
Chin o‘lkasining “Shimoliy darvozasi” deb ataladigan Tyanszin shahrida o‘tgan “ShHT plus” sammiti xalqaro hamjamiyat diqqat-e’tiboridagi muhim siyosiy voqelik bo‘ldi. ShHT sammiti tom ma’noda ochiqlik va ko‘p tomonlama hamkorlik ruhiga javob beradigan, ishonchli muloqot uchun zamonning o‘zi talab qilayotgan maydonga aylanib borayotgani yana bir karra amaliy tasdig‘ini topdi. Binobarin, hozirgi murakkab global vaziyatda xalqlar va davlatlarni ezgu maqsad yo‘lida birlashtirish g‘oyatda dolzarb bo‘lib, jahonda barqaror va adolatli tartibotni ta’minlashda mazkur nufuzli tashkilot mustahkam tayanchlardan biri hisoblanmoqda.
1-sentabr kuni “ShHT plus” formatining “Ko‘p tomonlama hamkorlikni hayotga tatbiq etish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va barqaror taraqqiyotga ko‘maklashish” mavzusidagi uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Ma’ruzada ilgari surilgan tashabbuslar yurtimizning tinchliksevar, insonparvar va pragmatik tashqi siyosatini yana bir bor yaqqol namoyon etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ta’kidlanganidek, ShHT doirasida sheriklik va amaliy hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjud. Iqlim o‘zgarishi, energetika va oziq-ovqat resurslari taqchilligi, migratsiya inqirozlari, kiberhujumlar va boshqa yangi xavf-xatarlar yuzaga kelayotgan bir sharoitda ShHT mamlakatlarining barqarorligi va farovonligini ta’minlash uchun jamoaviy sa’y-harakatlarni kuchaytirish ayni zaruratdir.
Prezident tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni kuchaytirish vazifalariga to‘xtalib o‘tdi. Birinchi navbatda xavfsizlikka oid tashabbuslar tilga olindi. Toshkent shahrida ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi negizida Xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz hamda Dushanbe shahrida Narkotiklarga qarshi kurashish markazi ishga tushirilgani e’tirof etildi.
Xavfsizlik masalalari bo‘yicha “ShHT plus” formatidagi birinchi muloqotni kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi. Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olmasdan va xalqaro hamjamiyatning afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqotini yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqamizda barqarorlikni ta’minlash mumkin emasligi ta’kidlanib, ushbu mamlakatni ShHT loyihalariga jalb qilish bo‘yicha pragmatik yondashuvlarni ishlab chiqish muhimligini qayd etildi.
Bugungi kunda ShHT nafaqat mintaqaviy xavfsizlikni o‘rnatishda, balki transport, “yashil” energetika, innovatsiyalar, raqamli iqtisodiyot, sanoat kooperatsiyalari bo‘yicha ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda salmoqli o‘rin tutmoqda. Shu ma’noda biznes sohasidagi muloqotlar uchun samarali maydonni ishga tushirish maqsadida barcha manfaatdor sheriklarni jalb etgan holda har yili “ShHT Invest” investitsiya forumini o‘tkazish va birinchi forumga kelgusi yili O‘zbekiston mezbonlik qilishi taklifi bildirildi.
Investitsiya va savdo yo‘nalishidagi hamkorlik iqtisodiy o‘sish barobarida barqaror rivojlanishni ham jadallashtiradi.
Shuningdek, mintaqamizni global yo‘laklar bilan ishonchli bog‘lashni ta’minlaydigan samarali transport yo‘nalishlarini yaratish hayotiy muhim masala ekani aytildi. Shu borada amalga oshirilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi va uning Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lanishi ShHT makonida yagona transport tarmog‘ini shakllantirish imkonini beradi.
ShHT innovatsion-texnologik xablar tarmog‘ini tashkil etish navbatdagi yana bir ustuvor vazifadir. Chunki ShHT mamlakatlari sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazalari, robototexnika, biomuhandislik, muqobil energetika kabi ilg‘or yo‘nalishlarda katta sakrashni ta’minlashga qodir ilmiy-texnik qudratga ega.
Bu taklif ham strategik ahamiyat kasb etadi. Insoniyat kelajagi sun’iy intellekt va “yashil” texnologiyalar bilan chambarchas bog‘liqligini ortiqcha ta’rif etishga hojat yo‘q.
Shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish maqsadida Buyuk ipak yo‘li madaniy muloqotini ta’sis etish tashabbusi ilgari surildi. Urg‘u berilganidek, siyosat va iqtisod davlatlar o‘rtasida ko‘prik qursa, madaniy aloqalar ham ulardan kam vazifa bajarmaydi.
ShHT tarixidagi yirik tadbirlardan biri – Tyanszin sammitining samarali natijalari mintaqamizda barqarorlikni yanada mustahkamlashga, ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish va barcha mamlakatlarning izchil taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz.
Firdavs SHARIPOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
«O‘zbekiston ovozi», 3.9.2025, №35