O‘zbekiston XDP mas’ullari va faollaridan iborat ishchi guruh respublikamizda ishlab chiqarilayotgan osh tuzining yodlanganlik darajasi va ishlab chiqarish standartlariga qanchalik amal qilinayotgani bo‘yicha o‘rganish olib bordi.
O‘rganishlarda hududlardagi ayrim ishlab chiqaruvchilar yodlashtirish talablariga to‘liq amal qilmayotgani aniqlangan edi. Masalan, Surxondaryo viloyatidagi “Xo‘jaikon tuz” MCHJda osh tuzi tegirmonda maydalanib elanmasdan yodlash uskunasiga o‘tkazilayotgani, qolaversa, ishchilar uchun yetarlicha sharoit yaratilmagani, “Chorbog‘ Barakali Tuz” MCHJ hamda “RASULZODATUZ” MCHJlar qurilish ishlari bitkazilmagan, tom qismi ochiq, havo aylanish qurilmalari o‘rnatilmagan, chang ushlab qoluvchi uskunalar ulanmagan binolarda tuz ishlab chiqarayotgani va osh tuzini yodlash texnologik jarayon asosida olib borilmayotgani aniqlangan edi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashidagi deputatlik guruhimiz rahbari Alisher Pardayev Sherobod tuman hokimligiga va tuman Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limiga o‘rganish natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish masalasida deputat so‘rovi yubordi.