faol hayotga qadam qo‘yishiga ko‘maklashgan, ularga qo‘l uzatgan, salohiyatini ochib bergan muhim ijtimoiy platforma vazifasini o‘tamoqda. Bugun ularning nafaqat kurashuvchan hayotiy pozitsiyasi bilan, balki ijodiy kurashi, mehnati, vatanga muhabbati bilan tanishmoqdamiz. “Orzular dunyosi” – bunday yoshlar uchun imkoniyatlar eshigini ochgan voqealikdir.

 

Abror QURBONOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

«O‘zbekiston ovozi», 16.7.2025, №28

 

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz
← Roʻyxatga qaytish