
Mahalla nafaqat hududiy boshqaruv shakli, balki aholining kundalik hayoti, muammolari va orzu-umidlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan noyob ijtimoiy institut hisoblanadi. U vatan ichra kichik vatan, ajdodlarimizning yuksak tafakkurini, urf-odatlar va an’analarini o‘zida mujassam etgan maskan hamdir.
So‘nggi yillarda Prezident rahbarligida sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida u hayotimizga daxldor bo‘lgan barcha masalalarni hal etishda xalq va davlatni bir-biriga yaqinlashtirib, munosabatlarni tartibga soluvchi muhim tuzilmaga aylandi.
Xususan, mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqardi. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilgani, zarur sharoitlar, resurs va vakolatlar berilgani bugun barcha masalalarni shu yerning o‘zida hal etish imkonini berdi.
Davlat rahbari raisligida mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ushbu tizimni rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar tom ma’noda uning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada oshiradi.
Darhaqiqat, bugungi kunda mahallalardagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish o‘rinlarini yaratish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Ayniqsa, mahallalarga bankir va soliqchilar biriktirilib, infratuzilmani yaxshilash uchun alohida mablag‘lar ajratilayotgani yuqori samara berayotir. Bunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, ijobiy natijalarga erishayotgan mahallalarimiz ham ko‘p.
Biroq ayrim mahallalarda yagona jamoa bo‘lib ishlash, mavjud resurslardan to‘liq foydalanish borasida ayrim muammolar kuzatilayotgani bu borada zarur choralar ko‘rishni taqozo etadi. Shu sababli yig‘ilishda Norin tumanidagi “Sho‘rariq” mahallasini barcha viloyat hokimlari, respublika, viloyat, tuman rahbarlari va “yettilik” uchun ko‘zgu, sifat va kompetensiyani oshirishga undovchi omil sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Ushbu mahalla tajribasini alohida tilga olinishi bejiz emas. Chunki mahalladagi har bir imkoniyatni aniqlab, uni istiqbolli loyihaga aylantirish, ish o‘rinlarini yaratish va aholining daromadini oshirishga qaratilgan aniq rejalar ishlab chiqilgan. Bankir va soliqchilarning ko‘magi, ajratilgan mablag‘lardan oqilona foydalanish, infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali Sho‘rariq mahallasi qisqa vaqt ichida sezilarli natijalarga erishdi.
Mazkur mahalla tajribasini o‘rganish va o‘z hududida qo‘llash orqali boshqa mahallalar ham iqtisodiy rivojlanish, kambag‘allikni qisqartirish va aholining turmush darajasini yaxshilashga erishishi mumkin. O‘tgan hafta imzolangan tuman, shahar va mahallalarni namunali hududga aylantirishga qaratilgan Prezident qaroriga muvofiq, mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman, 330 ta og‘ir mahalla belgilab olindi.
Mazkur hujjat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda ortda qolayotgan hududlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasini yaxshilash va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgani bilan diqqatga sazovor. Ajratilayotgan mablag‘lar yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minotini yaxshilash, kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, maktablar, shifoxonalar, madaniyat markazlari va sport maydonchalarini qurish va ta’mirlash, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish, kasb-hunarga o‘qitish va ish bilan ta’minlashga sarflanishi bilan ahamiyatlidir.
Belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi natijasida ortda qolayotgan hududlarning rivojlanishi tezlashadi, aholining turmush darajasi yaxshilanib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, kambag‘allik darajasi qisqarib, infratuzilma modernizatsiya qilinadi.
Afsuski, mahalla bankirlari, hokim yordamchilari har bir mahallada o‘rtacha 40 tadan mikroloyiha qilishi uchun ularga joriy yilda 6,5 trillion so‘m resurs berilganiga qaramay, hamma hokimlar va “mahalla yettiligi” ham bir xil ishlamayotir. Hududlardagi 2 ming 356 ta mahallada esa hali ixtisoslashuv darajasi ancha past.
Yig‘ilishda mutasaddilarga barcha mahallada ixtisoslashuvni oxiriga yetkazish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda mahallalar aholisi bilan uchrashib, ularning salohiyatidan kelib chiqib, aniq ixtisosligini belgilash, kamida 200 ming aholini band qiladigan mikroloyihalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Kelgusi yildan meva-sabzavotga ixtisoslashgan 2 ming 682 ta mahallaga sanoat olib kirish uchun imtiyozli resurslar, avvalo, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash loyihalariga taqdim etilishi, Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ berilishi, mahallalar budjetiga 2026-yildan boshlab har yili 200 milliard so‘mdan ajratilishi mutlaqo to‘g‘ri va oqilona qaror bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki bu orqali mahallalarning moliyaviy mustaqilligi ta’minlanib, mahallalar infratuzilmasi yaxshilanadi va aholining turmush darajasi oshadi.
Videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan zalvorli vazifalar deputatlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Biz xalq vakillari mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va hududlarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishimiz va ularning ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatishimiz lozim bo‘ladi.
Anvarjon NURMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.