Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati Shuhrat Teshayev tomonidan Peshku tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida sayyor qabul o‘tkazildi. Qabul davomida mahalla aholisi bilan yuzma-yuz muloqot qilinib, ularning muammo va takliflari o‘rganildi.
Sayyor qabul doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan aholi vakillari uchun bepul tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi. Kengaytirilgan tibbiy ko‘rikda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasining 20 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilari hamda malakali shifokorlari o‘tkazishdi.
Terapevt, nevropatolog, kardiolog, pediatr kabi yo‘nalishlardagi shifokorlar tomonidan 250 nafarga yaqin mahalla fuqarolari bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, bir qator bemorlarga zarur tavsiyalar va bepul davolanish uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.
Partiyamiz tomonidan aholi salomatligini muhofaza qilish, profilaktik tadbirlarni kengaytirish va tibbiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida bunday tashabbuslar uzluksiz davom ettirib kelinmoqda. Bunday sa’y-harakatlar tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.