Elektoratimiz bizdan mas’uliyat va haqiqiy g‘amxo‘rlik kutyapti
Elektoratimiz bizdan mas’uliyat va haqiqiy g‘amxo‘rlik kutyapti

 

Bugungi kun talab qilayotgan dolzarb vazifalardan biri – mahalliy Kengashlardagi deputatlarimizning faolligini oshirish, ularning huquq va vakolatlaridan samarali foydalanish, xalq orasidagi ishonchni yanada mustahkamlashdir. Shundan kelib chiqib, asosiy 4 ta masalaga e’tibor qaratish muhim, deb o‘ylayman.

Avvalo, mahalliy Kengash deputatlarida tanqidiy yondashuv va tashabbuskorlikni shakllantirish zarur. Sababi ba’zi holatlarda ko‘ramiz, saylovchilarining muammolarini hal etishda qat’iy pozitsiya bildira olmayotgan deputatlar ham bor. Partiyamiz fraksiyasi parlamentda muxolifat sifatida o‘z pozitsiyasini belgilab oldimi, demak, bu jarayonda mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarimiz ham shunga mos ravishda harakat qilishi kerak, nazarimda.

Bu esa har bir qarorni xalq manfaatlari asosida baholash, ijro hokimiyati faoliyati ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini o‘rnatish, aholi muammolarini Kengashlar muhokamasiga olib chiqish demakdir. Masalan, Qoraqalpog‘istondagi partiyamiz deputatlari tomonidan tanqidiy tahlil asosida 70 dan ziyod masala sessiya kun tartibiga olib chiqilgan, bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ko‘rayapmiz.

Navbatdagi muhim masala jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish bilan bog‘liqdir. Bilamizki, xalq bilan ishlashning asosiy mezoni — jamoatchilik nazorati va ochiq muloqot hisoblanadi. Shunday ekan, biz deputatlar joylardagi ijtimoiy obyektlar faoliyati, adolatli ta’lim va sog‘liqni saqlash, aholi bandligi, ijtimoiy nafaqalar masalalarida jonkuyarlik bilan faol ishtirok etishimiz talab qilinadi. Xususan, muntazam sayyor qabullar o‘tkazilishi, davlat organlariga deputatlik so‘rovlari yuborish orqali masalalarga yechim topish hamda jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish ko‘lami kengaytirilishi mazkur mezon talablariga mos keladi.

Qolaversa, deputat salohiyati va siyosiy yetuklikni oshirishga qaratilgan choralarni ko‘rish ham kechiktirib bo‘lmas zaruratdir. Chunki belgilangan vazifalar ko‘lami keng va buning natijadorligi deputat salohiyati, siyosiy irodasiga bog‘liq. Ba’zida shunday vaziyatlar bo‘layaptiki, deputat so‘rovi yuborishda iltimosnoma yoki amaliy yordam ko‘rinishidagi so‘rovlar ham kuzatilmoqda. Axir deputat so‘rovining ham o‘z texnikasi, tartib-tamoyili bor. Vaholanki, deputatning salohiyati, huquqiy bilimlari va murojaatlar bilan ishlash madaniyati – partiyaning jamiyatdagi obro‘sini belgilaydi. Shu maqsadda, deputatlar uchun muntazam tahlil seminarlari, huquqiy o‘quvlar tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Muhimi, elektorat orasida “deputat kim, u nima ish qildi?” degan savollarga o‘rin qoldirmaslik uchun harakat qilish zarur.

Va nihoyat so‘nggi ustuvorlik, jamoatchilik bilan aloqani kuchaytirish partiyaning xalq orasidagi ta’sirini belgilaydi. Buni barchamiz juda yaxshi tushunamiz. Shu bois, har bir mahalliy Kengash deputati o‘z saylovchilari bilan doimiy muloqotda bo‘lishi, ularning dard-u tashvishini eshitib, partiya orqali manfaatlarini himoya qilishi lozim. Joylarda ochiq muloqot, fikr almashinuvi, ijtimoiy masalalar bo‘yicha muhokamalar o‘tkazish faoliyat samaradorligiga xizmat qilishiga ishonchim komil.

Fikrim yakunida aytishni istardimki, mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlari qo‘l ko‘tarib, tasdiqlovchi emas, balki xalqning yuragidagi ovozni davlat idoralariga yetkazuvchi, uning himoyachisi bo‘lishi shart. Zotan, xalq bizdan shunchaki faollik emas, mas’uliyat va haqiqiy g‘amxo‘rlik kutyapti.

 

Halilla YESHIMBETOV,

O‘zXDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 23.7.2025, №29

 

 

 

 

 

 

Teglar

Plenum Faxriy Deputat
← Roʻyxatga qaytish